Jahon | 19:13 / 21.03.2024
17480
8 daqiqa o‘qiladi

HAMASning G‘azo bo‘yicha takliflari, Rossiyada kengaytirilayotgan armiya va aholisi keksayayotgan Turkiya - kun dayjesti

So‘nggi kun ichida dunyoda sodir bo‘lgan eng muhim voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlar sharhi odatdagidek kundalik dayjestimizda. 

G‘azodagi vaziyat

HAMAS harakati o‘t ochishni doimiy to‘xtatish borasida o‘z takliflarini e’lon qildi. Uning ko‘p punktlarini «noreal» deb atagan va rad etgan.

Takliflarga e’tibor beramiz. HAMAS olti haftalik asirlar almashinuvidan so‘ng o‘t ochishni doimiy to‘xtatish, harbiy harakatlar to‘xtatilgach, isroillik barcha mahbuslarni ozod etishni taklif qilmoqda. Isroil 6 hafta o‘tgach urush qayta boshlanishini, muzokaralar natijasidan qat’i nazar, Rafahga keng ko‘lamda hujum uyushtirilishini ta’kidlagan.

HAMAS tomonidan garovda ushlab turilgan bolalar, ayollar, qariyalar va kasalmand insonlar Isroilda qamoqda saqlanayotgan 700-1000 nafar falastinlikka almashtirilish talabiga javoban Isroil 1 nafar isroillikka 10 nafar falastinlik almashtirilishini ta’kidlagan.

HAMAS urushdan keyingi G‘azoda Isroil anklavni to‘liq tark etishi, insonparvarlik yordamlariga to‘siq bo‘lmasligi, G‘azodan majburiy ko‘chirilganlarning o‘z uylariga qaytishiga monelik qilmaslik talabini qo‘ygan. Isroil esa sektorni muddatsiz harbiy okkupatsiya qilish, G‘AZOdagi barcha siyosiy fraksiyalar hukumatga kirmasligi, BMTning Yaqin Sharqda falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi tugatilishi, yordamlar Isroil tomonidan tanlab olingan falastinliklar tomonidan taqsimlanishi, G‘azoda faqat yahudiylar yashaydigan manzilgohlar tashkil etilishi ehtimolini ilgari surmoqda. 

Ukrainaga yordam

Kongress Ukrainaga 60 mlrd dollarlik yordam uchun ovoz beradi, degan AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan

«Biz Ukrainaga uchun bu yordamni olamiz. O‘tgan haftada front uchun zarur bo‘lgan qurol-aslahalardan iborat 300 mln dollarlik yangi yordam paketi ajratdik», — degan Baydenning maslahatchisi Kiyevga yashirin tashrifi chog‘ida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Ukrainaga yanada ko‘proq qurol-yarog‘ jo‘natish uchun 50 dan ortiq davlatni qamrab olgan koalitsiya bilan birgalikda ish olib boradi.

Sallivanning ta’kidlashicha, Rossiya allaqachon yutqazib bo‘lgan, AQSh Ukrainaga ishonadi va Ukraina ham AQShga ishonishi kerak. Jo Bayden Ukrainaga pul ajratilishi uchun har kuni kurash olib bormoqda.

Niderlandiya ilk F-16 samolyotlarini Ukrainaga 2024 yilning ikkinchi yarmidan yetkazib bera boshlaydi. Bu haqda mamlakat mudofaa vaziri vazifasini bajarib turgan Kaysu Ollongren Kiyevga tashrifi chog‘ida aytgan.

Bundan tashqari Ukraina Kanadadan 1,5 mlrd dollarlik yordam ham olgan. Bu pullar evaziga hukumat budjet taqchilligini qoplamoqchi.

Ispaniya Urkinaga 20 ta Leopard-2 tanklarini berishga qaror qilgan. Chexiya esa allaqachon Ukraina uchun 300 mingta snaryadlar to‘plashga muvaffaq bo‘lgan. Bu frontda uch-to‘rt oy nafas rostlab olish uchun yetarli. 

Rossiya armiyasidagi o‘zgarishlar

Vladimir Putin yangi muddatga prezident etib saylangach, Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu ikkita yangi armiya va 14 ta diviziya tuzilishini anons qildi.

«Yil so‘ngiga qadar ikkita umumqo‘shin armiyasi, 30 ta bog‘lanma, jumladan 14 ta diviziya va 16 ta brigada tuzish rejalashtirilmoqda», — degan Shoygu vazirlik hay’at yig‘ilishida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «qurolli kuchlarning jangovar imkoniyatlarini oshirish» Vladimir Putinning — «oliy bosh qo‘mondonning qaroriga ko‘ra» amalga oshirilmoqda. Shoyguning aytishicha, allaqachon armiya korpusi, motoo‘qchi diviziya va Dnepr daryo flotiliyasi va bu flotiliyaning daryo katerlari brigadasi tuzib bo‘lingan.

Bu orada yana AQSh prezidenti bo‘lishga intilayotgan Donald Tramp NATO AQShdan ko‘ra Yevropa uchun muhimroq ekanini qayd etdi. Chunki AQSh uni himoya qiluvchi okean ortida joylashgan. Lekin shunga qaramasdan AQSh shimoliy alyans xarajatlarining 90 foizini qoplaydi. 

Rossiyaga qarshi sanksiyalar

Jahondagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodi Rossiyaga tegishli neft tankerlarini Hindistondan haydab solishni talab qila boshladi

AQSh tomonidan joriy qilingan sanksiyalar ta’siriga tushib qolmaslik uchun Hindistondagi Reliance Industries xususiy neftni qayta ishlash zavodi Rossiyaning «Sovkomflot» kemachilik kompaniyasi tankerlarida yetkazilgan neftni qabul qilishdan bosh tortgan, deb yozadi Reuters.

G‘arb kompaniyalari 2022 yilda Rossiya neftidan voz kechganidan so‘ng uning asosiy xaridoriga aylangan Hindistonda bu holatning yuz berishi Rossiya nefti savdosiga jiddiy ta’sir o‘tkazishi mumkin.

Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, jahondagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodiga ega Reliance Industries kompaniyasi Rossiya nefti sanksiya ostidagi «Sovkomflot» tankerlarida yetkazilmasligi talabini qo‘ygan.

2023 yilning oxirlaridan buyon Hindistonga Rossiya neftini yetkazib berish qariyb 35 foizga qisqargan va bu hol yanada davom etishi mumkin: neftni qayta ishlash zavodlari Vashington tomonidan har qanday negativ reaksiyaga duchor bo‘lmaslikka harakat qilib, o‘ta ehtiyotkorlik namoyish etishmoqda.

Turkiya ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar rejimiga amal qilmayotgan kompaniyalarni AQShga «topshirishi» ma’lum qilindi. Turkiya hukumati AQSh bilan yangicha Rossiyaga qarshi «sanksiyalarga rioya qilish sxemasi» bo‘yicha kelishuvga erishgan, deb yozadi Hürriyet gazetasi. 

Otao‘g‘ilning yumushi

Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning 18 yoshli to‘ng‘ich o‘g‘li — bir oycha avval Checheniston yoshlar ishlari bo‘yicha vaziri etib tayinlangan Ahmat Qodirov ijtimoiy tarmoqlarda negativ yozgan insonlarni ushlash bilan shug‘ullanadigan bo‘ldi.

«Chechen madaniyati va mentalitetiga to‘g‘ri kelmaydigan» noto‘g‘ri komment yozgan va post qo‘ygan foydalanuvchilar aniqlanib, ular bilan «tarbiyaviy ishlar» olib boriladi.

Hali biror ishda o‘zini ko‘rsatishga ulgunmagan Ahmat Qodirov chechenistonning oliy mukofoti bobosi Ahmat Qodirov nomidagi orden bilan ham taqdirlangan. 

Qarib borayotgan Turkiya

Turkiya BMT tasnifi bo‘yicha aholisi qarib borayotgan mamlakatlar sirasiga kiritildi. Bunday toifaga tushib qolish uchun mamlakat umumiy aholisi sonida «demografik qariyalar» ulushi 10 foizdan oshishi kerak.

BMTning aholi nufusi bo‘yicha fondi ma’lumotlariga ko‘ra, jahon aholisi shiddat bilan qarib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, qariyalar soni eng ko‘p bo‘lgan hudud Yevropadir — ko‘hna qit’ada aholining 19 foizi qariyalardan iborat.

Aholisi soni 85 mlndan oshgan Turkiyada ham butun dunyodagidek aholi «qarishi» tendensiyasi kuzatilmoqda. 2023 yil yakunlariga ko‘ra, Turkiyada 65 yoshdan oshgan fuqarolar soni 8,72 million kishini tashkil etgan.

Ekspertlarga ko‘ra, 2060 yilga borib Turkiyada qariya aholi ulushi 22,6 foizni tashkil etadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid