“Revolver asosida 10 yil muddatga 100 mln dollar ajratilyapti” – “O‘zAgrolizing” AJ texnika yetkazib berishdagi yangi mexanizmlar
Dehqonlarni yangi agrotexnologiyalarga o‘qitib, hosildorlikni paxtada 50 sentner, g‘allada 100 sentnerga yetkazish reja qilingan. Bu borada qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va eng zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash ustuvor vazifa. Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda e’tibor qaratilgan ayni shu masalalar yuzasidan “O‘zAgrolizing” AJ boshqaruv raisi Nodir Otajonov o‘z insaydlari bilan bo‘lishdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 12 fevral kuni qishloq xo‘jaligida ishga solinmagan yangi zaxiralarni safarbar etish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda yer va suv resurslari cheklangan sharoitda yangicha ishlab, mahsulotni ko‘paytirish, sohaga sanoat muhitini olib kirish zarurligi ta’kidlandi. Ma’lum qilinishicha, yurtimizda bir gektar maydondan olinadigan o‘rtacha hosil ilg‘or mamlakatlardagiga qaraganda kam. Lekin o‘g‘it ham, yoqilg‘i ham, suv ham 2 karra ko‘p ishlatiladi. Shu bois, xorijdan serunum chigit va urug‘lar olib kelib, dehqonlarni yangi agrotexnologiyalarga o‘qitib, hosildorlikni paxtada 50 sentner, g‘allada 100 sentnerga yetkazish mumkinligi tilga olindi.
Aytish joiz, bu borada mexanizatsiyalash jarayoni muhim, xususan, fermer hamda qishloq xo‘jaligi sohasi vakillariga eng zamonaviy texnikalarni yetkazib berish ustuvor vazifadir. Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ayni shu masalalarga e’tibor qaratildi. Yangi joriy etilayotgan tizim va imkoniyatlar yuzasidan “O‘zAgrolizing” AJ boshqaruv raisi Nodir Otajonov o‘z insaydlari bilan bo‘lishdi.
- Yurtboshimiz tomonidan qishloq xo‘jaligida safarbar qilinmagan yangi zaxiralarni ishga solish, xarajatlarni pasaytirib, shu orqali dehqonlar daromadini ko‘paytirish, yerlarimiz unumdorligi, hosildorlikni oshirish bo‘yicha barcha sohalarda aniq vazifalar belgilab berildi. Mexanizatsiya, operatorlarni o‘qitish masalalariga e’tibor qaratildi. Qator vazifalarni yuklash bilan birga oldin mavjud bo‘lmagan yangi moliyaviy manbalar taqdim qilinishi aytildi. Xususan, “O‘zAgrolizing” aksiyadorlik jamiyatiga joriy yil qishloq xo‘jaligiga 10 mingdan ortiq zamonaviy energiya tejamkor qishloq xo‘jaligi texnikalarini yetkazib berish vazifasi yuklatildi. Hozirga qadar hududlar kesimida bu texnikalarning egalarini aniqlashtirib, hisob-kitob qilib oldik.
Bugungi kunda texnika yetkazib berishda yangi mexanizmlarni qo‘llayapmiz. Buning oldingi moliyalash tizimidan farqi shuki, kredit revolver asosida 10 yil muddatga berilyapti. Jami 100 mln dollar ajratilyapti, uning 1 yillik imtiyozli davri ham bor. Undan tashqari Jahon bankidan 40 mln dollar, Yaponiyaning Xalqaro hamkorlik tashkilotidan ham 40 mln dollar mablag‘ taqdim etilyapti, bular 10 yilga beriladi va 3 yillik imtiyozli davri ham bo‘ladi. Yana bir muhim jihati, bu ajratilayotgan mablag‘lar navbat bilan ishlatiladi. Mazkur mablag‘lar o‘zlashtirilgandan so‘ng keyingi liniyalarni ochishga imkoniyat yaratiladi. Bu degani, 10 ming texnika bilan cheklanmaymiz, talab katta bo‘lsa, bundan ham ko‘pini yetkazib beramiz.
Yangi 200 ming gektar yer o‘zlashtiriladi
Qaysi turdagi texnikalarga ustuvorlik beriladi, degan masalaga to‘xtalsak. Davlatimiz rahbari yana 200 ming gektar yerni o‘zlashtirish bo‘yicha topshiriq berdi. Shu sababli katta kuchli traktorlar, lazerli yer tekislagichlar, yuqori sifatli omochlarga, umuman, yerga ishlov beruvchi texnikalarga ehtiyoj katta bo‘ladi. Chigit ekish mavsumi yaqin bo‘lgani uchun yuqori aniqlikda ishlovchi chigit ekish seyalkalariga ehtiyoj bor, g‘alla o‘rim mavsumida kombaynlar, paxta terim mavsumida esa mexanizatsiyalash texnikalariga ustuvorlik beriladi, 500 ta paxta terish mashinasini yetkazish ko‘zda tutilgan.
Texnikalarni taqdim etish muddati 3 kundan oshmaydi
Talablar murakkab emas. Murojaat qiluvchilar yer maydoni, oladigan hosili, daromadi va bankdagi aylanmalari haqida ma’lumot taqdim etishadi. Talab etilgan barcha hujjatlarni ko‘rib chiqib, shartnoma qilish muddati 2-3 kundan oshmaydi, texnikalar qisqa muddatda yetkazib beriladi. Og‘ir texnikalarga 10 yilgacha, kichikroq texnikalarga esa 3-5 yilgacha lizing qilib beriladi.
Kafolat berilgan muddatdagi nosozliklar uchun kompensatsiya ishlab chiqaruvchi kompaniya tomonidan qoplanadi. Kafolat muddatidan so‘ng paydo bo‘ladigan ta’mirlash ishlari xarajati texnika egasi tomonidan qoplanadi.
Arzon narxlarda texnika yetkazib berishga urg‘u qaratiladi
2024 yilda “O‘zagrolizing” AJ birinchi navbatda xorijiy moliya bozoridan uzoq muddatli, past foizli mablag‘larni jalb qilish hisobiga dehqon, fermerlarga uzoq muddatli, nisbatan arzon narxlarga qishloq xo‘jaligi texnikalarini yetkazib berishni asosiy vazifa sifatida o‘z oldiga maqsad qilgan. O‘tgan yilgiga nisbatan yetkazib berish hajmi 5 barobarga o‘sishi kutilyapti. Oldin ichki manbalardan mablag‘ jalb qilishda muammolar bo‘lardi. So‘nggi uch yilda kompaniya moliya tizimi xalqaro standartlarga moslashtirilib, tashqi manbalardan ham mablag‘ ola boshladik. Xorijdan ekspertlar jalb qilindi. Jahon banki hamda Yaponiya Xalqaro hamkorlik tashkilotining ekspertlari tekshiruvidan ish jarayonimiz tahlili ijobiy baholandi. Ularning xulosasi natijasida yangi kredit liniyalarida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldik, bu esa bizning imkoniyatlarimizni oshirdi.
Hozirda operator-mexaniklarni o‘qitish bo‘yicha tizimli ish tashkil etilyapti. Barcha hududlarda texnikalarga servis xizmati ko‘rsatish markazlari ham shakllantirilyapti. Servis markazlarida ko‘chma servis xizmatlari yo‘lga qo‘yilib, joylarga chiqib xizmat ko‘rsatish ham amalga oshirilyapti. Bularni ishga tushirishda yangi moliyaviy manbalar katta ahamiyatga ega.
Respublikamizning barcha hududlarida kompaniyamiz filiallari bor, bog‘lanish uchun telefon raqamlar ishlab turibdi. Shuningdek, dehqon hamda fermerlar savollar bilan birga o‘z takliflarini berishlari ham mumkin. Xodimlarimiz texnikalarning afzalliklarini tushuntirgan holda mijozlarga tavsiyalar berishadi.
Diyoraxon Nabijonova tayyorladi.
Operator hamda montaj ustasi: Nizomjon Toshpo‘latov