“Propagandachilarning gaplari Kremlning rasmiy pozitsiyasi emas deb hisoblayman” - Sherzodxon Qudratxo‘ja
Milliy media assotsiatsiyasi raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja rossiyalik propagandachilarning O‘zbekistonga qaratilgan gaplari Kremlning rasmiy pozitsiyasi emas deb hisoblashini ta’kidlab, Rossiyada bunday chiqishlarning oqibatlarini tushunadigan aqlli doiralar borligiga ishonishini aytdi.
O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida davlat tiliga munosabat va O‘zbekiston–Rossiya munosabatlari haqida fikr bildirdi.
U qaysi davlatga borsa, o‘sha davlatning tilida gapirishga harakat qilishini aytib, buni O‘zbekistondagi holat bilan taqqosladi.
«O‘zbekistonda o‘nlab yillar yashayotgan insonlar o‘zbek tilida gapirishni istashmaydi. Balkim bu kimgadir yoqmas, lekin men buni yo ahmoqlik, yo o‘zbeklarga nisbatan mustamlakachi va kibrli munosabat deb hisoblayman. Bunda o‘zbeklarning ham aybi bor. Biz juda yumshoqmiz, xushmuomalamiz, kimdir kelsa o‘z tilimizni unutamiz. Turklarda, koreyslarda bunaqasi yo‘q», – dedi Sherzodxon Qudratxo‘ja.
«Men boshoqni poyadan yoki Vladimir Vladimirovich [Putin] ko‘p takrorlaganidek, pashshani kotletdan alohida ajratmoqchiman.
Bizning Rossiya bilan aloqalarimiz juda yaxshi. Ikki mamlakat prezidentlari orasidagi munosabat ham. Bizning mamlakatlarimiz o‘rtasida strategik sheriklik haqida shartnoma bor. Biz juda ko‘p masalalar bo‘yicha birgalikda ish olib boramiz, mamlakatlarimiz geografik va hududiy jihatdan bir-biriga juda yaqin, Rossiya – O‘zbekistonning geosiyosiy hamkori.
[Rossiya TVsida O‘zbekiston sha’niga bo‘lmag‘ur gaplarni] gapirayotganlarning gapi Kremlning rasmiy pozitsiyasi emas deb hisoblayman. Bu hukumatning rasmiy pozitsiyasi emas. Rossiyani Yevropaga xos davlat deb hisoblayman va sharq odami sifatida tushunmayman, nega rasmiy hokimiyat Smolin, Prilepin kabilarga teleefirga chiqib o‘zbek millati bo‘lmagan, Qozog‘istonning shimoliy hududlari bizniki, bu narsa bizniki, deb gapirishga sharoit yaratadi.
Bugungi vaziyatda Rossiyaga bunday bayonotlar bilan chiqish manfaatli emas. Siyosatshunos sifatida shuni aytmoqchimanki, agar Rossiyaning psevdo-ilmiy doiralari kelgusida ham o‘zining hamkorlariga shunday munosabatda bo‘laversa, bu MDHning darz ketishiga olib keladi va MDH muloqot uchun ishonchli platforma sifatida formal ko‘rinishga kelib qoladi va katta ehtimol bilan kelajakda yo‘qlikka yuz tutadi.
Lekin men Rossiyada aqlli doiralar bor deb hisoblayman, vaziyatning bunday tus olishidan ular manfaatdor emas, shu sababli mana shunday insonlar efirga chiqib, do‘stona davlatlar manziliga akkilashiga yo‘l qo‘ymaslik kerak», – dedi u.
Sherzodxon Qudratxo‘ja O‘zbekiston avvalgi O‘zbekiston emasligini qo‘shimcha qildi.
«So‘nggi yillar ichida keskinishlar bo‘ldi. O‘zbekiston – juda ko‘plab xalqaro tashkilotlarning a’zosi. Ularning orasida menga eng ma’qul keladigani – Turkiy davlatlar tashkiloti. Bu juda ulkan platforma, mamlakatlarning umumiy YaIMi 2 trillionga yaqin, 170 mlnga yaqin aholi yashaydi. O‘zbekiston JST a’zosi bo‘lmoqchi. Vo‘pvektorli, vazmin va oqil siyosat olib bormoqda», – deya ta’kidladi jurnalist.
Mavzuga oid
15:10 / 09.11.2024
Rossiyada kartoshka va sariyog‘ narxi ko‘tarilishda davom etmoqda
14:30 / 09.11.2024
Zelenskiy RF bilan xavfsizlik kafolatlarisiz sulh tuzishni rad etdi
13:49 / 09.11.2024
Rossiyaga o‘qish maqsadida rekord darajada KXDR fuqarolari kirib keldi
13:14 / 09.11.2024