Jahon | 20:30 / 09.02.2024
15059
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya prezidenti saylovida 4 nomzod ishtirok etadi 

Markaziy saylov komissiyasi Rossiya prezidenti saylovi uchun byulleten matnini tasdiqladi. 

Foto: TASS

Rossiya Markaziy saylov komissiyasi (MSK) 15—17 mart kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Rossiya prezidenti saylovi uchun byulleten matnini tasdiqladi. 

2008 yildan beri birinchi marta saylov byulletenida atigi to‘rt nafar nomzod bo‘ladi. Saylov byulleteniga amaldagi prezident Vladimir Putindan tashqari «Yangi odamlar» partiyasidan Vladislav Davankov, Rossiya Liberal-demokratik partiyasidan Leonid Slutskiy va Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasidan Nikolay Xaritonov kiritilgan. 

Saylov byulletenida nomzodlar alifbo tartibida joylashtirilgan bo‘lib, ular qayerda va kim bo‘lib ishlayotgani, nomzodi kimlar tomonidan ko‘rsatilgani kabi ma’lumotlar bor. Agar nomzod o‘zining partiya a’zosi ekanini ko‘rsatgan bo‘lsa, saylov byulletenida partiyaning nomi va nomzodning partiyadagi maqomi ko‘rsatilgan. 

Har bir nomzodga saylov byulletenining teng qismlari ajratilgan. Shu bilan birga, Rossiyaning amaldagi prezidenti Vladimir Putin boshqa nomzodlar orasida sezilarli darajada ajralib turadi: u haqidagi ma’lumotlar ikki qatorda, qolganlari haqida esa sakkiz-to‘qqiz qatorda joylashgan. Bunga Meduza nashri e’tibor qaratdi. 

MSK allaqachon 2018 yilgi saylovlarda Vladimir Putin ajralib turadigan saylov byulletenidan foydalangan edi. Shunda komissiya rahbari Ella Pamfilova «hamma narsa qonun bo‘yicha aniq» dedi. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid