Jahon | 20:07 / 28.02.2024
9875
8 daqiqa o‘qiladi

Ocharchilik tahdid solayotgan G‘azo, Isroildan Ukrainaga yordam va Makronning rad etilgan rezonansli g‘oyasi - kun dayjesti 

Dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning muxtasar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtirishda davom etamiz. 

Falastindagi vaziyat

G‘azo sektori janubidagi Rafah shahriga hujum qilish falokat bilan tugashi mumkin. Bu haqda BMTning bolalar fondi UNICEF ijrochi direktori Ketrin Rassel ta’kidlab o‘tgan.

Xalqaro hamjamiyat e’tirozlariga qaramasdan Isroil rasmiy shaxslaridan Rafahga yer ustidan hujum qilish to‘g‘risidagi rejalar haqidagi bayonotlar yangrab turibdi.

Rasselning qayd etishicha, 300 ming aholi yashaydigan Rafah shahrida ayni paytda Isroil zarbalaridan qochgan qochqinlar bilan birga 1,5 milliondan ortiq odam yashamoqda.

Uning qayd etishicha, shu paytgacha G‘azoda o‘ldirilgan 30 ming tinch aholi vakillaridan 70 foizini bolalar va ayollar tashkil etadi. Rasselning ogohlantirishicha, Isroilning Rafahga ehtimolli hujumi tinch aholi vakillari o‘rtasida qurbonlar va yaradorlar sonini keskin oshiradi.

7 oktyabrdan buyon Isroil G‘azodagi har bir kvadrat kilometr maydonga o‘rtacha 192 tonnadan bomba yog‘dirgan. Agar bombardimon qilish ishlari hozir to‘xtatilgan taqdirda ham, G‘azo sektorini tiklash uchun asrimiz oxirigacha vaqt ketadi.

Qatar Tashqi ishlar vazirligi 27 fevral kuni G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarda hozircha hech qanday siljish yo‘qligini ma’lum qildi.

Misr va AQSh bilan birgalikda vositachi sifatida ishlayotgan Qatar TIV bayonotida aytilishicha, ayni damda «sulh bo‘yicha muzokaralarda va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvda muvaffaqiyat yo‘q».

Bir kun avval AQSh prezidenti Jo Bayden G‘azo sektori bo‘yicha kelishuvga kelasi dushanba kuni, ya’ni 4 martgacha erishilishiga umid bildirgan edi.

Biroq ertasi kuni HAMAS vakili Baydenning umidlari «harbiy vaziyat»ga to‘g‘ri kelmasligini va hal qilinishi kerak bo‘lgan katta bo‘shliqlar mavjudligini ta’kidlagan.

BMT esa G‘azo sektori kuchli oziq-ovqat yetishmovchiligiga duchor bo‘lganini ma’lum qildi. G‘azoning qariyb barcha aholisi oziq-ovqat yordamiga muhtoj, eksklav aholisining to‘rtdan bir qismi ocharchilik yoqasiga kelib qolgan. 

Ukraina fronti

Isroil Ukrainaga raketa zarbalaridan ogohlantiruvchi tizimni topshirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bunday tizim raketa uchirilganini erta aniqlab beradi hamda raketalar va dronlar hujumidan yaxshiroq himoyalanishni ta’minlaydi.

Bu haqda Isroilning BMTdagi doimiy vakili Gilad Erdan aytib o‘tgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tel-Aviv urush boshlanganidan buyon Ukrainaga 100 tonnadan oshiq insonparvarlik yordami jo‘natgan, yuzlab ukrainlar esa Isroildagi kasalxonalar va tiklanish markazlarida davolangan. Erdanning qo‘shimcha qilishicha, Eron Rossiyaga Ukrainaga zarba berish uchun dronlar jo‘natishda davom etmoqda.

Ukrainaga berilgan nemislarning Leopard-2 tanklari katta qismi Ukraina qarshi hujumining asosiy janglari ro‘y bergan Rabotine yaqinida ishdan chiqarilgan, deb yozadi Süddeutsche Zeitung gazetasi.

U yerda 20 ta tank zarba yegan, ulardan 7 tasi Rabotine yaqinida ishdan chiqarilgan. Ayni paytda yana jangovar holatga keltirish uchun Leopard-2 tanklari ta’mirlanmoqda.

Ukraina qurolli kuchlari Patriot va NASAMS havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalarining so‘nggilarini Rossiya aviatsiyasini urib tushirishga safarbar qilmoqda, deb yozadi Forbes nashri.

Ukraina harbiylari o‘z ixtiyorlaridagi Patriot va NASAMS qurilmalarining ayrimlarini front chizig‘i bo‘ylab tezkor harakat qiluvchi mobil havo hujumidan mudofaa guruhlari safiga qo‘shgan.

Bunga sabab, rossiyalik uchuvchilar Ukraina tomonidan otilayotgan raketalarga tobora ko‘z yumib, front chizig‘iga yaqinroq parvoz qila boshlagani bo‘lgan. Buning natijasida Ukraina so‘nggi 10 kuni ichida Rossiyaning 10 ta samolyotini urib tushirgan. 

Rossiyaga qarshi sanksiyalar ta’siri

Rossiyaning «Mir» kartalariga ulangan Xitoyning UnionPay to‘lov tizimi ishlamay qoldi. Hozircha uzilish faqat Rossiyada kuzatilmoqda, xorijiy davlatlarda bunday muammo yo‘q.

Bu cheklovlarga sabab Rossiyaning milliy to‘lov kartalari tizimiga nisbatan AQSh sanksiyalari joriy qilingani bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari Rossiyadan tashqarida Rosselxozbankning «MIR-UnionPay» kobeyjing kartalari ham ishlamay qolgan. Oddiy UnionPay kartalari odatdagidek ishlashda davom etmoqda.

Rossiyani Visa va Mastercard tark etgach, Xitoyning UnionPay tizimi rossiyaliklarga xorijda to‘lov qilish uchun so‘nggi usullardan biri bo‘lib qolayotgan edi. UnionPay 183 ta davlatda ishlaydi. Undan rossiyalik turistlar ko‘proq BAA va Turkiyada foydalanishgan. Rasman UnionPay hali sanksiyalarga qo‘shilmagan edi. 

NATO qo‘shinlari Ukrainada?

Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning NATO qo‘shinlari Ukrainaga jo‘natilishi ehtimoli to‘g‘risidagi so‘zlari alyans maxsus xizmat kuchlarining Ukrainada mavjudligini qonuniylashtirishga qaratilgan, deb yozadi Britaniyaning The Financial Times gazetasi.

Yevropalik mudofaa sohasiga mansub anonim yuqori martabali mulozimning aytishicha, bu anchadan beri ko‘pchilikka ma’lum fakt — G‘arbning maxsus maqsadli qo‘shinlari allaqachon Ukrainada. «Bu hozircha rasman tan olingani yo‘q», — degan u.

Eslatib o‘tamiz, Emmanuel Makron NATO qo‘shinlarini Ukrainaga kiritish masalasini muhokama qilish lozimligi haqida gapirgan edi. Makronga ko‘ra, bu borada hali bir to‘xtamga kelinmagan, biroq «buni inobatdan soqit qilish kerak emas».

Makronning bayonoti juda katta rezonans keltirib chiqargan. G‘arb davlatlari yetakchilari birin-ketin Ukrainaga quruqlikdagi qo‘shinlarni jo‘natish rejasi yo‘qligini aytib chiqa boshlashgan.

Jumladan, Germaniya kansleri Olaf Shols, NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg bunday reja yo‘qligini aytib chiqqan. Oq uy ham prezident Jo Bayden Ukrainada Amerika qo‘shinlari ishtirokiga qarshi chiqishini rasman bildirgan.

Xitoy ham Makronning NATO qo‘shinlarini Ukrainaga kiritish g‘oyasini tanqid ostiga olgan. «Biz barchani taranglikni pasaytirish, o‘t ochishni to‘xtatish uchun shart-sharoitlar yaratishga chaqiramiz», deyiladi Xitoy tomoni bayonotida. 

Boykot ish beryapti

Isroilga yon bosuvchi dunyo miqyosidagi kompaniyalarning boykot qilinishi o‘z natijasini bermoqda.

Shunday kompaniyalardan biri Domino's Pizza 2023 yil uchun va o‘tgan yilning so‘nggi choragi uchun moliyaviy hisobotini taqdim etdi.

2023 yilning to‘rtinchi choragida kompaniyaning global bozorda chakana savdosi 4,9 foizga o‘sgan. Garchi kompaniyaning tushumi shu davr ichida 0,8 foizga o‘sib, 1,4 milliard dollarga yetgan bo‘lsa-da, u bozor kutilmalaridan ancha past bo‘lgan.

To‘rtinchi chorakda Domino's savdolari AQShda 2,8 foizga o‘sgan, jahonda esa 0,1 foizga. Holbuki bozor kutilmalari xalqaro bozorlarda o‘sish 3,2 foiz bo‘lishini va’da qilayotgan edi.

Chunki avvalgi chorakda o‘sish 3,3 foizni tashkil etgan, 2022 yilning 4-choragida esa 2,6 foizni.

Domino's moliyaviy direktori Sandip Reddi investorlar uchun o‘tkazilgan konferensiyada o‘sishning sekinlashishiga sabab Yevropada yuzaga kelgan bosim va Yaqin Sharqdagi geosiyosiy taranglik ekanini ta’kidlab o‘tgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid