Jahon | 20:25 / 29.02.2024
11093
9 daqiqa o‘qiladi

G‘azodagi qo‘ldan yasalgan halokat, Ozarboyjonga Yevropadan sanksiya xavfi va uchinchi shtatda taqiqqa uchragan Tramp - kun dayjesti 

So‘nggi bir kun ichida jahonda sodir bo‘lgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlar sharhi bilan odatdagidek tanishtirishda davom etamiz. 

Falastindagi vaziyat

AQShdan Isroilga so‘nggi muddat berilmoqda. Axios USA yangiliklar saytining xabariga ko‘ra, rasmiy Vashington Isroil hukumatiga mart oyining so‘ngiga qadar AQSh qurollaridan foydalanishda xalqaro qonunlarga rioya etishga majburlovchi hujjatni imzolash uchun muddat bergan.

Shu hujjatning o‘zida Isroil hukmuatiga G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamlarini to‘siqsiz kiritish haqida so‘rov ham bor. Isroil o‘z majburiyatlarini bajarmasa, okkupatsiya ostidagi hududlarda ishlatish uchun qurol-yarog‘lar jo‘natish «vaqtincha» to‘xtatib turiladi.

BMT G‘azoda qo‘ldan yasalgan halokat davom etayotgani haqida bong urmoqda. 23 yanvardan buyon G‘azoning shimoliy qismiga BMT oziq-ovqat yetkaza olmayapti, degan BMTning falastinlik qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Filipp Lazzarini.

«Bu qo‘ldan yasalgan halokat», — deb yozgan Lazzarini X ijtimoiy tarmog‘ida va qamal qilingan eksklavga ko‘proq oziq-ovqat olib kirishga ruxsat etilsa tobora tahdid solayotgan ocharchilikning oldi olinishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.

BMT Xalqaro sudining yanvar oyida chiqarilgan, tel-Avivga Falastin eksklavining tinch axolisini genotsid qilishni bas qilish va ularga insonparvarlik yordami yetkazilishini ta’minlash choralarini ko‘rish to‘g‘risidagi oraliq qaroriga qaramasdan, agentlikning oziq-ovqat yordami yetkazish to‘g‘risidagi chaqiriqlari «e’tiborsiz qolgan».

2023 yilning 7 oktyabridan buyon Isroilning G‘azoga shiddatli bostirib kirishi hududdagi 85 foiz tinch aholining o‘z turar joylarini tashlab chiqishiga, total qamal esa oziq-ovqat, toza suv va dori-darmon yetishmovchiligiga olib kelgan. 

Ukrainaga yordam

Pentagon Ukrainaga ajratilgan so‘nggi 4 mlrd dollarni o‘z arsenalidagi qurol-yarog‘ va o‘q-dorilarni to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukrainaga yetkazib berish uchun foydalanish masalasini ko‘rib chiqmoqda, deb xabar beradi CNN telekanali.

Telekanal hamsuhbatiga ko‘ra, bu borada hozircha yakuniy to‘xtamga kelinmagan. Amerikalik yuqori martabali mulozimlar ushbu summaning hech bo‘lmasa bir qismidan shu yo‘lda foydalanishni muhokama qilishmoqda.

Belgiya Ukraina uchun o‘q-dorilar xarid qilish bo‘yicha Chexiya tashabbusiga 200 mln yevro ajratadigan bo‘ldi. Bu haqda Belgiya bosh vaziri Aleksander de Kroo aytib o‘tgan.

«Biz hech qachon Ukraina har kuni berayotgan qurbonlarga tenglasha olmaymiz», — degan dk Kroo.

Belgiya bosh vaziri Rossiya agressiyasiga qarshi tura olishi uchun Zelenskiyga u so‘ragan narsa, ya’ni ko‘proq o‘q-dorilar berish kerakligini ta’kidlagan.

«Belgiya Chexiyaning bu boradagi tashabbusini 200 mln yevroga moliyalashtiradi. Qo‘shimcha o‘q-doriilar yaqin haftalarda yetkaziladi», — degan de Kroo.

Avvalroq Chexiya Ukraina uchun 800 mingta artilleriya snaryadlari topgani e’lon qilingan edi.

Yevropa Ittifoqi Ukraina uchun 50 mlrd yevro ajratish uchun to‘rt yillik rejani yakuniy tasdiqladi.

Yevropa Ittifoqi kengashi 2027 yilgacha budjetni ko‘rib chiqishning o‘rta muddatini tasdiqladi. Unga ko‘ra, Ukraine Facility mexanizmi — 50 mlrd yevrolik to‘rt yillik reja ham ta’sis etilgan. 

Ozarboyjonga sanksiya xavfi

Yevropa parlamenti tashqi siyosat va Yevropa Ittifoqining xavfsizlik siyosati bo‘yicha ikkita rezolyutsiya qabul qildi. Rezolyutsiyalar Ozarboyjonga nisbatan sanksiyalarni nazarda tutadi va ularning har biri Yevropa Ittifoqini quyidagilarga chorlaydi.

«Ozarboyjonga qarshi sanksiyalar joriy qilish va Energetika sohasida Ozarboyjon bilan strategik hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumini harakatdan to‘xtatish»;

«Agar Armanistonga nisbatan har qanday harbiy agressiya qo‘llanilsa Ozarboyjonning siyosiy va harbiy rahbariyatiga nisbatan maqsadli va individual sanksiyalar joriy qilishga tayyor bo‘lish, neft va gaz importini to‘xtatish»;

«Armanistondagi Yevroittifoq mandatini kuchaytirish, uning hajmini oshirish va amal qilish muddatini uzaytirish, shuningdek Turkiya bilan chegarada kuzatuvchilar joylashtirish»

«Ozarboyjon bilan hamkorlik to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatish».

Eslatib o‘tamiz, Armaniston tomoni Ozarboyjonni harbiy agressiyada ayblab kelmoqda. Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Ozarboyjonda Armanistonga nisbatan kuch ishlatish rejasi yo‘qligi, bularning barchasi Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning vahimasi ekanini aytib o‘tgan.

Nima bo‘lganda ham, Yevropa KXShTdagi ishtirokini muzlatib, Rossiyadan qo‘lini yuvib qo‘ltig‘iga urgan Armaniston taraf bo‘lib, ehtiyot choralarini ko‘rib qo‘ymoqda. 

Rossiyaliklar urush haqida

Rossiyaliklarning qariyb 60 foizi Putin Ukrainada qanday maqsadlarga erishganini tushuntirib bera olmagan. Rossiya fuqarolari ommatan urushni qo‘llab, Ukrainadagi «maxsus harbiy amaliyot»ni «muvaffaqiyatli» ketayotganini ta’kidlayotgan esa-da, ularning katta qismi o‘tgan ikki yil ichida prezident Vladimir Putin aynan qanday maqsadlariga erishganini sanab bera olmagan.

Bu RussianField sotsiologlari tomonidan fevral oyida o‘tkazilgan so‘rovnomada o‘z aksini topgan. So‘ralganlarga berilgan savollar qatorida «Ayni paytga kelib harbiy operatsiyaning qanday maqsadlariga erishildi?» degan savol ham bo‘lgan.

So‘ralganlarning 58,9 foizi birorta maqsad sanay olishmagan. 35,8 foiz odam «javob berishga qiynalgan», yana 23,1 foizi «hech qanday» deb javob bergan.

2022 yilning fevralida Ukrainaga bosqinni e’lon qilar ekan, Putin Ukrainani «denatsifikatsiya» va «demilitarizatsiya» qilish maqsadi qo‘yilganini ta’kidlagan edi. Ikki yil o‘tgach, «denatsifikatsiya» maqsadiga erishilganini 0,9 foiz, «demilitarizatsiya» qilinganini 1,5 foiz odam sanab o‘tgan.

Putin dunyoga «Rossiyaning kuchini ko‘rsatib qo‘ygani»ni 2,3 foiz, Donbass aholisini «himoya» qilganini 2,2 foiz, xalqni birlashtirib uning butunligini ta’minlaganini 1 foiz so‘ralganlar ta’kidlab o‘tishgan. So‘rovdan ko‘rinadiki, bu urushni ayrim rossiyaliklar istilochilik urushi deb hisoblashadi. Chunki 17 foiz so‘ralganlar bosib olingan hududlar asosiy maqsad ekanini ta’kidlashgan.

 

Vengriyada onalarga soliq imtiyozi

Vengriyada to‘rt va undan ortiq farzand ko‘rgan ayollar umrbod soliqdan ozod qilinadigan bo‘ldi

The National News xabariga ko‘ra, bu chora 2015 yilda boshlangan iqtisodiy rag‘batlantirish paketining bir qismi bo‘lib, ayollarni ko‘proq farzand ko‘rishga undaydi.

Imtiyozlar sirasiga uy-joy bo‘yicha yordam, foizsiz kreditlar va ipoteka chegirmalari ham kiradi.

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban tug‘ilish darajasini mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan masala, deb e’lon qildi. Boshqa rivojlangan mamlakatlar singari Vengriyada ham aholi soni yildan yilga kamayib bormoqda, tug‘ilish darajasi har bir ayolga atigi 1,45 bolani tashkil etadi, bu aholi sonini barqaror saqlab qolish uchun zarur bo‘lgan ko‘rsatkich — 2,1 dan ancha past.

Yechimlardan biri immigratsiya. Biroq Viktor Orban buni Vengriya uchun tahdid sifatida rad etadi.

«Immigratsiya kapitulyatsiya demakdir», — degan Orban. Vazir Vengriya ko‘proq bolalarini xohlashi va ayni vaziyatda immigratsiya emas, tug‘ilish yechim ekanini aytgan. 

Trampga yana taqiq

AQShning sobiq prezidenti, navbatdagi prezidentlik saylovlariga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rayotgan Donald Trampga AQShning uchinchi shtatida praymerizda ishtirok etish taqiqlab qo‘yildi

Illinoys shtati sudi shtat saylov komissiyasiga 19 mart kuni respublikachilar o‘rtasida o‘tkaziladigan dastlabki saylovlar (praymeriz) da uning nomini saylov byulletenlaridan olib tashlashni buyurdi. Sobiq prezident 1 martga qadar qaror ustidan apellyatsiya berishi mumkin.

Avvalroq Tramp Kolorado va Men shtatlarida 5 mart kuni o‘tadigan «superseshanba» doirasida praymeriz qatnashuvchilari ro‘yxatidan olib tashlangan edi. 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid