O‘zbekiston | 20:26 / 29.03.2024
9782
4 daqiqa o‘qiladi

29 martning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar

Aholiga ko‘chat ekish uchun sharoit, yuz yoshdan oshgan nuroniyga prezident sovg‘asi, aholi gavjum joylarda kuchaytirilayotgan xavfsizlik; Farg‘onada mug‘ombirlik uchun, Toshkentda futbol maydoniga yugurib chiqqani uchun qamalgan yigitlar - kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishing. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Yashil makon» doirasidagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

Jumladan, Nurafshon, Bekobod shahri, O‘rta Chirchiq, Toshkent va Ohangaron tumanlari hududidan 34 gektar yer 30 yil muddatga obodonlashtirish boshqarmalariga beriladi.

Har 1 gektar uchun mahalliy budjetdan 100 million so‘m ajratilib, tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilinadi. Yer tayyor holga keltirilib, daraxt ekish xohishi bor aholiga o‘zi istagan turdagi ko‘chatni ekishi uchun sharoit yaratiladi.

Bu tashabbus ma’qullanib, har bir viloyatda kamida 20 gektardan yer ajratib, ushbu tajribani boshlash topshirildi. Viloyat markazlari, Toshkent va Nukus shaharlaridagi kamida 2 tadan markaziy ko‘chada mahalliy iqlimga mos gul ko‘chatlarini ekib, ularni tematik ko‘chaga aylantirish muhimligi ta’kidlandi. 

KUN FOTOSI

Prezident Shavkat Mirziyoyev ramazon oyi va yaqinlashib kelayotgan Hayit bayrami munosabati bilan Namanganda yashovchi 108 yoshli nuroniy Ibrohimjon hoji ota Xo‘jayevga Traverse avtomashinasini tuhfa qildi. 

O‘zbekistondagi axborot resurslariga kiberhujumlar 2,4 barobarga oshdi

2022 yilda UZ domenidagi axborot resurslariga 4,5 mln marta kiberhujum qayd etilgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 11 mlntaga yetgan. Raqamlar kibertajovuzlar 2,4 barobarga oshganini ko‘rsatadi.

Ammo internet tarmog‘ining milliy segmentida 2022 yilda 235 ta, 2023 yilda esa 158 ta kiberxavfsizlik hodisasi aniqlangan. Bu 2022 yilga nisbatan 32 foizga kamroq. 

KUN RAQAMI

2024 yil yanvar-fevral oylarida savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 151 ming 387 ta yuridik shaxs tomonidan 3,7 TRLN SO‘Mdan ortiq soliq to‘langan. 

O‘zbekiston dunyo iqtisodiy erkinlik indeksida 6 pog‘ona yuqoriladi

«Iqtisodiy erkinlik indeksi – 2024» reytingida O‘zbekiston 184 ta mamlakat orasida 55,9 ball bilan 103-o‘rinni egallagan. O‘tgan yilga qaraganda fiskal salomatlik (-13,2 ball) va davlat xarajatlari (-4,5 ball) masalasida ahvol sezilarli darajada yomonlashgan.

So‘nggi hisobotga ko‘ra, mamlakat reytingi 0,6 ballga yomonlashgan bo‘lsa-da, 6 pog‘onaga yuqorilagan va iqtisodiyoti erkin bo‘lmagan mamlakatlar guruhidan joy olgan. 

Toshkent va Samarqandda odamlar gavjum joylar kuchaytirilgan tartibda qo‘riqlanmoqda

Toshkent shahri IIBB xodimlar savdo majmualari, ko‘ngilochar maskanlari, bozorlar va boshqa jamoat joylarida kuchaytirilgan tartibda xizmat olib borayotganini ma’lum qildi.

Samarqandda esa Family Park va Makon Mall savdo-ko‘ngilochar majmualari oldida ichki ishlar xodimlarining qurollangan naryadlari navbatchiligi tashkil etilgan.

Toshkentda qurilishi bitmagan binoning beton bo‘laklaridan biri qulab tushdi

Toshkent shahar qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi Qushbegi ko‘chasida qurilayotgan ko‘p qavatli uy devorlari shamol natijasida qulab tushgan.

Yollanma ishchilar tomonidan obekt devorlarini demontaj qilish paytida ehtiyotsizlikka yo‘l qo‘yilishi oqibatida beton bo‘laklaridan biri qurilish maydonidan tashqariga tushgani aniqlangan.

Farg‘onada mug‘ombirlik bilan nogironlik aravachasida tilanchilik qilgan yigitlar jazolandi

Yigitlar sog‘lom bo‘lsa-da, nogironlik aravachasida jamoatchilik joylarida navbati bilan tilanchilik qilishgan. Asli buxorolik bo‘lgan ikki yigitga 10 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan

Milliy jamoaning Hongkongga qarshi o‘yinidan so‘ng tartibsizlik qilgan shaxslar javobgarlikka tortildi

O‘yinga final hushtagi yangraganidan so‘ng maydonga chiqib ketib, tartibsizlik qilgan 6 nafar bolaning ota-onasi jarimaga tortilgan. 2 nafar shaxs 5 sutka, bir kishi 7 sutkaga ma’muriy qamoq jazosi olgan. OFK mazkur tartibsizlik uchun O‘FAni jarimaga tortgan.

Mavzuga oid