Suv tekin emas, suvni birgalikda tejaylik
Suv tanqisligi bugun o‘ylanishga majbur qiladigan masalaga aylandi. 2030 yilda O‘zbekistonda suv resurslari tanqisligi kuzatilishi mumkin. Suvning qadrini yo‘qotayotgan “Suv tekin” tushunchasining oqibatlarini o‘ylashning o‘zi qo‘rqinchli.
Bu muammoni bartaraf etish uchun davlat rahbarining tashabbusi bilan Agrobank, Suv xo‘jaligi vazirligi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti milliy tadqiqot universiteti hamkorligida “Suvchilar maktabi” loyihasini boshlagan edi.
Dehqon-fermerlar uchun ayni mavsum boshlanishi oldidan ana shu loyihaning 2-bosqichiga start berildi.
Bunda o‘qitishning birinchi bosqichi tinglovchilarning, asosan, suvdan foydalanish madaniyatini oshirish va suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bilan bog‘liq malakasini oshirishga qaratilgan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda aniq amaliy tadbirlarga urg‘u berish rejalashtirilgan.
Agrobank boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Erkin Kaxorov “Suvchilar maktabi”ning asosiy maqsadi “Suv tekin” tushunchasidan voz kechilishida ekanligini ta’kidladi:
“Loyihada prezidentimizning “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali aholi ongida shakllangan “Suv tekin” tushunchasidan voz kechish hamda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini kengaytirilgan tartibda joriy etishni davom ettirish maqsadida chuqurlashtirilgan dasturlar tashkil etilmoqda” - dedi Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari.
Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Rustam Qarshiyev loyihaning samarasi yaqin kunlarda natija berishini ta’kidladi:
“Bu bosqichda shu yil oxirigacha 10 ming nafar fermer, 4 mingga yaqin suv xo‘jaligi xodimlari, 1,5 mingdan ortiq quruvchi va pudrat korxonalari xodimlari va loyihachilarini o‘qitamiz” - dedi vazir o‘rinbosari.
Loyihaning samarali bo‘lishi barcha daxldor tashkilotlar tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, barcha hududlarda maxsus shtablar tashkil etilgan.
Ma’lumot uchun, maktabni tashkil etishda Turkiya, Ispaniya, Xitoy davlatlari tajribalari o‘rganildi hamda ushbu davlatlardan xorijiy mutaxassislar jalb qilinib, o‘quv dasturlari ishlab chiqildi.
Ikkinchi bosqichni yanada takomillashtirgan holda nazariy va amaliy bilimlar berib boriladi. Agrobank tomonidan Respublikaning 13 ta hududida zamonaviy o‘quv xonalari hamda ilg‘or suv tejovchi texnologiyalar qo‘llangan tajriba maydonlari tashkil etildi.
O‘quv dasturlari ishlab chiqish va dars berish jarayonlariga 150 nafar professor o‘qituvchilar (shundan 30 nafar Turkiya, Ispaniya, Xitoylik ekspertlar) tanlov asosida jalb qilindi.
O‘quv kurslari ikkinchi bosqichi 2024–2030 yillarda 60 ming nafar fermer xo‘jaliklari chuqurlashtirilgan holda o‘qitishga mo‘ljallangan bo‘lib, har yili 10 ming nafar fermerlarning amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan bo‘ladi.