Jahon | 20:35 / 22.02.2024
11253
9 daqiqa o‘qiladi

Netanyahuning navbatdagi tahdidi, Qatardan Xitoy va Yevropaga muqobil gaz va Rossiyada bloklangan Qiwi - kun dayjesti

Dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning muxtasar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtirishda davom etamiz. 

Falastindagi vaziyat

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu HAMASni tag tubi bilan yo‘q qilish maqsadida hamon barqaror ekanini ta’kidladi.

«Biz HAMASni yo‘q qilamiz va hech kim bizni to‘xtata olmaydi», degan u.

Netanyahuning qayd etishicha, toki HAMAS butunlay yo‘q qilinmas ekan va garovdagilar ozod qilinmas ekan, hech qanday tashqi bosim HAMASga qarshi urushni davom ettirishdan to‘xtata olmaydi.

«Biz oldimizga qo‘yilgan barcha maqsadlarimizga, jumladan, garovdagilarni har qanday yo‘l bilan ozod etilishiga erishmagunimizcha kurashda davom etamiz. Ushbu urush tufayli Isroil ichki va tashqi bosim ostida qolgan», — degan Netanyahu.

Isroil G‘azo sektorida urush boshlanganidan buyon ksklavdagi qo‘shinlari sonini minimumgacha qisqartirgani ma’lum qilinmoqda.

Falastin ekslaviga bostirib kirilganidan 4 oy o‘tib, Isroil armiyasi bir oy avvalgiga nisbatan ikki barobar kam qo‘shin qoldirgan.

Xon-Yunus shahrining g‘arbiy qismida va sektor janubida 7 ta brigadadan 2 tasi qoldirilgan. Ynet yangiliklar saytining qayd etishicha, shaharda operatsiyalarning davom ettirilishi HAMASga garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarda bosim o‘tkazishda davom etishga qaratilgan. 

Amerikaning urushga bahosi

AQSh Rossiya Ukrainadagi urushda tashabbusga ega bo‘ldi, deb hisoblamaydi, biroq uning jang maydonlaridagi muvaffaqiyatlarini tan oladi, degan Davlat departamenti rasmiy vakili Mettyu Miller.

«Yo‘q, biz aslo Rossiya tashabbusga ega bo‘lmoqda, deb hisoblamaymiz. Agar siz urushning ikki yillik emas, yaqin to‘rt-besh oydagi dinamikasini olsangiz, ha, Rossiya jang maydonlarida ayrim g‘alabalarni qo‘lga kiritmoqda. Bunga sabab esam Ukraina o‘z qo‘shinlarini qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar bilan ta’minlay olmayotganida», — degan Miller an’anaviy brifingda.

Uning tushuntirishicha, ukrainalik harbiylarda o‘q-dorilar bilan bog‘liq tanqislikka sabab AQSh Kongressida Kiyevni qo‘shimcha moliyalashtirish masalasi depsinib qolganida va u qonunchilarni tezroq yordamni ma’qullashga chaqirdi. 

Ukrainlar urushga chidashga rozi

Ukraina fuqarolarining 70 foizdan ortig‘i Rossiya bilan urushni to‘xtatish borasida muzokaralarga tayyorligini bildirishgan.

Ukrainlarning 72 foizi hukumat harbiy harakatlarni to‘xtatishning diplomatik choralarini izlashi kerak, deb hisoblaydi. Bu Kiyev xalqaro sotsiologiya instituti tomonidan 5–10 fevral kunlari o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijalari.

2022 yilning mayida bunday fikrdagi ukrainlar 59 foizni tashkil etgan. «Rossiyani faqat harbiy yo‘l bilan mag‘lub etish mumkin», deb o‘ylovchilar soni 2022 yilning mayidan buyon 35 foizdan 23 foizga kamaygan.

So‘ronoma natijalarida savol qurishda hududlardan voz kechish emas, shunchaki muzokara jarayonlari haqida gap borgani alohida qayd etiladi.

Shuningdek, so‘rovnoma ma’lumotlariga ko‘ra, «Ukrainaning g‘alabasi»ga ishonuvchilar soni 95 foizdan 89 foizga tushgani ko‘rsatilgan. Ayni paytda frontda barchasi Ukraina foydasiga hal bo‘lmoqda deb hisoblovchilar 24 foizni, Rossiya ustun kelayapti deganlar 15 foizni tashkil etmoqda. Ukrainlarning 73 foizi urush qancha davom etsa ham chidashlarini bildirilgan.

Yevropa davlatlarida yanvar oyida YouGov va Datapraxis sotsiologlari tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, Ukrainaning urushda g‘alaba qozonishiga ishonuvchi yevropaliklar soni 10 foizgacha tushib ketgan. So‘rovnoma Yevropa Ittifoqining 12 ta davlatida o‘tkazilgan.

So‘ralganlarning fikicha, Ukrainaning qarshi hujumi boshi berk ko‘chaga kirib qolgan, yana ayrimlar bo‘lajak saylovlardan so‘ng AQSh siyosati o‘zgarishidan xavotirda ekanini bildirishgan. 

Eronning Rossiyaga yordami

Eron 700 km olisdagi nishonlarni aniq ura oladigan yuzlab baliistik raketalarni Rossiyaga yetkazib bergan, deb xabar qiladi Reuters.

Nashr manbalariga ko‘ra, Eron 2024 yilning yanvaridan boshlab «yer-yer» tasnifidagi, 400 ga yaqin Fotih 110 Zulfiqor raketalarni Rossiyaga yetkazgan. Bu hali eronlik va rossiyalik harbiylar o‘rtasida tuzilgan bitimning bir qismi.

Fevral oyining o‘rtalariga kelib Eron to‘rt marta raketa jo‘natgan. Ularning ayrimlari harbiy-transport samolyotlarida, bir qismi Kaspiy dengizi orqali kemalarda jo‘natilgan. Yaqin orada raketalar yetkazib berish hajmi oshishi kutilmoqda.

Hozircha Ukrainada Rossiya tomonidan Eronning raketalaridan foydalanganlik holatlari qayd etilmagan.

Eron bungacha Shahed kamikadze dronlariga qo‘shimcha ravishda qisqa masofaga uchuvchi raketalar yetkazib berishi mumkinligi to‘g‘risida 2022 yilning kuzida The Washington Post nashri yozgan edi. Turli nashrlarga ko‘ra 2023 yilning bahorida Eron Rossiyaga millionlab patronlar va yuz minglab artilleriya snaryadlari ham yetkazib bergan. 

Rossiyada Qiwi bloklandi

Rossiyada «Kivi bank» hamda Qiwi elektron hamyonlari bloklandi. Rossiya Markaziy banki bunga qarshilik qilishga urinib ko‘rdi, biroq maxsus xizmatlar, to‘g‘rirog‘i FSB ishga aralashgan.

«Kivi bank» biznes modeli elektron hamyonlar bo‘yicha yuqori riskli operatsiyalar hamda noqonuniy moliyaviy xizmatlarga tayangan. Bunday operatsiyalar sonini kamaytirish uchun bank bilan katta tizimli ishlar olib borilgan, biroq bank har safar choralarni aylanib o‘tishning turli sxemalari va usullaridan foydalangan. FSB Ukraina armiyasiga homiylik qilinishining oldini olish uchun pul o‘tkazmalari ustidan nazoratga ega bo‘lishni istagan. Qiwi ko‘p hollarda so‘rovlarni bee’tibor qoldirgan va tizim ma’lumotlariga ulanish uchun muammolar yaratgan. Alal-oqibat Lubyanka Markaziy bankdan kompaniyani bartaraf qilishni talab qilgan.

Rossiya hukumatidagi noma’lum manbaga ko‘ra, saylov oldidan aholining noroziligini uyg‘otmaslik uchun pullarni egalariga qaytarish to‘g‘risida topshiriq berilgan. Ta’kidlanishicha, fuqarolar bilan hisob-kitob qilish uchun budjet zaxiralari ham ishga tushirilishi mumkin.

Bu bloklanish oqibatida QIWI guruhiga tegishli Contact pul o‘tkazish tizimi ham ishlamay qolgan. Rossiyada mehnat qilayotgan muhojirlarimizning juda katta qismi O‘zbekistonga pul jo‘natishda Contact pul o‘tkazish tizimidan foydalanar edi. 

Rossiya gaziga muqobil

Yevropa va Xitoy Rossiya gazi o‘rniga Qatardan ko‘proq gaz xarid qilish xususida kelishib olishdi.

Vladimir Putin Xitoyni «Sila Sibiri-2» yangi gaz haydash quvurini qurish, Germaniyani «Shimoliy Oqim-2» ventilini ochishga ko‘ndirish bilan ovora bo‘lib turgan bir paytda xitoylik va yevropalik gaz importchilari Qatardan gaz xaridini oshirishmoqda.

Bloomberg nashrining yozishicha, Qatarning QatarEnergy davlat korporatsiyasi Xitoy va Yevropa Ittifoqiga suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib berish uchun yangi shartnomalar imzolashga hozirlanmoqda.

Jahondagi eng yirik STG eksportchilaridan biri QatarEnergy Xitoyning CPCC kompaniyasi bilan 27 yildan buyon amal qilayotgan shartnomaga ega. Xuddi shunday shartnoma Xitoyning ikkinchi yirik neft-gaz kompaniyasi Sinopec bilan ham imzolanishi kutilmoqda. Bundan tashqari, Yevropadagi o‘yinchilar — Fransiyaning TotalEnergies, Italiyaning Eni, Britan-hollandlarga tegishli Shell va Amerikaning ConocoPhillips va ExxonMobil kampaniyalari bilan ham bitimlar tuziladi. Ularning barchasi North Field gaz konida o‘z ulushlariga ega bo‘lishgan va bu yerda qazib olingan gaz ularning mijozlariga yetkaziladi. 

AQSh Rossiyadagi fuqarolarini ogohlantirdi

AQSh hukumati qo‘sh fuqarolikka ega insonlarni Rossiyani zudlik bilan tark etishga chaqiradi.

Milliy xavfsizlik kengashining matbuot kotibi Jon Kirbining aytishicha, Rossiya hududida hech kim xorijiy fuqarolikka ega bo‘lgan shaxslarning xavfsizligini kafolatlay olmaydi.

Kirbining bu murojaati Rossiyaning Yekaterinburg shahrida Kseniya Karelina hibsga olinganidan so‘ng yangragan. Ham AQSh, ham Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan qiz Los-Anjyelesdan o‘z ota-onasini ko‘rgani Rossiyaga borgan. Uni davlatga xiyonatda ayblashmoqda. Chegarani kesib o‘tayotganda uning telefonidan urushning dastlabki kunida Ukrainaning «Razom for Ukraine» fondiga 51 dollar xayriya qilgani haqidagi SMS topilgan. Bu qilmishi uchun Kseniya 12 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid