Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qirg‘iziston qo‘shnilariga qancha suv kerak bo‘lsa, shuncha suv beradi – Sadir Japarov
Biz nafaqat o‘zimiz, balki qo‘shnilarimiz haqida ham qayg‘uramiz, dedi Qirg‘iziston prezidenti.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatda irrigatsiya, yangi stansiyalar qurilishi, qo‘shni davlatlarni suv bilan ta’minlash haqida gapirdi. U «Kabar» davlat agentligiga bergan intervyusida o‘z nuqtai nazarini bildirdi.
Unga ko‘ra, o‘tmishda qurilgan kunlik va o‘n kunlik nazorat hovuzlari tozalanmagan. Suv yetarli darajada saqlanmagani uchun dehqonlar sug‘orish mavsumida suv tanqisligini boshdan kechirdi.
«Bu yil hamma narsani tozalaymiz. Bundan tashqari, men butun mamlakat bo‘ylab yangi hovuzlarni qurish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdim. Ushbu hovuzlar birinchi navbatda quyi oqimdagi qo‘shnilarimiz uchun foydalidir. Sug‘orish mavsumida oqar suv bilan bog‘liq nizolar kelib chiqadi. Agar qishda hovuzlarda erigan suv yig‘adigan bo‘lsak, bahordan daryo suvi qo‘shnilarimizga to‘liq oqadi. Ya’ni avvalgidan ham ko‘proq suv oladi. Sug‘orish mavsumida fermerlarimiz hovuz suvlaridan, qo‘shnilarimiz esa oqar suvdan foydalanishi mumkin bo‘ladi», dedi Sadir Japarov.
Uning ta’kidlashicha, Qirg‘iziston qishda behuda oqayotgan suvdan samarali foydalanishga, bu bilan bahs-munozara keltirib chiqarmaslikka harakat qiladi.
«Oxirgi marta Bishkekni qanday suv bosganini ko‘rgansiz. Kundalik nazorat hovuzlari yo‘qligi sababli suv shaharga oqib, ko‘chalarni to‘ldirdi. Agar hovuz bo‘lsa, bu suvni tejash mumkin edi. Bu mamlakatimizning barcha hududlarida sodir bo‘lyapti. Qishda suv zaxirasini to‘ldira olsak, qo‘shnilarimizga ham yetarli bo‘lardi. Qo‘shnilarimizga qancha suv kerak bo‘lsa, shuncha suv beramiz. Shunday bo‘ladi», dedi davlat rahbari.
Misol tariqasida Japarov Qambarota GES-1 qurilishini keltirdi. Prezident ushbu stansiyadan qo‘shnilar ham suv resurslari ko‘rinishida foydalanishiga ishonch bildirmoqda. Qirg‘iziston faqat elektr energiyasidan foyda ko‘radi. Respublika sug‘orish va ichimlik suvi uchun Norin daryosi suvining atigi 1 foizidan foydalanadi. 99 foizi O‘zbekiston va Qozog‘istonga o‘tadi.
«Qambarota GES-1 qurib bitkazilgach, qishda elektr energiyasi ishlab chiqarish, sug‘orish mavsumida esa qo‘shnilarimizga To‘qto‘g‘ul GES hududida to‘plangan suvni yetarli miqdorda berish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Hozir qishda elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun To‘qto‘g‘ul GES quvvatidan foydalanyapmiz, yozda esa uni to‘xtatishga majburmiz. Chunki kelasi qish uchun suvni tejamasak, elektr energiyasiz qolamiz», dedi Sadir Japarov.
«Biz bu muammolarni hal qilish ustida ishlayapmiz. Biz nafaqat o‘zimiz, balki qo‘shnilarimiz haqida ham qayg‘uramiz. Biz abadiy qo‘shnimiz ekanmiz, eng muhim masalalar haqida o‘ylashimiz kerak. Va «suv boshida biz turibmiz, suv bermaymiz», deb bahslashish bema’nilik. Biz hammamiz qardosh xalqmiz, abadiy qo‘shnimiz va ko‘p jihatdan bir-birimizga bog‘liqmiz. Hammasini sanab o‘tirmayman, buni odamlarning o‘zi yaxshi biladi», deb xulosa qildi u.
Mavzuga oid
20:00 / 09.06.2026
“Markaziy Osiyoda xorijiy davlatlarning harbiy bazalariga ehtiyoj qolmagan” - siyosatshunoslar
12:20 / 04.06.2026
Qirg‘iziston ilk marta BMT Xavfsizlik Kengashi tarkibiga saylandi. O‘zbekiston qardosh xalqni tabrikladi
18:57 / 31.05.2026
Japarov Atamboyev ma’muriyatining sobiq rahbarini afv etdi
19:57 / 30.05.2026