O‘zbekiston | 21:02 / 26.03.2024
9975
4 daqiqa o‘qiladi

26 martning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar

Umra xizmati uchun litsenziya, cheklangan narxdan xalos bo‘layotgan metan zapravkalar, sel va toshqin xavfidan ogohlantirish, korrupsiyaga oid jinoyatlar soni oshgan hududlar - kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishing. 

Shavkat Mirziyoyev Yangi Namangan shahri loyihasi va chet tillar instituti qurilishi bilan tanishdi

Muhim ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar ijrosi bilan tanishish maqsadida Namangan viloyatida bo‘lib turgan Shavkat Mirziyoyev Ishoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillar instituti kampusi qurilishini ko‘zdan kechirdi.

Shuningdek, qurilish ishlari 2 yil oldin boshlangan, 200 ming aholiga mo‘ljallangan Yangi Namangan shahri bosqichlari prezidentga taqdimot qilindi. Hozirda bu yerda 2764 ta xonadonli ko‘p qavatli uylar barpo etilgan, yana 648 ta xonadonli uylar qurilmoqda.  

KUN RAQAMI

2024 yil 1 mart holatiga soliq organlarida 337 ming 477 ta ko‘chmas mulk ijara shartnomasi hisobga qo‘yildi. 

«O‘zgidromet» yana sel-suv toshqini xavfi haqida ogohlantirdi

26-30 mart kunlari O‘zbekiston hududi bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Kutilayotgan kuchli yomg‘irlar yog‘ishi sababli, 26-31 mart kunlari respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Tog‘oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda tog‘li hududlarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish so‘ralgan. 

1 apreldan metan-shoxobchalarda cheklangan narxning amal qilish davri tugaydi

O‘tgan yilning sentabr oyida qabul qilingan hukumat qarori bilan 6 oy davomida avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida metan gaz narxi 3250 so‘mdan oshib ketmasligini ta’minlash vazifasi qo‘yilgan edi. 1 apreldan bu muddat yakuniga yetadi va chakana narx oshishi mumkin. 

Umra xizmatlarini ko‘rsatuvchi firmalar uchun litsenziya joriy etiladi

2024 yil 1 martdan boshlab turistik faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya talabi bekor qilindi. Shu munosabat bilan Umra tadbirlarini tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi turfirmalar uchun alohida litsenziya joriy etilmoqda

Robotlar ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi kompaniya O‘zbekistonda ofis ochmoqda

IT Park ijrochi direktori Abdulahad Qo‘chqorov va Xitoyning NUWA Robotics kompaniyasi direktori Hung Jui-Jyen o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi

Korrupsiyaga oid jinoyat sodir etganlar soni qaysi hududlarda oshgani ma’lum bo‘ldi

2023 yilda korrupsiyaga oid jinoyat ishlari bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar (6535 nafar) avvalgi yil (7414) ga nisbatan 12 foizga kamaygan. Korrupsiyaga oid jinoyat sodir etgan shaxslar soni Andijon, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida oshgan — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi.

Eng ko‘p sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlar o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish — 2067, pora berish — 894, firibgarlik — 769, pora olish — 121 va hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish — 125  hisoblanadi. 

O‘quvchining nomusiga tegmoqchi bo‘lgan musiqa o‘qituvchisi 8 yilga qamaldi

Toshkent shahar sudi xabariga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida 64 yoshli shaxsga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha yopiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi.

Sudlanuvchi JKning 119-moddasi 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid