17:13 / 02.03.2024
24276

“Makron YeIdagi siyosatchilarni noqulay ahvolga solib qo‘ydi” - ekspertlar

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron “urushning keyingi bosqichida” Ukrainaga g‘arb qo‘shinlari kiritilishi mumkinligini ehtimoldan soqit qilmagani keng munozaralarga sabab bo‘ldi. Kun.uz mavzu bo‘yicha savollar bilan siyosiy tahlilchilar Sayfiddin Jo‘rayev va Kamoliddin Rabbimovga yuzlandi.

Makronning Ukrainaga qo‘shin yuborish haqidagi bayonoti NATO va Rossiyaning de-fakto to‘qnashuvini anglatadi, shunday emasmi?

Sayfiddin Jo‘rayev: — Hozircha to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashish deb bo‘lmaydi, lekin chaqiriq desa bo‘ladi. Agar bu ish amalga oshsa, to‘g‘ridan to‘g‘ri NATO va Rossiya o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuvga olib keladi. Bu to‘qnashuv bo‘lgan taqdirda ham (buning ehtimoli juda kam), zamonaviy raketa tizimlari orqali bo‘ladi va bu katta talafotlarga olib keladi. Yadro urushi ehtimoli ham ko‘payadi, chunki bu urush shunchaki artilleriyalar, tanklar bilan bo‘lmaydi.

Fransiyada Makronning tarafdorlari uning gaplarini yumshatishga urinyapti. Fransiya bosh vaziri ham prezident bu ma’noda gapirmagan, harbiy deganda texnikalarga xizmat ko‘rsatuvchi harbiylar nazarda tutilgan, degan ma’noda gapirdi. Bundan tashqari, Ukraina harbiylari biz berayotgan zamonaviy qurollarni ishlatishni bilmaydi, o‘rgatish kerak, dedi. AQSh, Germaniyada ham, boshqa joylarda ham bu Makronning o‘zining tashabbusi, degan bayonotlar berildi.

Bu vaziyatda Makron bu gapi orqali Rossiyaning reaksiyasini tekshirdi yoki mas’uliyatsizlik bilan gapirib qo‘ydi, deyish mumkin. AQSh ham, Rossiya ham to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvdan qochib, diplomatik yo‘llar bilan chiqyapti vaziyatlardan, Makron esa to‘g‘ridan to‘g‘ri gapirib yubordi, provokatsiyaga ham o‘xshaydi, lekin bunday emas, chunki 20 ta davlat rahbarlarini chaqirib o‘tiribdi. Qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarishga o‘xshab qoldi Makronning bu harakati.

Kamoliddin Rabbimov: — Harbiy qo‘shin kiritishning formati har xil bo‘lishi mumkin. Masalan, NATO doirasida bo‘lishi mumkin, lekin NATO bosh kotibi bunday qilmaymiz dedi. YeI doirasida ham bunday emas, Yevrokomissiya prezidenti Fon der Leyyen bunday bo‘lmaydi, dedi. Makron nega provokatsion bayonot berdi, deydigan savolga ba’zilar o‘ziga e’tibor tortish, nimadir qilayotganini ko‘rsatish uchun bo‘ldi, deydi, chunki Germaniya, AQShga qaraganda Fransiyaning Ukrainaga yordami ancha kam. Qolaversa, Rossiya siyosiy elitasi, jamoatchilik fikrini tayyorlash va qizil chiziqlarga yaqinlashish strategiyasi, degan qarashlar ham bor.

Fransiya hech qachon Ukrainaga yakka o‘zi qo‘shinlarini olib kirmaydi. Chunki Fransiyada gollizm siyosiy doktrinasi bor, Rossiya, AQSh yoki anglosaksonlar o‘rtasida to‘qnashuv bo‘lsa, Fransiya ikki tomonda ham bo‘lmaydi, tarixiy shakllangan geosiyosiy kurs bu. 2 yil oldin Avstraliya Fransiyaga 65 mlrd dollarga suvosti kemalari buyurtma qilgandi, lekin keyinroq Avstraliya buyurtmani bekor qildi. Buning sababi esa AQSh va Xitoy to‘qnashsa, Avstraliya AQSh tomonda turadi, bunday vaziyatda esa Fransiya ehtiyot qismlar yetkazib bermaydi, ya’ni muvozanat saqlaydi.

Fransiya bu bayonot fonida Ukrainaga dronlar va ba’zi turdagi raketalar bermoqchi, lekin qaror qabul qilinmagan hali. Makronning bu bayonoti YeIdagi siyosatchilarni noqulay ahvolga solib qo‘ydi. Putin federal majlisga murojaat qilar ekan, Makronning ismini tilga olmagan holda unga munosabat bildirdi, ya’ni to‘qnashuv bo‘lsa, yadro qurolini ishlatamiz, degan gapni aytdi.

Sayfiddin Jo‘rayev: — Makronning bu bayonoti kimga, kimning foydasiga kerak edi, degan savol ham turibdi. Konflikt boshida Makron Putinni G‘arb bilan yarashtirishga urinayotgan rahbarlardan biri edi. Fransiya Ukrainaga turli yangi qurollar bergan, shularni sinovdan o‘tkazyapti, yuborgan texnik xodimlari tajribasi ham ortyapti. Bundan tashqari, Fransiyada katta siyosiy tadbirlar turibdi, yaqinda Yevroparlamentga saylovlar bo‘ladi, masalan. Shu fonda Makron ham piar qilgandir balki.

Yevropada AQShning ta’siri katta, albatta. Germaniya, Fransiya, Italiya kabi davlatlarga yetakchilikni bermay turibdi qaysidir ma’noda. Makron ham shu fonda men chetda qolib ketyapman, degan bir ma’noda siyosat olib borayotgan edi. Lekin Makron birinchi navbatda o‘z saylovchilaridan salbiy munosabat oldi, ya’ni fermerlarning noroziliklarini ko‘rib turibmiz.

Yevropa Ittifoqining va NATOning qolgan a’zolari bu vaziyatda pozitsiyasi qanday bo‘ladi?

Kamoliddin Rabbimov: — Biror bir Yevropa davlati Makronning bu tashabbusini qo‘llagani yo‘q. Yeliseydagi uchrashuvda Ukraina xavfsizligiga kafolat beruvchi davlatlar haqida gap ketgan: Fransiya, Germaniya, Niderlandiya. Mana shu 3 davlat Ukraina xavfsizligiga kafolatchi davlatlar sifatida ko‘rilyapti. Lekin Ukrainaning bosib olingan yerlarini qaytarib olishda bu davlatlar qanday rol o‘ynaydi, degan savol ochiq.

Sayfiddin Jo‘rayev: — Ukraina mahsulotlariga qo‘yilgan talablar olib tashlangani uchun YeIga arzon mahsulotlar kirib keldi, qishloq xo‘jaligi vakillari shundan norozi. Makron esa sizlar raqobatda yutqazdingiz, o‘zingiz aybdorsiz degan ma’noda gapirdi, bu ham yana fermerlarning g‘azabini qo‘zg‘atdi.

Bayden ma’muriyati Makronning bayonotiga 23 soat ichida munosabat bildirdi tezlik bilan. Chunki AQSh indamasa, Fransiya bu provokatsion harakatlarni chuqurlashtirib yuborishi ham mumkin edi. Ketma-ket boshqa davlatlar ham bu faqat Fransiyaning gapi, bizning harbiylar bormaydi, dedi. Vengriya va Slovakiya rahbarlari bu yomon oqibatlarga olib keladi, deb tanqidiyroq munosabat bildirdi.

Agar NATO askarlari Ukrainaga kirsa, Rossiyaning javobi qanday bo‘ladi?

Kamoliddin Rabbimov: — Rossiya sobiq prezidenti Medvedev jurnalistlar bilan brifingda Rossiya aktivlari Ukraina manfaatlariga musodara etilsa, qanday javob bo‘ladi, degan savolga biz G‘arb bilan urushmayapmiz, Ukrainada harbiy operatsiya ketyapti, agar bizning aktivlar musodara qilinsa, xalqaro qonunchilik doirasida biz ham G‘arbning Rossiyadagi aktivlarini musodara qilishimiz mumkin, deya javob berdi.

Rossiya tomonidan turli doiradagi siyosatchilar Makronning bayonotiga agressiv javob berdi. Rossiyaning oxirgi argumenti – yadroviy salohiyati bo‘ladi. Hozir ham garchi sir tutilsa-da katta ehtimol bilan Ukrainada G‘arb davlatlaridan harbiy instruktorlar bor. Ukraina harbiylari xam boshqa davlatlarda o‘qitilyapti. Umuman, to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘lmasa-da, bilvosita G‘arb va Rossiya o‘tasida urush ketyapti. Bir necha oy oldin bir necha fransiyalik Rossiyaga asir tushgan, Fransiya tomoni bu bizning askarlar emas, o‘zboshimcha ketgan, Fransiya qonunlarini buzgan odamlar deb bayonot bergandi.

Sayfiddin Jo‘rayev: — Yevropalik ekspertlar bir tahlil qilishdi oxirgi ikki kunda. Makronning bayonoti hech kim kutmagan improvizatsiya bo‘ldi, dunyo bo‘yicha qalqish keltirib chiqardi, deyishyapti. Fransiya ichki oppozitsiyasi Ukrainaga yordamni qo‘llagan, lekin kechagi ish bilan ularning ham jahlini chiqardi. Jamiyat u vaziyatdan zerikdi ham degan tahlillar bor. Bundan tashqari, Ukrainaning imiji yomonlashdi. 2022 yil mart oyida 82 foiz fransiyaliklar Ukrainani qo‘llagan, yaqindagi holatlardan keyin ayrim tadqiqotlarga ko‘ra bu ko‘rsatkich 58 foizga tushgan. Ukrainaning YeIga kirishini qo‘llagan fransiyaliklar ulushi esa 62 foizdan 49 foizga tushgan. Iqtisodiy sanksiyalarni qo‘llash 72 foizdan 62 foizga, qurol yetkazishni ma’qullash 65 foizdan 50 foizga tushgan. To‘g‘ri, shu o‘rinda Rossiyaga nisbatan ijobiy munosabat ham 21 foizdan 18 foizga tushganini aytish kerak. Bu tahlillar siyosat ichidagi, davlat boshqaruvida ishlaydigan odamlar fikri asosida qilingan.

Xitoy, Hindiston, Eron kabi global kuch markazlari – yadro quroliga ega davlatlar bu vaziyatga qo‘shilishi mumkinmi?

Kamoliddin Rabbimov: — Har bir davlatni alohida tahlil qilish kerak. Lekin dunyodagi aksariyat davlatlar katta urushdan manfaatdor emas. Samarqanddagi ShHT sammitida Hindiston bosh vaziri Modi Putinga 21-asrda bunday masalalar urush bilan hal qilinmasligi kerak, degandi. Pokiston bosh vaziri ham norozi bo‘lgandi, urush sabab bizda qimmatchilik bo‘lyapti, deb. Urushlar katta iqtisodiy zararlar olib keladi, faqat sanoqli davlatlargina qurol sotishdan foyda qilishi mumkin. Masalan, Ikkinchi jahon urushida AQSh katta foyda ko‘rgan. Polsha iqtisodiyoti 2023 yilda katta o‘sishga erishdi, garchi fermerlar zarar ko‘rayotgan bo‘lsa ham.

Pokiston geosiyosiy nuqtayi nazardan kollektiv G‘arbning sinishi tarafdori. Lekin urush uning manfaatlariga qanchalik to‘g‘ri kelishini bilmadim. Eronning strategiyasini alohida o‘rganish kerak. Hindiston va Xitoy urush to‘xtatilishi kerakligini aytib keladi. Xitoyning asosiy maqsadi – tinchlik orqali dunyoning eng katta iqtisodiyoti bo‘lishga erishish.

Sayfiddin Jo‘rayev: — Fransiya harbiylarini kiritish bo‘yicha real vaziyat ko‘rinmayapti. 84 foiz yadro quroli AQSh va Rossiyada, boshqa davlatlarning yadro salohiyati bir martalik hujumga yetishi mumkin, lekin ular bu urushni istamaydi. Hatto AQSh ham istamaydi. Kelib chiqadigan oqibatlar sabab bunday urush ehtimoli juda kam. Lekin qaysi kuch markazlari qay yo‘nalishda ekani ko‘rindi vaziyatda. Umuman olganda, bunday urush bo‘lmaydi, hech kim o‘zini o‘zi yo‘qotishni xohlamaydi. Urush boshlansa, qaysidir tomon kuchi yetmay qolsa, yadro qurolini ishlatadi, ikkinchi tomon ham javob qaytaradi. Lekin siyosatchilar va siyosatshunoslar uchun o‘rganadigan, xulosa chiqaradigan bir vaziyat yuzaga keldi. Global siyosatda bunday chaqiriqlar, qaltis bayonotlar berishda ehtiyot bo‘lish kerak.

Kamoliddin Rabbimov: — Nazarimda uchta nuqta bor bu yerda. Kollektiv G‘arb davlatlarining liderlari Ukraina yutqazishi mumkin emas, bo‘lmasa Rossiya yana davom etadi, deyapti. Ikkinchisi, kollektiv G‘arb Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashishni istamaydi, chunki yadroviy urushga sabab bo‘lishi mumkin. Uchinchi holat, Ukrainaning pozitsiyasi. Kollektiv G‘arb Ukrainaga o‘z ehtiyojiga kerak bo‘ladigan qurolning yarmini beryapti faqat, ukrainaliklar esa bizga askarlar kerakmas, bosib olingan yerlarni qaytarib olish uchun raketalar bering, Rossiyaning o‘ziga hujum qilmaymiz, deyapti. Lekin kollektiv G‘arb bunday raketalar bermoqchi emas hozircha.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top