JSST rahbari «X kasalligi» haqida ogohlantirdi
Aslida bunday kasallik yo‘q. Bu har qanday pandemiyani keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy kasallik uchun umumiy atamadir.
Dunyo kelajakdagi noma’lum kasalliklarga, xususan, «X kasalligi»ga tayyorlanishi kerak. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Gebreyyesus Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida ma’lum qildi. Bu haqda RBK yozdi.
JSST rahbari ijtimoiy tarmoqlarda «X kasalligi» tushunchasiga e’tibor kuchayganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «X kasalligi» har qanday noma’lum kasallik uchun atamadir. JSST bu atamadan 2018 yildan buyon ehtimoliy pandemiyaga tayyorgarlikni muhokama qilishda foydalanmoqda. Bu kasallik mashhur MERS, Zika va Ebola viruslari bilan bir qatorda istalgan vaqtda paydo bo‘lishi mumkin.
Dunyo uchun birinchi bunday zarba COVID-19 bo‘ldi, uni osongina birinchi «X kasalligi» deb atash mumkin va u «qayta sodir bo‘lishi mumkin».
«X kasalligi» ko‘pchilikning e’tiborini tortmoqda... Lekin bu yangilik emas, biz bu atamani birinchi marta 2018 yilda qo‘llagan edik... Noma’lum kasalliklar mavjud va ularning paydo bo‘lishi «agar» emas, balki faqat «qachon» degan savolni tug‘diradi», dedi Gebreyyesus.
«Nima bo‘lishi mumkinligini oldindan bashorat qilish va unga tayyorgarlik ko‘rish yaxshiroqdir. Biz bunday voqealarga tayyorgarliksiz duch kelmasligimiz kerak», deb ta’kidladi u.
Bunday tayyorgarliklar erta ogohlantirish tizimini, shuningdek, ko‘proq tibbiy maydon va xodimlarga shoshilinch ehtiyoj tug‘ilganda foydalanish mumkin bo‘lgan tizimlarni o‘z ichiga oladi.
Gebreyyesus aholi orasida vahima paydo bo‘lishi mumkinligi haqidagi bayonotlarga e’tibor qaratdi, ammo uning fikricha, bu noto‘g‘ri. Shu bilan birga, u JSST pandemiyadan oldin ham COVID-19 kabi virusning paydo bo‘lishiga tayyorgarlik ko‘rilganini qo‘shimcha qildi.
Shuningdek, u xalqaro hamjamiyatni kelajakdagi pandemiyalarga tayyorgarlik ko‘rish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi.
JSST yangi pandemiyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan patogenni o‘rganishni tezlashtirish uchun «X kasalligi»ni o‘zining ustuvor kasalliklar ro‘yxatiga kiritgan. Tashkilotning hisob-kitoblariga ko‘ra, uning o‘lim darajasi COVID-19 kasalligidan 20 baravar yuqori bo‘lishi mumkin.
RBK nashrining yozishicha, Jahon iqtisodiy forumida «X kasalligi» haqidagi bayonotlarning yangrashi ilmiy emas, balki iqtisodiy sabablarga ega. Bundan ayniqsa yirik farmatsevtika kompaniyalari manfaatdor, chunki ular «X kasalligi»ga «tayyorgarlik ko‘rish» maqsadida sarmoyalarni ko‘paytirish tarafdori.
Bundan tashqari, koronavirus pandemiyasidan so‘ng JSST global sog‘liqni saqlash arxitekturasini isloh qilish zarurligi g‘oyasini ilgari surishga harakat qilmoqda, kelajakdagi tahdidlarni asos sifatida ko‘rsatib, dunyoning ularga tayyor emasligi haqida gapirib, tashkilotni moliyalashtirishni ko‘paytirishga chaqirmoqda.
Mavzuga oid
16:59
Marburg virusi: JSST yangi global epidemiya xavfidan ogohlantirdi
00:28 / 19.09.2024
Dunyoda bir oy ichida qariyb 50 ming kishida vabo aniqlandi
13:54 / 18.09.2024
Koronavirusning yangi varianti XeC tarqalmoqda: u oldingilaridan qanday farq qiladi?
21:15 / 13.09.2024