Rossiyaning Ukraina bilan chegara hududlariga diversiya uyushtirildi
«Rossiyaga ozodlik» legioni o‘z jangchilari Belgorod va Kursk oblastlari «chegarasini kesib o‘tgani»ni ma’lum qilgan. RF mudofaa vazirligi buni rad etib, «yorib o‘tish» amalga oshmaganini bildirdi.
12 mart kuni tongda Rossiyaning Belgorod va Kursk oblastlari hududlarida rossiyalik harbiylar hamda Ukraina tomonidagi qurollangan tuzilmalar o‘rtasida janglar boshlandi, deb xabar bergan rossiyalik harbiy muxbirlar.
Rossiyalik harbiy bloger Semyon Pegov muallifligidagi WarGonzo telegram-kanali «pikaplardagi qurollangan guruhlar» minomyot va artilleriya zarbalari qo‘llovida Belgorod oblastida chegarani buzib o‘tishga harakat qilganini ma’lum qilgan. Kanal ma’lumotiga ko‘ra, chegaradan yorib kirishga urinish Xarkiv oblastining Odnorobovka aholi yashash manzili hududidan amalga oshirilgan va Belgorod oblasti tomon 50 ga yaqin kishi harakatlangan.
WarGonzo yozishicha, jang natijasida qurolli guruhlar o‘zlarining dastlabki pozitsiyalariga chekingan, bu yerda ularning ustiga «uzoq masofadan zarba berish vositalari bilan o‘q yog‘dirilgan». Harbiy muxbir taxminiga ko‘ra, bu hududda faqat «Rossiya ko‘ngillilar korpusi va Sibir batalyoni terrorchilari harakatlangan».
Belgorod oblastiga hujum haqida VGTRK korrespondenti Andrey Rudenko ham xabar bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda „razvedka janglari“ bo‘lib o‘tgan. Uning tasdiqlashicha, rossiyalik harbiylar hujum qilganlarning uchta zirhli transportyorini yo‘q qilgan. Rudenko Moskva vaqti bilan taxminan soat 08:00 larda „hozirda janglar davom etmoqda“ deb yozgan.
Rudenko Kursk oblastining Tetkino aholi yashash manzilida ham chegarani buzib o‘tishga urinish kuzatilganini xabar qilgan. Uning ma’lumotiga ko‘ra, „dushman kuchlarining bir qismi yakson etilgan, qolgani chekingan“.
WarGonzo manbasi tasdiqlashicha, Tetkino hududidagi birinchi jang taxminan soat 8 da boshlangan. Baza telegram-kanali o‘qotar qurollar vositasida olib borilgan jang vaqtida ikki kishi jarohatlangani, ulardan biri — mahalliy aholi vakili ekanini xabar qilgan.
„Starshe Eddi“ harbiylashgan telegram-kanali Belgorod oblastida „dushman kuchlari zirhlangan manyovr guruhlar, piyodalar va yengil texnikalar bilan Grayvoronsk yo‘nalishida yorib o‘tishga harakat qilgani“ haqida yozgan. „Davlat chegarasining bir qancha uchastkalarida o‘ta shiddatli janglar olib borilmoqda“, — deyilgan xabarda.
„Rossiyaga ozodlik“ legioni tanklar bilan chegara kesib o‘tilishi aks etgani aytilgan kadrlarni namoyish etgan. „Sibir batalyoni“ ham „RF hududida kechayotgan janglar“ videosini namoyish etgan. Kanalda joylashtirilgan videolardan biridagi harbiy rossiyaliklarni prezident saylovlarida qatnashmaslikka chaqiradi.
Bu videolar qachon va qayerda olingani oxirigacha aniq emas, bu guruhlarning xabarlari haqiqiyligini mustaqil manbalar orqali tasdiqlab bo‘lmaydi.
Davlat dumasining sobiq deputati, ayni vaqtda Ukrainada yashayotgan muxolifatchi siyosatchi Ilya Ponomaryov „Rossiyaga ozodlik“ legioni, „Rossiya ko‘ngillilar korpusi“ va „Sibir batalyoni“ „qo‘shma amaliyot doirasida“ Kursk va Belgorod oblastlariga kirgani haqida xabar berdi.
Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov Grayvoron shahar okrugi Ukraina qurolli kuchlari tomonidan o‘qqa tutilganini ma’lum qilgan. Region rahbari mudofaa vazirligiga havola bergan holda havo hujumidan mudofaa kuchlari okrug hududida „Vampir“ baravar o‘t ochish reaktiv tizimining sakkizta reaktiv snaryadi va „Tochka-U“ kompleksining bitta raketasini urib tushirganini aytgan. Okrug minomyot va artilleriya zarbalari ostida qolgan, „vayrongarchiliklar bor“. Xususan, Grayvoron shahrida 11 ta xususiy uy hamda beshta avtomobil shikastlangan.
Keyinroq Kursk oblasti gubernatori Roman Starovoyt region hududiga diversiya guruhi yorib kirmoqchi bo‘lgani, otishma ro‘y bergani, ammo chegara buzib o‘tilmaganini xabar qildi.
Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) ukrain qurolli tuzilmalari Belgorod va Kursk oblastlarining chegaradagi ayrim aholi yashash punktlariga kirgani haqidagi xabarlar „haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi“ni ma’lum qildi. Maxsus xizmatlar tasdiqlashicha, 10 mart kunidan buyon Belgorod va Kursk oblastlariga kirmoqchi bo‘lgan diversiya guruhlari yuzdan ortiq kishi, oltita tank, fransuzlarning Caesar rusumli artilleriya qurilmasi hamda 20 dona jangovar zirhlangan mashinalaridan ayrilgan.
O‘z navbatida, RF mudofaa vazirligi „ukrain terrorchi tuzilmalari“ 12 mart kuni soat uchlar atrofida „fuqarolik obektlari intensiv o‘qqa tutilishidan keyin Rossiya hududiga uch yo‘nalishda: Odnorobovka, Nexoteyevka va Spodaryushinoda Rossiya hududlariga bostirib kirishga uringani“ni ma’lum qildi. „Ukraina qurolli kuchlarining barcha hujumlari qaytarildi, jiddiy yo‘qotishlarga uchragan ukrain tuzilmalari uloqtirib tashlandi. Chegara buzib o‘tilishiga yo‘l qo‘yilmadi“, — deyilgan vazirlik xabarida. Bundan tashqari, Kursk oblastining Tetkino aholi yashash punkti hududiga yorib kirishga uringan ukrain diversiya guruhlarining to‘rt hujumi qaytarildi, deya qo‘shimcha qilgan idora.
Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi rasmiy vakili Andrey Yusov qurolli tuzilmalar hujumi yuzasidan munosabat bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya fuqarolaridan tarkib topgan bu tuzilmalar „mutlaqo avtonom, mustaqil harakatlanib, o‘z ijtimoiy-siyosiy dasturlarining vazifalarini bajarmoqda“.
Mavzuga oid
20:12
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024