O‘zbekiston | 20:03 / 17.01.2024
7284
3 daqiqa o‘qiladi

2024 yildan «O‘zbekistonda yana bir kun sayohat» dasturi amalga oshiriladi

Unga ko‘ra, viloyatlararo turizm obektlarini o‘zaro bog‘lovchi «respublika turizm halqalari» hamda tuman va shaharlar o‘rtasida «hududiy turizm halqalari» tashkil etiladi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 yanvar kuni xorijiy turistlar oqimini oshirish hamda ichki turizmni faollashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi. 

Qayd qilinishicha, «Zomin», «Chimyon» va «Amirsoy» kabi kurort zonalari hamda ko‘ngilochar majmualarda xalqaro brendlar, milliy ipak matolari, suvenir, zargarlik mahsulotlari va oltin quymalar do‘konlari tashkil etiladi. Buning uchun 2027 yil 1 yanvargacha turizm markazlaridagi tadbirkorlarning yer va mol-mulk solig‘ini belgilangan miqdordan 90 foizga kamaytirish, 2026 yil 1 martgacha zargarlik va oltin mahsulotlari uchun kerak bo‘ladigan asbob-uskunalar va texnologiyalarni bojxona bojidan ozod qilish taklif etilmoqda. 

Shuningdek, joriy yildan boshlab, «O‘zbekistonda yana bir kun sayohat» dasturi amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, viloyatlararo turizm obektlarini o‘zaro bog‘lovchi «respublika turizm halqalari» hamda tuman va shaharlar o‘rtasida «hududiy turizm halqalari» tashkil etiladi. Turizm qo‘mitasi tomonidan turistik yo‘nalishlarning yagona reyestri yuritiladi. 

«To‘rt faslning har birida sayohat» dasturi amalga oshiriladi. Masalan, bahor va kuz fasllarida ekologik, ekstremal, tibbiy va sog‘lomlashtirish, yozda suv havzalari va oromgohlar, qishda ekstremal turizm va tog‘-chang‘i zonalarining imkoniyatlari targ‘ib qilinadi. Mazkur turizm mavsumlarining ochilishi uchun festivallar tashkil etiladi. 

Har ikki yilda may oyida mukofot jamg‘armasi 2 million dollar bo‘lgan Xalqaro «O‘zbekiston ipak matolari» moda haftaligi o‘tkaziladi. 

Mamlakatda turizm salohiyatini chet ellarda targ‘ib qilish uchun Turizm qo‘mitasining «turizm vakillari» instituti joriy etiladi. 

Shuningdek, hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash, tibbiyot turizmini rivojlantirish, turizm ta’limiga xalqaro tajribani joriy qilish choralari ko‘riladi. 

Hududlarda kemping, o‘tov, ekouy va xostellar, mehmonxonalarda basseyn qurish uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi. Sohadagi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mehmonxona va savdo majmualari, basseyn va akvaparklar uchun asbob-uskuna va jihozlar 2 yilga bojxona bojlari to‘lashdan ozod etiladi. 

Davlat rahbari bu takliflarni ma’qullab, ekoturizmni yanada keng rivojlantirish, nogironligi bo‘lgan shaxslar sayohati uchun ham zarur sharoitlarni yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Mavzuga oid