22:34 / 02.02.2024
10062

O‘zbekiston tarixidagi eng iliq yanvar qayd etildi 

Me’yordan yuqori bo‘lgan harorat deyarli oy davomida saqlanib turdi. 

Foto: Kun.uz

2024 yilda O‘zbekiston tarixidagi eng iliq yanvar qayd etildi, deb xabar berdi «O‘zgidromet». 

Qayd qilinishicha, sovuq havo ikki marta (oyning o‘rtasida va oxirgi besh kunligida) kuzatildi. O‘rtacha oylik havo harorati iqlim me’yoridan 3-4 darajaga, shimolda 1-2 darajaga yuqori bo‘ldi. 

Hududning katta qismida (respublikaning shimolidan tashqari) 2024 yil yanvar oyi meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng iliq yanvar oylari uchligiga kirdi. 

Eng iliq kunlarda havo 15-18 daraja, janubda 19-22 daraja, shimolda 10-12 darajagacha isidi. Yanvar oyidagi eng yuqori harorat 20-25 daraja, janubda 24-27 daraja, shimolda 13-16 daraja bo‘lgan qiymatlari 2002, 2007 va 2021 yillarda kuzatilgan. 

Oyning ikkinchi o‘n kunligida sovuq Arktika havosining kirib kelishi hisobiga havo harorati kechalari 17-22 darajaga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Samarqand, Sirdaryo, Jizzax va Andijon viloyatlarida ba’zi joylarda 25-29 darajaga pasaydi.

Yanvar oyida respublika hududida yog‘ingarchilik juda notekis bo‘ldi. Me’yorga nisbatan eng kam yog‘ingarchilik Farg‘ona vodiysi viloyatlarida (me’yordan 50 foiz kam), Xorazm va Buxoro viloyatlarida esa (me’yordan 200 foiz ko‘p) eng ko‘p bo‘ldi. 

Respublikaning tekislik hududlarida yog‘ingarchilik aralash ko‘rinishda kuzatildi, ammo barqaror qor qoplami shakllanmadi. Qorning qalinligi 5-7 santimetrdan ko‘p bo‘lmadi, qor qoplamining davomiyligi bir kundan uch kungacha kuzatildi. Respublikaning janubi va Farg‘ona vodiysining tekislik hududlarida umuman qor qoplami hosil bo‘lmadi. 

Qor qoplamining eng uzoq davomiyligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi shimolida, Xorazm viloyatining ba’zi joylarida va Navoiy viloyati cho‘l hududlarida 15-20 kun kuzatildi. Bunda qorning qalinligi 10-12 santimetrga yetdi. 

Tog‘li hududlarda qor qoplami oy davomida saqlanib turdi. Toshkent, Qashqadaryo va Namangan viloyatlari tog‘larida oy oxiriga qor qalinligi 40-80 santimetrni, baland tog‘larda 100-120 santimetrni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkichlar o‘rtacha ko‘p yillik va o‘tgan yilgi qiymatlarga mos bo‘ldi.

Mavzuga oid
Top