20:28 / 19.02.2024
13502

«Bolaning otasi bilan g‘ururlanishi emas, ota-onaning o‘z farzandi bilan g‘ururlanishi muhimroq» - Erkinjon Turdimov

Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov maktabda ota-onalar oldida chiqish qilar ekan, dabdabavozlikdan voz kechib, farzandlarga sharoit yaratish haqida gapirdi.

Payariq tumanidagi 102-maktabda o‘tkazilgan yig‘ilishda bolalarning ta’lim-tarbiyasi masalasida fikr-mulohazalar bildirildi. Shuningdek, milliy gvardiya xodimlarining maktablar bilan hamkorligi tartibi aytib o‘tildi.

«Eng yaxshi narsa nima: Farzandning otalari bilan g‘urulanishi emas, ota-onalarning o‘z farzandlari bilan g‘ururlanishi muhim. Ota-onalar maktabga kelsin, bolasining o‘zlashtirishi va davomati, qaysi kasbga mehr qo‘ygani bilan qiziqsin. «O‘zim-ku bo‘lmadim, nima bo‘lsam bo‘ldim, endi bolam yaxshi o‘qisin. Bolam yaxshi o‘qisa, til bilsa, bir kasbning ustasi bo‘lsa, kelgusida yaxshi yashaydi, qarigan chog‘imda menga suyanchiq bo‘ladi», deb fikrlash kerak», — dedi Turdimov

Ota-onalar majlisida chiqish qilgan Turdimov farzandlarning maktabdagi o‘qishi va ta’lim olish uchun sharoit yaratishga befarq ota-onalar haqida ham gapirdi.

«Gilamning yaxshisi mehmonxonada turadi, divan, stol-stulning ham mehmonxonaga qo‘yadi, televizorning kattasi ham mehmonxonada turadi. Bola esa yerda yotib, chiroq soyasida ko‘zlarini pirpiratib dars qiladi. Birinchi navbatda uyda bolalarga sharoit qilib berish kerak», — dedi Turdimov.

Eslatib o‘tamiz, 5 fevral kuni prezident shavkat Mirziyoyev raisligida ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tgan edi. Yig‘ilishda maktab ta’limidagi islohotlarni yanada jadallashtirishga qaratilgan vazifalar belgilab berilgan edi. Jumladan, maktablarda og‘riqli masalalardan biri bu – tarbiya va ma’naviyat ekanligi qayd etilib, maktablardagi inspektor-psixologlar shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga o‘tkazilishi belgilangan edi.

Top