Hukumat “Paxtakor”ni nega xususiylashtirmoqchi?
“Paxtakor” futbol klubi va unga tegishli stadion sotuvga qo‘yilgach, bir kun o‘tib jarayon to‘xtatildi. Jamoatchilik tanqidlari fonida qabul qilingan qaror vaqtincha ekani aytilmoqda. Kun.uz muxbiri jarayon to‘xtatilishi ma’lum bo‘lmasidan oldin Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori o‘rinbosari Alisher Miraliyev bilan shu mavzuda suhbatlashgan edi. Quyida ushbu intervyu taqdim etilmoqda.
— “Paxtakor”ni sotish, va umuman boshqa ko‘plab xususiylashtirish jarayonlari nima sababdan ochiq auksion emas, eng yaxshi takliflarni tanlab olish yo‘li bilan o‘tkazilmoqda?
— “Paxtakor” klubi hozirgi kunda 100 foiz Toshkent shahar hokimligi ta’sischiligidagi munitsipial mulk hisoblanadi, ya’ni 100 foiz davlat tasarrufida. Osiyo futbol konfederatsiyasining futbol klublariga qo‘ygan talablari bor. Ulardan biri – bitta davlat tashkiloti birdan ortiq futbol klubiga ta’sischi bo‘lishi mumkin emas. Chunki bu raqobat muhitiga ta’sir qiladi, kelishilgan o‘yinlar bo‘lishiga olib kelishi mumkin, degan tavsiya va talablari bor. Bizda esa qariyb hamma futbol klublarimiz yo davlat, yo davlat ishtirokidagi korxonalar tasarrufida. Ya’ni hamma futbol klublarining ta’sischisi davlat bo‘lib qolyapti.
Shuning uchun bu sohada raqobat muhitini shakllantirish, bosqichma-bosqich xususiy sektorni jalb qilish maqsadida tegishli xususiylashtirish dasturlariga asosan barcha futbol klublarini bosqichma-bosqich xususiy sektorga berish rejalashtirilgan. Jahon tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, eng ilg‘or futbol klublari ham xususiy hisoblanadi. Ularning stadionlari ham o‘z balanslarida turadi. Angliyani oladigan bo‘lsak, hamma bilgan “Manchester Yunayted”, “Arsenal” yoki Germaniyadagi “Bavariya”, Italiyadagi “Milan” klublarining hammasida stadionlar shu klublarning egaligida. Futbol klublarining rivojlanishida ularning moddiy-texnik bazasi mustahkam bo‘lishi uchun bu muhim ahamiyatga ega.
“Paxtakor” klubi yirik aktiv bo‘lgani uchun, uning sohasi o‘ziga xos bo‘lgani uchun ochiq auksion emas, alohida shartlar va mezonlar belgilangan holda eng yaxshi taklifni tanlab olish uslubi tanlangan. Xaridorga keyinchalik ushbu klubning faoliyatini rivojlantirish, xalqaro darajaga ko‘tarish, uning balansidagi stadion va boshqa sport inshootlarining hammasini faqatgina sport musobaqalari va sport bilan bog‘liq bo‘lgan maqsadlar uchun foydalanish talabi qo‘yilyapti. Shu bilan birga, klub qoshidagi futbol akademiyasi faoliyatini saqlab qolib, uni ham rivojlantirish talabi ham bor.
Ertaga xaridor tomonidan bu talablar albatta bajarilishi kerak. Bajarmaslik shartnomaning bekor bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Xaridorni tanlab olishda shu sohani rivojlantirish bo‘yicha potensiali baholanadi. Tanlov ishtirokchilarining haqiqatan ham ertaga ushbu futbol klubini rivojlantirish salohiyatiga ega bo‘ladimi-yo‘qmi, ko‘rib chiqiladi. U belgilangan mezonlarga amal qilish kerak. Jamoatchilik xavfsirayotgan oqibatlarga olib kelmasligi kerak.
Xususiylashtirishning bu tartibi butun dunyoda yirik aktivlarni xususiylashtirishda qo‘llaniladi. “Profilli investor” deyiladi, yirik davlat aktivlari xususiylashtirilganidan keyin yanada rivojlanishi uchun salohiyatli va profilli, ya’ni shu sohadagi investor bo‘lishi kerak.
— Xususiylashtirish jarayonida davlat komissiyasi o‘zi uchun belgilab olgan minimum narx qiymati bormi? Aktivning bozor qiymati o‘zi qanchaga baholangan?
— Endi bu – jarayon. Takliflarni ko‘rib chiqish davrida, bu tanlovning bir nechta bosqichlari bor, bu bosqichlarda kelayotgan takliflarni inobatga olib... Albatta, hozirgi bozor qiymatidan kelib chiqib ishtirokchilarning takliflari ko‘rib chiqiladi.
— Minimum narxni ochiqlay olasizmi?
— Yo‘q, tanlov jarayonining o‘zining talablari bor. Har bitta jarayonda takliflar kelib tushishiga qarab turib, har bitta bosqichda e’lon qilib boriladi. Albatta, bozor qiymatiga qiyosiy olinadi. Ishtirokchining nafaqat tijoriy taklifi, yuqorida tanlovning asosiy shartlarini aytib o‘tdim, ana o‘sha shartlarga amal qilishi nuqtayi nazaridan ham baholanadi.
— Investorga “Paxtakor” stadionidan faqat sport yo‘nalishida foydalanish talabi qo‘yilyapti. Oldi-sotdi shartnomasi imzolangach, investor “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun va tegishli hukumat qarori asosida stadion maydonini ham xususiylashtirib olgan taqdirda, yuqoridagi talabning ijrosini ta’minlash bo‘yicha qanday huquqiy asos bo‘ladi?
— Shartnoma shartlari huquqiy asos bo‘ladi. Shartnoma shartlarida bu ko‘zda tutiladi.
— “Paxtakor”ni xususiylashtirish 2017 yildagi sotuvdan keyin uzoqqa bormadi. SFI guruhi klubning 80 foiz aksiyalari egasiga aylangan edi. Investor 5 yil davomida klubga 200 mlrd so‘m investitsiya kiritishi va yangi stadion qurishi kerak edi. 2019 yilda “Paxtakor” stadioni yopilib, yangi stadion qurilishi e’lon qilindi. Lekin 2021 yilga kelib klub yana to‘liq Toshkent shahar hokimligi balansiga o‘tdi. Bu – investor o‘z majburiyatlarini bajarmagani bilan bog‘liqmi?
— Shartnomaning o‘ziga yarasha talablari bo‘lgan. Shartnoma shartlari investor tomonidan belgilangan muddatlarda bajarilmagani sababli xususiylashtirish jarayonlari amalga oshirilmagan. Tegishli ulush hokimiyatning balansiga qaytarilgan.
Mavzuga oid
17:42 / 04.12.2024
«Paxtakor» budjeti 100 milliarddan oshadi». Ortiqxo‘jayev qoniqarsiz natija, yangi murabbiy, Cheran va rejalar haqida
12:00 / 04.12.2024
«Paxtakor» portugaliyalik yangi bosh murabbiyini tanishtirdi
22:20 / 25.11.2024
Toshkentda Askiya bozori hududi va binolari 16,8 mln dollar boshlang‘ich narx bilan sotuvga qo‘yildi
16:31 / 25.11.2024