Xorijdan avtomobil importi 2,4 barobarga oshdi
2023 yil 1 yanvardan boshlab ishlab chiqaruvchining dileri bo‘lmagan shaxslarga ham yangi avtomobil olib kirishiga ruxsat berilgach, o‘tgan yili 2022 yilga nisbatan 2,4 barobar ko‘proq yengil avtomobil import qilindi. Xitoydan import 5,2 barobarga o‘sib, xorijdan olib kelinayotgan har 10 ta avtomobildan 8 tasi shu mamlakat hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
2023 yilda O‘zbekistonga 73 204 ta yengil avtomobil import qilingan. Bu – 2022 yilgi ko‘rsatkich (30 388 ta)dan 2,4 barobarga yuqori. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.
Taqqoslash uchun, yengil avtomobil importining o‘sishi 2022 yilda 12,7 foiz, 2021 yilda esa 5,2 foiz bo‘lgan.
Taxmin qilish mumkinki, o‘tgan yili kuzatilgan 240 foizlik o‘sish – yangi avtomobillarni faqat ishlab chiqaruvchining dilerlari import qilishi mumkinligi haqidagi talab bekor qilingani bilan bog‘liq. Bu cheklov 2023 yil 1 yanvardan boshlab olib tashlangach, rasmiy dilerlar bilan birgalikda, ko‘plab importyorlar va hatto jismoniy shaxslar ham xorijdan avtomobil olib kelib sota boshladi.
2023 yilda ko‘zga tashlangan yana bir yoqqol tendensiya – avtomobil importida Xitoyning ulushi 2022 yildagi 36,9 foizdan o‘tgan yili 79,3 foizga yetgan. Xitoydan olib kelingan avtomobillar soni bir yilda 5,2 barobarga oshgan.
2023 yilda O‘zbekistonga eng ko‘p avtomobil yetkazib bergan davlatlar – Xitoy (58 076 ta), Koreya Respublikasi (11 481 ta) va AQSh (2 210 ta) bo‘ldi.
O‘zbekistonga yengil avtomobillar importi
Mamlakatlar | 2021 | 2022 | 2023 |
Xitoy | 8 880 | 11 159 | 58 076 |
Koreya Respublikasi | 6 472 | 9 414 | 11 481 |
Rossiya | 4 539 | 1 499 | |
Qozog‘iston | 4 470 | 7 208 | |
Polsha | 1 204 | ||
AQSh | 490 | 555 | 2 210 |
Litva | 428 | ||
Tailand | 250 | ||
Germaniya | 115 | 125 | 228 |
Yaponiya | 97 | 157 | 419 |
BAA | 128 | 64 | |
Hongkong | 454 | ||
Hindiston | 65 | ||
Buyuk Britaniya | 49 | ||
Boshqa mamlakatlar | 122 | 143 | 158 |
Jami | 27 067 | 30 388 | 73 204 |
Qiymati | $588,2 mln | $1,8 mlrd |
Statistika agentligi ma’lumotlari Koreyadan ham yengil avtomobil importi ortib borayotganini ko‘rsatyapti. Xususan, bu davlatdan 2021 yilda 6472 ta, 2022 yilda 9414 ta, 2023 yilda esa 11481 ta yengil avtomobil olib kelingan. O‘tgan yili koreys inomarkalarining importdagi ulushi 15,6 foizni tashkil qilgan.
Qozog‘iston va Rossiya asosiy ro‘yxatdan chiqib ketib, “boshqa mamlakatlar” qatoriga qo‘shilgan; AQSh esa o‘z o‘rnini mustahkamlab boryapti.
Umuman, prezident matbuot xizmatining 2024 yil 6 fevraldagi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi 3 yilda O‘zbekistonda elektromobillar sotuvi 10 barobar ko‘paygan. 2023 yilda import qilingan avtomobillarning 35 foizini elektromobillar va gibridlar tashkil qilgan.
Avvalroq, “inomarka”larning faqat dilerlar tomonidan sotilishi tartibi qayta tiklanishi mumkinligi xabar qilingandi..
Mavzuga oid
11:25 / 23.12.2024
Xitoyda 2024 yilning eng yaxshi avtomobillari e’lon qilindi
10:56 / 22.12.2024
2024 yil 11 oyda qancha yengil avtomobil ishlab chiqarilgani ma’lum qilindi
15:01 / 17.12.2024
Andijonda fuqarolarning mashinalarini ijaraga olib, ularni yo‘q qilish bilan shug‘ullangan yirik uyushgan guruh ustidan sud boshlandi
21:48 / 23.11.2024