Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Netanyahuga «yashil chiroq», cho‘ktirilgan Rossiya kemasi va Trampning migrantlar uchun tahdidli va’dalari - kun dayjesti
Dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning muxtasar sharhi bilan odatdagidek kundaligimizda tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
G‘azo sektorining Misr bilan chegaradosh janubiy qismidagi Rafah shahriga Isroilning bostirib kirishiga Bayden administratsiyasi aftidan «yashil chiroq» yoqqanga o‘xshaydi. Politico nashrining xabariga ko‘ra, AQSh prezidenti Jo Bayden administratsiyasining Rafahga kutilayotgan hujum natijasida tinch aholi o‘rtasida qurbonlarning oldini olish talabiga Isroil rioya etmagan taqdirda ham Binyamin Netanyahu ta’qib qilinmaydi.
Nashr Oq uydagi uchta mustaqil manbadan ma’lumot keltirgan, unga ko‘ra, hech qanday tanbeh berish rejasi ishlab chiqilmayapti, bu esa Isroil kuchlari shaharga kirib, oqibatlardan qo‘rqmasdan tinch aholiga bemalol zarar yetkazishi mumkinligini anglatadi.
Amerikalik demokrat senator Kris Van Hollen Senat yig‘ilishida Isroilni G‘azo sektorida sodir etilgan harbiy jinoyatlarda aybladi.
«G‘azodagi bolalar o‘lmoqda. Bu — harbiy jinoyat. Bu esa uni tashkillashtirayotganlarni harbiy jinoyatchilarga aylantiradi. AQSh bu holda nima qilishi kerak? Biz nima qilishimiz kerak? Prezident Bayden nima qilishi kerak? Prezident sodir bo‘layotgan voqealarga qarshi choralar ko‘rishi kerak?» — degan siyosatchi.
Niderlandiya sudi Isroilning F-35 harbiy samolyotlariga ehtiyot qismlar yetkazishni to‘xtatish haqida qaror chiqardi.
«F-35 uchun eksport qilinayotgan butlovchi qismdan xalqaro humanitar huquqning jiddiy buzilishi uchun ishlatishi tahdidi borligini rad etib bo‘lmaydi», — deyilgan sud qarorida.
Qizil dengizdagi vaziyat
Qizil dengizdagi krizis yuk tashuvchi kemalarni sug‘urtalash narxining keskin oshishiga olib kelgan.
Husiychilarning muntazam hujumlari natijasida Qizil dengizda vaziyat taranglashgach, Suvaysh kanali orqali kemalarning tranzitiga zarar yetgan va bu global inqirozni keltirib chiqargan. Bu yo‘nalish dengiz tashuvlarining bosh arteriyasi hisoblanadi va dunyodagi savdoning 12 foizi shu yerga to‘g‘ri keladi.
So‘nggi ikki oy ichida Suvaysh kanali orqali jahon savdo hajmlari 42 foizga tushib ketgan, kemalarni sug‘urtalash narxi esa 10 barobarga oshgan, bu esa inqirozni yanada qizitgan.
Bu vaziyat Isroilda ham jiddiy tashvish keltirib chiqarmoqda, chunki ularning savdo-sotig‘i Suvaysh kanali bilan bog‘liq.
Bundan tashqari Qohiraning Suvaysh kanali orqali kemalar tranzitidan oladigan tushumi ham yanvar oyida ikki barobarga qisqarib, 428 mln dollargacha tushib ketgan.
Ukrainadagi urush
Ukrainadagi urushni muzlatish masalasini Rossiya prezidenti Vladimir vositachilar orqali AQShga taklif etgan, biroq muzokaralar barbod bo‘lgan, deb xabar beradi Reuters agentligi.
Agentlik manbalariga ko‘ra, 2023 yilda Putin Yaqin Sharqdagi arab hamkorlari orqali hozirgi chegaralarda mojaroni muzlatishni taklif qilgan, biroq okkupatsiya qilingan Ukraina hududlaridan voz kechishni istamagan. Amerikaliklar o‘t ochishni to‘xtatishni Ukrainasiz muhokama qilmasliklarini, Ukrainaga bosim o‘tkazmasliklarini bildirishgan.
Ya’ni Amerika Putinning shartlariga ko‘nmasdan, Ukrainani harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.
Rossiya Qora dengizdagi yana bir harbiy kemasidan ayrilgani xabar qilindi. «Tsezar Kunikov» katta desant kemasi 14 fevral tongida Ukraina bosh razvedka boshqarmasining dengiz dronlari hujumiga duchor bo‘lib cho‘ktirilgan. Kema ekipaji omon qolgani aytilmoqda.
«Ukraina qarshi hujumga o‘tishni yig‘ishtirib, mudofaa operatsiyalarini o‘tkazishga o‘tgan», degan Ukraina qurolli kuchlarining yangi bosh qo‘mondoni Sirskiy.
«Askarning joni — bosh qadriyatimiz. Butun shaxsiy tarkibni qurbon qilib yuborish o‘rniga qandaydir pozitsiyadan chekinishga doim tayyor bo‘lganman», — degan Sirskiy.
Sirskiy 2014 yildayoq Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urush uzoqqa cho‘zilishini bilgan.
Uning aytishicha, Rossiya 3 oktyabrdan buyon hujumga o‘tgan. Rossiyaning urushdagi yo‘qotishlari ukrainlarnikidan 7-8 barobar ko‘proq, chunki rossiyalik komandirlar «zambarak yemi shturmlari» taktikasidan ko‘proq foydalanishadi.
«Biz urushni o‘z chegaralarimizga chiqish bilan tugatishimiz kerak. Boshqa variantlar ko‘rib chiqilmayapti, chunki boshqa variantning o‘zi yo‘q», — degan Sirskiy.
Ekspertlar Rossiya omborlardan eski tanklarni chiqarib, bemalol yana uch yil urushga turib bera olishi mumkinligini aytishmoqda, deb yozadi Reuters.
2022 yilning fevralidan buyon Rossiya Ukrainada 3 mingdan ortiq tanklaridan ayrilgan. Bu urushgacha bo‘lgan arsenalga teng. Biroq ular sifatni son bilan almashtirishga muvaffaq bo‘lishgan. Military Balance nashri ma’lumotiga ko‘ra, hozir Rossiyaning 1750 ta asosiy jangovar tanklari bor. Yana 4 mingdan ortiq tanklar omborlarda saqlanmoqda.
Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel saylovdan keyin Putin Ukrainaga yangi hujum boshlashini ta’kidlab o‘tdi.
«Rossiyadagi saylovlar o‘tib olgach, Ukrainaga yana bir yirik hujum uyushtirishi mumkin», — degan Borrel Kiyevga tashriflari yakunlariga ko‘ra.
Shu sabab Borrel qo‘hna qit’a davlatlarini Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga chaqirgan.
«Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlar yaqin oylar ichida Ukrainaga Rossiya bosqiniga qarshi turish uchun qanchalik vositalar taqdim etishi Ukraina uchun ham, Yevropa Ittifoqi xavfsizligi uchun ham muhim ahamiyatga ega bo‘ladi», — degan Borrel.
Ukrainaga yordam
AQSh senati Ukrainaga harbiy yordam loyihasini qabul qildi. Biroq hali qonun loyihasi Vakillar palatasi tasdig‘idan ham o‘tishi kerak.
13 fevral kuni AQSh senati Ukraina, Isroil va Tayvanni qo‘llab-quvvatlash uchun 95 mlrd dollar ajratish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Bu yordamning katta qismi — 61 mlrd dollari Ukraina uchun mo‘ljallangan.
Endi loyiha Vakillar palatasiga kongressmenlar ko‘rib chiqishi uchun jo‘natiladi. Demokratlar soni ko‘pchilik bo‘lgan Senatdan osongina o‘tgan loyiha trampchi-respublikachilar soni ko‘p bo‘lgan Vakillar palatasidan o‘tishi qiyin bo‘ladi. Palata spikeri, respublikachi Mayk Jonson loyiha ovozga qo‘yish uchun olib chiqilmasligi haqida «aniq signallar jo‘natmoqda», deb yozadi The Hill nashri.
Eslatib o‘tamiz, respublikachilar yordam paketida AQShning Meksika bilan chegarasini mustahkamlash uchun ajratilgan mablag‘ ham bo‘lishini istashmoqda.
Ukrainaga harbiy yordam berishga oshiqayotgan AQSh Kiyev 2024 yilda NATOga taklif etilmasligini ta’kidladi.
Ukraina joriy yilda NATOga taklifni kutmasligi kerak, degan AQShning shimoliy alyansdagi elchisi Julianna Smit. «Men bu bosqichda alyans taklifnoma yuborishini kutmayapman», — degan Smit NATOning iyul oyida Vashingtonda o‘tadigan sammitiga ishora qilib.
O‘tgan yili Litvada bo‘lib o‘tgan sammitda NATO yetakchilari Ukrainaning kelajagi shimoliy alyansda ekanini qayd etgan, biroq taklifnoma jo‘natish yoki a’zolik muddatini belgilash bilan mashg‘ul bo‘lishmagan.
Rheinmetall direktori Armin Papperger Ukrainaga Germaniyada ishlab chiqarilayotganidan uch barobar ko‘proq snaryadlar kerakligini ta’kidlab o‘tgan.
Germaniyadagi eng yirik mudofaa konserni Ukraina qurolli kuchlarining ehtiyojlarini qoplay olmaydi. Chunki Ukrainaga yiliga 2 mln snaryad kerak, Rheinmetall esa hali kelgusi yilga borib yillik ishlab chiqarish hajmini 700 mingga chiqara oladi, deb yozadi Bild.
Darvoqe, Rossiya neftiga joriy etilgan narx chekloviga rioya etmasdan, uning neftini tashiyotgan flotiga AQSh tomonidan qo‘llanilgan sanksiyalar ish bera boshlagan: tankerlarning teng yarmi neft tashishni bas qilgan.
Bloomberg nashrining qayd etishicha, hali to‘liq manzara aniq ems. AQSh moliya vazirligi tankerlarga sanksiyalarni paketlarga bo‘lib joriy qilmoqda. 18 oktyabrdan buyon sanksiyaga uchragan 50 tankerdan 18 tasi yuk tashishda davom etmoqda.
Trampning va’dalari
Yana AQSh prezidenti etib saylanish uchun kurashayotgan Donald Tramp agar shu yilning noyabr oyida o‘tadigan saylovlarda g‘olib chiqsa AQShdan millionlab nolegal migrantlarni deportatsiya qilishni rejalashtirmoqda, deb yozadi Axios nashri.
Tramp bu rejasini amalga oshirish uchun barcha idoralarni ishga solmoqchi va chegaralarda deportatsiyani kutayotganlar uchun obektlar qurmoqchi.
Shuningdek, Tramp agar prezident bo‘lib qolsa NATO budjetiga yetarli mablag‘ o‘tkazmayotgan alyans a’zolarini Rossiya agressiyasidan himoya qilmasligini ham ta’kidlab o‘tgan.
AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden bu gaplari uchun Trampni Putin oldida qulluq qilayotganlikda aybladi.
«AQShning sobiq prezidenti shu gaplarni aytayotganini tasavvur qila olasizmi? Butun dunyo buni eshitdi. Eng dahshatlisi shundaki — u bu gaplarni jiddiy ohangda aytmoqda. Tariximizda birorta prezident Rossiya diktatori oldida qulluq qilmagan», — degan Jo Bayden.
Mavzuga oid
14:41
G7'da ko‘tarilgan masalalar va Rossiya neft sanoatini nishonga olayotgan Ukraina – kun dayjesti
15:42 / 16.06.2026
AQSh va Rossiyada bombardimonchilar quladi, Shvetsiyada muhojirlar uchun yangi tartib – kun dayjesti
13:51 / 15.06.2026
AQSh-Eron dastlabki kelishuvi va Britaniya qo‘lga olgan Rossiya tankeri – kun dayjesti
14:40 / 12.06.2026