Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xitoyda ko‘chki: sakkiz kishi halok bo‘lib, o‘nlab kishilar vayronalar ostida qolgan
Qutqaruv amaliyotiga shaxsan bosh vazir o‘rinbosari rahbarlik qilmoqda.
Foto: Getty Images
Xitoy janubi-g‘arbidagi Yunnan provinsiyasida kamida 47 kishi ko‘chki tufayli vayronalar ostida qolib ketgan. Loy va toshlar ostidan sakkiz kishi chiqarib olingan, qolganlarning taqdiri hozircha noma’lum.
Xitoy rahbari Si Jinping barcha zarur resurslarni jalb etgan holda keng ko‘lamli qutqaruv amaliyoti o‘tkazishni buyurgan.
Fojia joyiga bosh vazir o‘rinbosari Chjan Guoqing rahbarligidagi ishchi guruh yuborilgan, u qidiruv ishlariga shaxsan boshchilik qiladi.
Ko‘chki mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 6 atrofida ro‘y bergan.
Bu hodisa ro‘y bergan Chjaotong regioni tog‘li hududda joylashgan. Yilning bu vaqtida u yerda harorat noldan past darajaga tushadi, shunday ekan, odamlar muzlagan tosh qatlami ostida qolishgan.
«Juda kuchli shovqin bo‘ldi va yer zilziladagi kabi silkindi», — deydi jurnalistlarga jabrlangan qishloqda yashovchilardan biri.
Mahalliy aholi vakillaridan yana birining so‘zlariga ko‘ra, ko‘chki vaqtida uylarda asosan bolalar va qariyalar bo‘lgan.
CCTV davlat telekanali tuproq va toshlar uyumi ostidan yana ikki kishining jasadi topilgani haqida xabar bergan, ammo hozircha tafsilotlar yo‘q.
Ijtimoiy tarmoqlarga guvohlar tomonidan joylashtirilgan kadrlarda qorli tog‘ cho‘qqilari fonida qutqaruvchilar xarobalarni tozalash ishlari bilan mashg‘ulligini ko‘rish mumkin.
Uylarning xarobalar orasidan odamlarning buyumlari va ro‘zg‘or anjomlari olib chiqilmoqda.
Yunnan provinsiyasida ko‘chki va suv toshqinlari tez-tez ro‘y berib turadi.
2013 yil yanvarida xuddi shu regiondagi qishloqlardan birida ko‘chki oqibatida kamida 18 kishi halok bo‘lgandi.
Mavzuga oid
18:05 / 07.05.2026
Xitoyning sobiq mudofaa vazirlari o‘lim jazosiga hukm qilindi
22:17 / 06.05.2026
Shavkat Mirziyoyev Xitoy zavodidagi fojia munosabati bilan Si Jinpingga hamdardlik bildirdi
09:22 / 06.05.2026
Xitoy 78 milliard tup daraxt ekdi, ammo endi buning salbiy oqibatlarini ko‘rmoqda
09:17 / 05.05.2026