Iqtisodiyot | 15:57 / 11.03.2024
11618
4 daqiqa o‘qiladi

Italiya Markaziy Osiyo bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri logistika yo‘nalishlarini o‘rnatmoqchi

Italiya parlamenti senatida "O‘rta yo‘lak: Italiya, Ozarboyjon va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi xavfsiz tranzit yo‘nalishi" mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Foto: «Dunyo» AA

"Dunyo" xabariga ko‘ra, Italiya Osiyo instituti (ISIA) tomonidan tashkil etilgan anjumanda Italiya tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri o‘rinbosari Edmondo Chiriyelli, parlament a’zolari va tahlilchilari, Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarboyjon diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

Konferensiyani ochar ekan, uning asosiy tashabbuskorlaridan biri, Italiya parlamenti har ikki palatasining Mintaqaviy aloqalar komissiyasi raisi, senator Franchesko Silvestro italyan biznesi bugungi kunda jadal rivojlanib borayotgan Markaziy Osiyo mintaqasini qayta kashf etishi kerakligini ta’kidladi. Ushbu mintaqa bilan Italiya eksportining 2 milliard dollardan oshgani ham shundan dalolat beradi.

"Sanoatchilarimiz o‘z e’tiborini Markaziy Osiyo respublikalarining ishlab chiqarish quvvatlari va energetika resurslariga qaratishi kerak. O‘z navbatida, Italiya ushbu mamlakatlarning rivojlanayotgan iqtisodiyotiga nou-xaularni yetkazib berish uchun yaxshi imkoniyatga ega. Ishonchim komilki, bunday hamkorlik o‘ta muhim va o‘zaro manfaatli natijalarga olib kelishi mumkin", - dedi u.

Konferensiya davomida Markaziy Osiyo davlatlari  va Ozarboyjonning "O‘rta yo‘lak" deb ham ataladigan Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini ilgari surish bo‘yicha ijobiy va samarali tajribasi muhokama qilindi.

Ma’ruzachilarga ko‘ra, ushbu yo‘nalish yangi geosiyosiy voqeliklar sharoitida Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi xalqaro savdo yo‘llariga dolzarb muqobildir, shuningdek, ushbu fonda Italiya va butun Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kavkaz va Markaziy Osiyo mintaqalari bilan ko‘p qirrali savdo-iqtisodiy hamkorlik faollashmoqda.

Xususan, ISIA instituti prezidenti Mario Morgoni Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini Italiyani butun Sharqiy Osiyo bilan bog‘lashi kerak bo‘lgan strategik multimodal transport va energiya koridori sifatida ko‘rishini ma’lum qildi. Shu nuqtayi nazardan, u Ozarboyjon, Gurjiston, Qozog‘iston va Turkiya tomonidan 2022 yil noyabr oyida Oqtov shahrida qabul qilingan savdodagi to‘siqlarni bir vaqtda bartaraf etish hamda 2022-2027 yillarga mo‘ljallangan "O‘rta yo‘lak"ni rivojlantirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi"ning muhimligini ta’kidladi. 

Italiya TIV rahbarining o‘rinbosari Edmondo Chiriyelli Italiya Markaziy Osiyo mamlakatlarida bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlarga ega ekanini bildirdi. "Italiya transport infratuzilmasini rivojlantirishga o‘zining fundamental hissasini qo‘shishga hamda butun mintaqa iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlashga tayyor", u.

Edmondo Chiriyelli Italiyaning Markaziy Osiyo bilan suvdan oqilona foydalanish, Orolbo‘yi aholisiga tegishli ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishda ko‘maklashish kabi dolzarb yo‘nalishlarda hamkorlik qilish qat’iy niyatini ma’lum qildi. Uning aytishicha, Italiya mintaqa davlatlari duch kelayotgan dolzarb muammolarni hal etish bo‘yicha tajriba loyihalarini amalga oshirishda texnik va moliyaviy yordam ko‘rsatish orqali Orolbo‘yi mamlakatlari uchun keng qamrovli loyihani amalga oshirish niyatida.

Mamlakat elchisi Abat Fayzullayev ishtirokchilarga respublikada yuklarni tashish va qayta ishlash mexanizmlarini takomillashtirish borasida erishilgan yutuqlar haqida ma’lumot berdi. Turkiya bilan hamkorlikda E-Permit avtorizatsiya blankalarini elektron almashish, Ozarboyjon bilan E-Tir tizimi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan digital-TIR tizimi joriy etilgani ta’kidlandi. Xuddi shunday amaliyotni butun "O‘rta yo‘lak" bo‘ylab joriy etish taklifi ham ilgari surildi.

Mavzuga oid