Jahon | 20:26 / 15.02.2024
8142
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp saylovda g‘alaba qozonsa, Rossiya va Ukrainani muzokaralarni davom ettirishga majburlamoqchi - OAV

Sobiq prezident va maslahatchilari Ukraina va Rossiyaga bosim o‘tkazish yo‘llarini topib qo‘ygani ta’kidlanmoqda. 

Foto: Reuters

Donald Tramp 2024 yil noyabrida bo‘lib o‘tadigan AQSh prezidenti saylovida g‘alaba qozonsa, tomonlarni tinchlik muzokaralariga qaytishga majburlash uchun Rossiya va Ukrainaga bosim o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Bloomberg o‘z manbalariga tayanib xabar berdi. 

Siyosatchining maslahatchilari Tramp bilan Rossiya va Ukrainani muzokara stoliga «o‘tqazish» imkoniyatini muhokama qilgan. Ukrainaning muzokaralarga qaytish qaroriga AQSh harbiy yordamini to‘xtatish haqidagi va’da ta’sir qilishi mumkin. O‘z navbatida, Rossiyaga, aksincha, Qo‘shma Shtatlar tomonidan Kiyevni qo‘llab-quvvatlash kuchayishi bilan tahdid qilinishi mumkin. 

Trampning bir qancha maslahatchilari, jumladan Larri Kudlou va Robert O´Brayyen ham Putinning urushni davom ettirish qaroriga ta’sir o‘tkazish uchun Rossiya Markaziy bankiga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga ochiq oydin chaqirishgan edi. 

Hozircha Tramp jamoasidan hech kim rossiyalik va ukrainalik vositachilar bilan muzokaralar olib bormayapti, chunki AQSh qonunchiligi xususiy shaxslarga mamlakat hukumati nomidan bunday darajada muzokara olib borishni taqiqlaydi. 

Bundan tashqari, Trampning ittifoqchilari «ikki bosqichli NATO» g‘oyasini muhokama qilmoqda. Bunda NATO shartnomasining 5-moddasi faqat mudofaa xarajatlari maqsadlariga erishgan mamlakatlarga taalluqli bo‘ladi. Trampning ba’zi ittifoqchilari ham NATO tashkilotidagi ortda qolgan mamlakatlarga yangi tariflar joriy etish tarafdori. 

Bloomberg ta’kidlaganidek, agar bu tashabbuslar amalga oshsa, ular o‘n yilliklar davomidagi AQSh tashqi siyosatini tubdan o‘zgartiradi va «Sovuq urush» davridan beri Yevropa xavfsizligini belgilab bergan NATO bo‘linishiga olib keladi. 

2023 yil iyun oyida Donald Tramp Ukraina urushni to‘xtatishi uchun Rossiyaga ba’zi hududlarni berishga majbur bo‘lishi mumkinligini tan olgan edi. Ukraina rasmiylari urushni tugatishning asosiy sharti Rossiya qo‘shinlarini mamlakat hududidan olib chiqib ketish deb hisoblamoqda. Rossiya Kiyevdan o‘zi bosib olgan hududlarni Rossiyaniki deb tan olinishini talab qilmoqda. Moskva muntazam ravishda Kiyevni urush boshida bo‘lib o‘tgan muzokaralarni to‘xtatganlikda ayblab keladi. 

Tramp bir necha bor Qo‘shma Shtatlar NATO uchun juda ko‘p kuch va pul sarflayotganini ta’kidlagan, shuningdek, mamlakatni Shimoliy Atlantika alyansidan chiqarish bilan tahdid qilgan.

Mavzuga oid