O‘zbekiston | 20:44 / 02.04.2024
11355
6 daqiqa o‘qiladi

2 aprelning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar

Yangi tayinlovlar, metan gaz narxini oshirgan shoxobchaga chora, Bekoboddagi voqea bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi, uy qamog‘idagi shaxslarni elektron braslet orqali nazorat qilish- kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishing. 

Tayinlovlar

Iskandar Qutbiddinov — Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Rustam G‘ofurov — Qashqadaryo viloyatining Kitob tumani hokimi etib tayinlandi.

Husan To‘xtayev — Samarqand viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari tayinlandi.

Durdona Rahimova — Toshkent shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari tayinlandi. 

Xitoy Farg‘onada elektr energiyasini saqlash tizimini quradi

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov Xitoyning Aleks Van boshchiligidagi China Gezhouba Group Overseas Investment Co. Ltd kompaniyasi delegatsiyasini qabul qildi.

Ushbu kompaniya dastlabki baholash bo‘yicha jami 144 mln dollar miqdoridagi to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kiritish hisobiga O‘zbekiston tumanida quvvati 150 MW (300 MWh) bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimini qurish loyihasini amalga oshirishga kirishmoqda. 

KUN FOTOSI

Namangan viloyatidagi Axsikent tarixiy maskanida Qoraxoniylar davriga mansub turar joy inshootlari topildi. Inshootlar o‘ziga xos qurilish uslubiga ega bo‘lib, asosan sinchli uylar xom va pishiq g‘ishtlar bilan qurilgan.

Aholi turar joylarida oshxona, yuvinish xonasi, isitish sandallari, supalari va maxsus xo‘jalik o‘ralari mavjud bo‘lgan. Aholi zich yashagani uchun shaharda ikki qavatli uylar qurilgan. Uylarning yerto‘la qismi asosan pishiq g‘ishtdan qurilgan va oziq ovqat omborlari vazifasini o‘tagan.

Avtomobil importi bo‘yicha rejalashtirilayotgan yangi cheklovga izoh berildi

O‘zbekistonda jismoniy shaxslarning tijorat maqsadida xorijdan avtomobil olib kirishi taqiqlanishi kutilyapti. Yangi avtomobillarni faqat dilerlar tomonidan olib kirilishi tartibini tiklash ham reja qilingan.

Texnik tartibga solish agentligining qayd etishicha, avtomobil importyorlari transport vositasi turini ma’qullash hujjatini rasmiylashtirish jarayonidan qochib, bir turdagi transport vositasining har birini boshqa jismoniy shaxslar nomiga o‘tkazgan holda muomalaga chiqarib, ichki bozorda sotib kelyapti. Taklif etilayotgan o‘zgarish kuchga kirsa, bojxonada avtomobillarni boshqa shaxs nomiga o‘tkazish taqiqlanadi. Natijada, xorijdan O‘zbekistonga transport vositalarini faqat yuridik shaxslar olib kira oladigan bo‘ladi. Olib kirishdan oldin esa avtomobilning turini ma’qullash talab etiladi. Buning uchun avtomobilning O‘zbekiston sharoitiga mosligi tekshiriladi. 

Andijondagi metan zapravka narxni sun’iy oshirgani uchun gaz ta’minotidan uzib qo‘yildi

Andijon viloyatining Izboskan tumanidagi metan zapravka narxni asossiz oshirgani uchun gaz ta’minotidan uzib qo‘yildi.

Hukumat qarori bilan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida tabiiy gazni sotishda uning eng baland chakana narxi 2024 yil 1 iyungacha bir kub metr uchun 3 350 so‘m qilib belgilangandi. Bu talabga rioya qilmagan AGTKShlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi ma’lum qilingan edi. 

Birinchi chorakda davlat budjeti defitsiti 19,8 trln so‘mdan oshdi

Joriy yil yanvar oyida davlat budjeti taqchilligi 5,7 trln so‘mni, fevralda 7,2 trln so‘mni, martda 6,8 trln so‘mni tashkil etgan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi taqdim qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar oyida davlat budjeti daromadlari – 16 trln 159,9 mlrd so‘mni, xarajatlari esa – 21 trln 926,7 mlrd so‘mni tashkil etgan. Budjet daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi farq 5 trln 766,8 mlrd so‘mga yetgan. 

6 ta viloyatda qor ko‘chish xavfi e’lon qilindi

3–8 aprel kunlari kutilayotgan yog‘ingarchilik va havo harorati o‘zgarishi sababli Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Jizzax, Toshkent va Namangan viloyatlarida qor ko‘chish xavfi yuzaga kelishi mumkinlishi e’lon qilindi

Bekobodda 5-qavatdan tushib ketib, halok bo‘lgan ayol hodisasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi

28 yoshli ayol turmush o‘rtog‘i tomonidan muttasil ruhiy va jismoniy tahqirlangani ta’kidlanmoqda.

«Mazkur holat yuzasidan Bekobod tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, marhumaning eriga nisbatan Jinoyat Kodeksining 103-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozir tergov harakatlari olib borilmoqda», deyiladi Bosh prokuratura ma’lumotida. 

Toshkentda yo‘lovchi ayolga shilqimlik qilgan haydovchi 5 sutkaga qamaldi

Toshkentda mashinasiga yo‘lovchi sifatida chiqqan ayolga shilqimlik qilgan 30 yoshli haydovchi 5 sutkaga qamaldi. Sudda haydovchi tezlik richagini almashtirayotganda qo‘li ayolning oyog‘iga tegib ketganini aytgan

Uy qamog‘idagi shaxslarni elektron braslet orqali nazorat qilish amaliyoti joriy etiladi

IIV uy qamog‘idagi shaxslarni elektron braslet orqali nazorat qilish ko‘zda tutilgan qaror loyihasini e’lon qildi. Ushbu amaliyot 2024 yilda bosqichma-bosqich joriy etilishi rejalashtirilgan.

Uning dasturiy ta’minoti ishlab chiqilgan, respublikaning 14 ta hududida sinovdan o‘tkazilib, amaliyotga joriy etishga tayyor holatga keltirilgan. 

Mavzuga oid