Jahon | 20:30 / 16.03.2024
10787
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi joriy yil oxirigacha Rossiya gazidan voz kechmoqchi

Yevropa Ittifoqi tez orada hukumatlarga gaz sotib olishni sanksiyalarsiz bloklash imkonini beruvchi qonunni joriy qiladi.

Foto: Getty Images

Yevropaning energiya masalalari bo‘yicha komissari Kadri Simsonning aytishicha, Yevropa Ittifoqi Rossiya Federatsiyasidan suyultirilgan tabiiy gaz (STG) import qiluvchilarga xaridlarni sezilarli darajada kamaytirish uchun bosimni oshirmoqda.

Bloomberg xabariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining so‘nggi harakatlari ta’minotni qayta taqsimlashga va Rossiya harbiy mashinasini moliyalashtirishga putur etkazishga qaratilgan. Simson 15 mart kuni Yevropa Ittifoqiga suyultirilgan gazning eng yirik yetkazib beruvchisi bo‘lgan Qo‘shma Shtatlar vakili bilan STG yetkazib berish hajmini oshirish masalasini muhokama qilgan.

«Bu yil Rossiya gazi eksportidan uzoqlashish davom etishi kerak. Yevropa Ittifoqida biz Rossiyadan STG sotib olishni kamaytirish uchun bosimni oshirmoqdamiz. Buning uchun AQSh ta’minoti ishonchli bo‘lishi kerak», dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa hukumatlari Rossiya gazini xarid qilishni to‘xtatish uchun yangi qonun kuchga kirgach, bunday oqimlarni qo‘shimcha sanksiyalar qo‘llamasdan to‘sib qo‘yish imkonini beruvchi yangi vositaga ega bo‘ladi. Bu bir necha hafta ichida sodir bo‘ladi.

«Biz so‘nggi oylarda Rossiya o‘z daromadlarini kamaytirganini ko‘rdik, ammo biz hali ham Rossiya suyultirilgan gazining Yevropa bozorlariga chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ko‘p ish qilishimiz kerak», deb xulosa qildi Simson.

Mart oyi boshida Simson Yevropa Ittifoqi ichki bozorni barqarorlashtirish choralarini ko‘rganini va Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri Rossiya gazi importini 71 foizga qisqartirganini aytdi.

Mavzuga oid