11:29 / 14.02.2024
8222

Oltinko‘l tumaniga yangi hokim tayinlandi

Otavulloxon Rasulov Oltinko‘l tumani hokimi etib tayinlandi. Bungacha tumanga hokimlik qilgan Muhammadmuso Obidov prezident topshirig‘iga ko‘ra lavozimga loyiqligi ko‘rib chiqilib, ishdan olingandi.

Foto: Andijon viloyati hokimligi

Rasulov Otavulloxon Abdulahadovich Andijon viloyati hokimi qaroriga asosan Oltinko‘l tumani hokimi lavozimiga tayinlangan. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Otavullaxon Rasulov 1987 yili Paxtaobod tumanida tug‘ilgan. 2011 yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasini tamomlagan.

Mehnat faoliyati davomida tuman hamda viloyat moliya tizimlarida mutaxassis, rahbar, shuningdek, tuman hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

U ushbu lavozimga tayinlanguniga qadar Andijon viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari - mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

2022 yil may oyidan buyon Oltinko‘l tumaniga hokimlik qilib kelgan Muhammadmuso Obidov oldinroq prezident topshirig‘iga ko‘ra lavozimga loyiqligi ko‘rib chiqilib, ishdan olingandi.  

Mavzuga oid
Top