Metan gaz quyish shoxobchasida ommaviy janjal yuz berdi
Haydovchilar navbat talashib, mushtlashuv uyushtirishdi. Bir necha yigit ko‘pchilik tomonidan do‘pposlandi. Holat bo‘yicha jinoyat ishi ochildi, qurbonlar yo‘q.
Ijtimoiy tarmoqlarda metan gaz quyish shoxobchasida navbat talashish ortidan janjal kelib chiqqani, mushtlashuv sodir bo‘lgani va bir fuqaro vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi.
Videotasvirlarda haydovchilar ko‘pchilik bo‘lib bir necha yigitni do‘pposlashgani, yakunda jabrlanuvchilardan biri o‘rnidan turolmay qolgani ko‘rinadi.
Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining matbuot kotibi Bobur Tulyaganov hodisaga izoh berdi. Qayd qilinishicha, holat 26 fevral kuni Yuqori Chirchiq tumani hududida joylashgan metan gaz quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan. Janjal navbat talashish oqibatida yuz bergan, ammo qurbonlar yo‘q.
Holat Toshkent viloyati IIBB tomonidan nazoratga olinib, hududiy IIB tomonidan Jinoyat Kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda tergov-surushtiruv harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekistonda havo haroratining pasayishi ortidan qariyb 10 kundan buyon respublika bo‘yicha metan-shoxobchalarda navbatlar kuzatilmoqda.
Avvalroq, Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida ham metan-shoxobchada janjal yuz bergan, buning ortidan 23 yoshli yigit vafot etgandi.
Mavzuga oid
17:51
O‘zbekiston qanday qilib yirik gaz eksportyoridan sof importyoriga aylandi?
14:37
380 mln so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan MChJ aniqlandi
12:29
Toshkentda 316 mln so‘mlik gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi
21:05 / 22.12.2024