O‘zbekiston | 20:36 / 11.03.2024
22660
6 daqiqa o‘qiladi

Angor hokimi “Ayollar daftari” mablag‘laridan Captiva-5 sotib oldi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Angor tumani hokimining “Ayollar daftari” mablag‘laridan avtomashina sotib olgani holatini tekshira boshladi. Captiva-2 rusumli xizmat mashinasi YTHga uchragan hokim uni sotib, o‘rniga 350 mln so‘mlik Captiva-5 xarid qilishga qaror qilgan.

Qosim Mardonov / Foto: Angor tumani hokimligi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi OAV va ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgan holatlar o‘rganilayotganini ma’lum qildi.

Angor hokimining Captiva-5 xaridi

Agentlik Surxondaryoning Angor tumani hokimi Qosim Mardonov “Ayollar daftari” jamg‘armasi hisobidan 349 mln 900 ming so‘mga Captiva-5 avtomashinasi xarid qilganini tekshirishni boshlagan.

Bu holat haqida Telegram'dagi “Revizor” kanali xabar bergan. Kanalning yozishicha, Angor tumani hokimligi balansidagi davlat raqami 75 026 DAV bo‘lgan Captiva-2 rusumli xizmat mashinasi YTH natijasida nosoz holatga kelib qolgan, shu sababli auksion orqali 120 mln so‘mga sotilgan. Keyin Angor tumani hokimi yangi avtotransport vositasi xaridi uchun 349 mln so‘m ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Bu qaror asosida tuman hokimligi 349 mln 900 ming so‘mga bir dona Captiva-5 avtotransport vositasini xarid qilgan.

“Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Angor tumani hokimligi mazkur davlat xaridini “Ayollar daftari“ga kiritilgan Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirgan. Shuningdek, tuman hokimligining MIB organlaridagi umumiy qarzdorligi 1,4 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, tuman va shahar hokimlari uchun faqat bitta dona, qiymati 1 000 BHMgacha bo‘lgan (yoki 340 million so‘mgacha) xizmat avtotransport vositasi xarid qilinishi mumkin”, – deya yozadi kanal muallifi.

Tadbirkorlikdan davlat xizmatiga

Antikorrupsiya agentligi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Ilzat Qosimov ayni paytda bir necha MChJda hammuassis ekanini ham o‘rganmoqda.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, 7 mart kuni lavozimga tayinlangan Ilzat Ablaxatovich Qosimov Toshkentda ta’sis etilgan ikkita korxonada ulushlarga ega:

  • “Oxus Construction Engineering Company” MChJ (49 foiz). 2020 yil iyulda ro‘yxatga olingan. Faoliyat turi – yashash uchun mo‘ljallanmagan binolar qurish. Ustav fondi – 10 mln so‘m.
  • “Silk Way Core Point” MChJ (33,3 foiz). 2023 yil martda ro‘yxatga olingan. Faoliyat turi – tijorat faoliyati va boshqaruv masalalari bo‘yicha maslahat berish. Ustav fondi – 3 mln so‘m.

“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunga binoan, davlat xizmatchilari tadbirkorlik sub’yektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga haqli emas. Aksiyadorlik jamiyatlarining erkin muomalada bo‘lgan aksiyalariga egalik qilish hollari bundan mustasno.

Ushbu qonunga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxs davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilingandan so‘ng tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatib turishi tartibi qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.

Bu haqdagi nizom loyihasi 2022 yil dekabr oyida muhokamaga qo‘yilgan edi. Unda agar biznesmen davlat xizmatiga qabul qilinsa, biznesini yo ishonchli boshqaruvga topshirishi, yo vaqtincha boshqarishga berishi, yoki muassislar (ishtirokchilar) tarkibidan ixtiyoriy ravishda chiqishi taklif etilgandi. Hujjat ayni paytga qadar qabul qilinmadi.

Agrobank o‘tkazgan tender

Agentlik tekshirayotgan holatlardan yana biri – Agrobank o‘tkazgan 1,3 mlrd so‘mlik tender.

Diplomat.uz'ning yozishicha, Agrobank 7 mart kuni o‘tkazgan “Pul o‘tkazmalari” mavzusida reklama roliklari olish bo‘yicha 1,3 milliard so‘mlik tenderda o‘zaro bog‘liqliklari bor korxonalar ishtirok etgan.

Tenderda uchta – Edmond GT, Twins Creative and Entertainment, Quasar Design kompaniyalari ishtirok etgan.

Birinchi va ikkinchi firmani Voxe Group bog‘lab turadi, uchinchi firma – Quasar Design tenderdan diskvalifikatsiya qilib yuborilgan. Nashrga ko‘ra, Voxe Group xodimi Eduard Firidjanov – Edmond GT ta’sischisi; Voxe Group bosh direktori Tursunov Ravshan – Twins Creative and Entertainment ta’sischisi, Voxe Group bosh direktori o‘rinbosari Hasan Salixov – Twins Creative and Entertainment rahbari va ta’sischisi. Voxe Group Production departamenti rahbari Davlat Arabshoyev – Twins Creative and Entertainment ta’sischisi hisoblanadi.

“Lot shartlariga ko‘ra, g‘olib tashkilot 10 kun ichida “Pul o‘tkazmalari” mavzusida bir birini to‘ldiruvchi 3 ta reklama roligini tayyorlashi kerak. Ushbu reklamalar ko‘chadagi LED ekranlarda, internet tarmog‘ida va televideniyeda e’lon qilinishi rejalashtirilgan. Har bir videorolik xronometraji 20 sekundgacha bo‘lishi kerakligi talab qilingan. Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi Agrobankdagi mazkur tender qanchalar korrupsiyadan xoli ekanligi bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishini kuzatamiz”, – deb yozgan nashr.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi yuqoridagi holatlar bo‘yicha o‘rganish yakunlari yuzasidan batafsil ma’lumot berilishini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid