Buxoro va Zafarobod tumanlariga yangi hokimlar tayinlandi
Romitan tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Anvarjon Ochilov Buxoro tumaniga, Paxtakor tumani hokimi o‘rinbosari G‘ayratjon Eshpo‘latov esa Zafarobod tumaniga hokim etib tayinlandi.
Xalq deputatlari Buxoro tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Botir Zaripov ishtirok etgan sessiyada tashkiliy masala ko‘rilgan. Tuman hokimi vazifasida ishlab kelayotgan Halim Safarov lavozimidan ozod etilgan.
“Tan olish kerak, tumanning oldingi rahbari Halimjon Safarov boshchiligida hududda qisqa muddatda keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. U bildirilgan ishonchni oqlash uchun fidoyilik bilan ishladi, jonkuyarlik ko‘rsatdi. Uning rahbarligida barcha sohalarda o‘sish kuzatildi. Ammo keyingi paytda Halimjon Safarovning sog‘ligi yomonlashgani zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali bajarish imkoniyatini cheklab qo‘ydi. U sog‘lig‘i yomonlashgani munosabati bilan tuman hokimi lavozimidan ozod etishni so‘rab, ariza bilan murojaat qildi”, degan sessiyada so‘zga chiqqan viloyat hokimi Botir Zaripov.
Shundan so‘ng viloyat hokimi Halimjon Safarovni Buxoro tumani hokimi lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi qarorni o‘qib eshittirgan.
Shuningdek, sessiyada Ochilov Anvarjon Zubaydulloyevich Buxoro tumani hokimi lavozimiga tasdiqlangan. U bungacha Romitan tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.
Eslatib o‘tamiz, Halim Safarov 2023 yil 8 avgust kunidan Buxoro tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgandi.
Shuningdek, Jizzax viloyatining Zafarobod tumani hokimi ham o‘zgardi. Viloyat hokimligi matbuot xizmatiga ko‘ra, bugun xalq deputatlari Zafarobod tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazilgan.
Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev sessiyada Zafarobod tumani hokimi lavozimiga tavsiya etilgan nomzod G‘ayratjon Eshpo‘latovni tanishtirgan.
G‘ayratjon Eshpo‘latov shu vaqtgacha Paxtakor tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.
2022 yil avgust oyida Zafarobod tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan O‘tkir Rahmonov lavozimidan ozod etilgan.
Mavzuga oid
09:51 / 21.11.2024
Buxoroning ayrim hududlarida gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi
20:55 / 20.11.2024
“Eski, sovuq sinfxonalarda o‘qiyapmiz” – Buxoroda qurilishi bitmagan maktab-internat o‘quvchilari sarson bo‘lyapti
18:24 / 20.11.2024
Fayzulla Xo‘jayevning jiyani professor Sulaymon Inoyatov vafot etdi
14:38 / 20.11.2024