Jahon | 08:22 / 04.03.2024
6133
3 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kengaytirdi

Cheklovlar ostiga «Kalashnikov» va «Almaz-Antey» konserni, Birlashgan kemasozlik korporatsiyasi va «Uralvagonzavod» tushdi.

Fumio Kisida Foto: Rodrigo Reyes Marin / Zuma / AP

Yaponiya hukumati Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy harakatlari tufayli RFga qarshi sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirib, 12 shaxs va 36 tashkilotni qo‘shdi. Bu haqda Yaponiya vazirlar mahkamasining 1 mart kuni e’lon qilingan xabarida aytiladi. Tokio, shuningdek, nosanoat maqsadlarida foydalanish uchun Rossiya olmoslarini import qilishga cheklovlarni kuchaytirdi va ularni uchinchi mamlakatlardan yetkazib berishni taqiqladi. 

E’lon qilingan ro‘yxatga ko‘ra, agar aniqlanadigan bo‘lsa, aktivlari muzlatiladigan shaxsiy sanksiyalar, xususan, Checheniston hukumati raisi Muslim Xuchiyev, Davlat transport lizing kompaniyasi (GTLK) bosh direktori Yevgeniy Ditrix, «Artek» direktori Konstantin Fedorenko, Sevastopoldagi «Yunarmiya» mintaqaviy bo‘limi boshlig‘i Vladimir Kovalenkoga nisbatan kiritilgan. Bundan tashqari, Yaponiya Krasnoyarsk o‘lkasi sobiq gubernatori Aleksandr Ussning o‘g‘li Artem Ussga qarshi shaxsiy sanksiyalar kiritdi. O‘tgan yili kichik Uss Italiyada uy qamog‘idan qochgan edi. 

Yaponiya hukumati, shuningdek, «Tinkoff bank» va bir qator korxona va tashkilotlarni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi: «Aviadvigatel», «Aeroskan», «Neva elektronika», «Kalashnikov», «Almaz-Antey», «Uralvagonzavod», «Bazalt» konsernlari, Birlashgan kemasozlik korporatsiyasi, «Angstrem», «Avrora», «Impuls», «Novator», «Atomflot», «GTLK» shirkati.

Sanksiyalarga eksport cheklovlari va aktivlarni muzlatish kiradi. Ular 31 martdan amal qila boshlaydi. 

Ukrainani qo‘llab-quvvatlash yapon hukumatining ustuvor yo‘nalishidan biri bo‘lib qolyapti

Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishida 25 fevral kuni «Yettilik guruhi» (G7) onlayn sammiti chog‘ida Rossiyaga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar joriy etish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, hozir Ukraina bilan birdamlik ko‘rsatish muhim, chunki jang maydonida vaziyat og‘ir va janglar cho‘zilib ketgan. Yaponiya bosh vaziri Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bu yilgi vazirlar mahkamasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolishiga ishontirdi. 

Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari tufayli Yaponiya sanksiyalari allaqachon RFdan 1 mingdan ortiq kishi va 120 dan ortiq tashkilotga ta’sir ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, Yaponiya Rossiya Federatsiyasiga eksport qilish taqiqlangan tovarlar va texnologiyalar ro‘yxatini tasdiqladi, unda 800 ga yaqin tovarlar mavjud.

Mavzuga oid