19:52 / 04.04.2024
27049

Erdo‘g‘an nima uchun mahalliy saylovlarda mag‘lub bo‘ldi va endi uning hokimiyatiga qanday xavf bor?

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an rahbarligidagi hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi yakshanba kuni chuqur iqtisodiy inqiroz sharoitida bo‘lib o‘tgan mahalliy saylovlarda kutilmaganda mag‘lubiyatga uchradi. Turkiyaning barcha yirik shaharlari ustidan nazoratni boy bergan Erdo‘g‘an uchun bu dramatik yo‘qotish nimani anglatadi?

Foto: Reuters

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, asosiy muxolifat kuch hisoblangan Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP) butun mamlakat bo‘ylab 37,8 foiz ovoz oldi, Adolat va taraqqiyot partiyasi (ATP) — 35,5 foiz.

Ko‘plab ekspertlar bu saylovlarni «Erdo‘g‘anning tarixdagi eng yirik mag‘lubiyati» deb atashmoqda.

Jumhuriyat xalq partiyasi ATPni Erdo‘g‘anni uning 21 yillik hukmronligi davridagi umummilliy ovoz berish yakunlariga ko‘ra nafaqat ilk bor mag‘lub eta oldi, balki so‘nggi o‘n yilliklardagi eng ko‘p ovozni qo‘lga kiritdi. BBC tahlilchisi Chag‘il Kasapo‘g‘li bu qanday ro‘y bergani haqida yozdi.

Iqtisodiy muammolar: giperinflatsiya va aholi noroziligi

Hukmron partiyaning mag‘lubiyatiga olib kelgan asosiy omil mamlakatdagi chuqur iqtisodiy inqiroz bo‘ldi.

Yashash narxi faqat 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga urush boshlashidan keyin ko‘tarila boshlagan ko‘plab davlatlardan farqli o‘laroq Turkiyadagi iqtisodiy inqiroz 2018 yildan buyon davom etib kelmoqda. Mamlakatdagi inflatsiya 65 foizdan oshadi, milliy valuta lira esa so‘nggi besh yilda 80 foizga qadrsizlangan.

Erdo‘g‘an prezidentligi davridagi Turkiya hukumati ko‘pincha hozirda oddiy odamlar hayoti naqadar qiyinlashganini tushunmaslikda ayblanadi.

Yashash narxi oshishi muxolifat g‘alabasiga yordam bergan asosiy omil bo‘ldi, deydi ekspertlar
Foto: CHRIS MCGRATH/GETTY IMAGE

«Hukmron ATP iqtisodiy inqirozning vayronkor oqibatlarini juda kech tan oldi», — deydi BBC bilan suhbatda Anqaradagi Hoji Bayram Vali universiteti professori Bahodir Turk.

U Erdo‘g‘an va uning partiyasi 2023 yilgi prezidentlik saylovlaridagi g‘alabadan keyin «iqtisodiy inqirozdan chiqish borasida o‘ta optimistik» kayfiyatda bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.

«Menimcha bu Erdo‘g‘an va ATP yo‘l qo‘ygan eng katta xato edi», — deb hisoblaydi professor Turk.

Muxolifatchilar saylovoldi kampaniyasi chog‘ida yashash narxi oshayotgani haqida ko‘p gapirdi.

Saylovlarda ATP nomzodiga qarshi kurashgan Istanbulning taniqli meri Akrom Imomo‘g‘li «Mamlakatimiz qashshoqlikka loyiq emas» shioridan keng foydalandi. Yakunda u ishonchli g‘alabaga erishdi va yana besh yil davomida shaharga hokimlik qiladigan bo‘ldi.

Muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi vakili hisoblangan Imomo‘g‘li Erdo‘g‘anni «iqtisodiyot qonunlarining oyog‘ini osmondan qilish»da ayblagan.

2023 yil bahorida Erdo‘g‘an qatorasiga uchinchi muddatga prezident etib saylangandi va kampaniya davrida iqtisodiyotni tiklashga va’da bergandi. Ammo, ekspertlar aytishicha, 2024 yilgi mahalliy saylovlarda saylovchilar shaxsan mamlakat prezidentiga emas, balki umuman hukmron partiyaga o‘z salbiy munosabatini bildirdi.

«Saylovchilar uchun o‘z yetakchilariga bo‘lgan hissiy bog‘liqlikdan voz kechish oson ish emas. Ammo mahalliy saylovlarda ular yetakchi [Erdo‘g‘an] uchun emas, partiya uchun ovoz berishi kerak edi. Va bu saylovlarda ular Adolat va taraqqiyot partiyasidan noroziligini bildirdi», — degan BBC’ga Istanbuldagi O‘zegin universiteti professori Evren Bolta.

Muxolifat bazani kengaytirmoqda

Endi Imomo‘g‘li keyingi prezidentlik saylovlariga nomzod sifatida ko‘rilmoqda
Foto: ERDEM SAHIN / EPA-EFE

Asosiy muxolifat partiyasi sanalgan Jumhuriyat xalq partiyasi Turkiyaning eng yirik shaharlari, xususan Istanbul, Anqara va Izmirda hokimiyatni saqlab qoldi — va yana bir qancha katta shaharlarda, jumladan mamlakatning eng yirik to‘rtinchi shahri Bursada hokimiyatni qo‘lga kiritdi.

Respublikachilar odatda Turkiyaning ATPga ovoz beruvchi konservativ saylovchilar yashaydigan markaziy hududlarida ham katta mashhurlikka erishdi — va ko‘plab sharhlovchilar bu hodisani «qizil to‘lqin» deb atamoqda — partiya rangi saylov xaritasida qanday aks etishini nazarda tutgan holda.

Jumhuriyat xalq partiyasi 1923 yilda zamonaviy Turkiya asoschisi Mustafo Kamol Otaturk tomonidan tuzilgan, bu millatchilar pozitsiyasida turuvchi dunyoviy siyosiy kuch hisoblanadi. Uning an’anaviy saylovchilari o‘rta sinfga mansub bo‘lib, asosan g‘arb va janubi-g‘arbdagi katta shaharlarda yashashadi.

Zamonaviy Turkiya respublikasi tashkil topganidan buyon konservatorlar va dindorlar Jumhuriyat xalq partiyasiga ularning qadriyatlariga (islomiy fazilatlar va taqvo) tahdid sifatida qarab kelgan.

O‘z navbatida, JHP konservativ siyosiy guruhlarni, jumladan ATPni islomiy g‘oyalardan foydalanishda ayblaydi. Diniy va dunyoviy jamoalar o‘rtasidagi bo‘linish o‘n yillar mobaynida Turkiya siyosatini belgilovchi omil bo‘lib kelgan.

Ammo so‘nggi yillarda muxolifatdagi JHP hatto nisbatan konservativ va dindor saylovchilar orasida ham mashhurlikka erisha boshladi — va bu ularning hozirgi g‘alabasi sabablaridan biriga aylandi.

G‘alaba haqida ma’lum bo‘lgach, Imomo‘g‘lining tarafdorlari Istanbul meriyasi atrofida to‘plandi
Foto: REUTERS/UMIT BEKTAS

«2017 yildan buyon, 2016 yilgi davlat to‘ntarishiga urinishdan keyin, Jumhuriyat xalq partiyasi konservatorlar bilan siyosiy murosa qilish bo‘yicha siyosiy strategiyani qo‘lladi va bo‘linishga barham berdi», — deb hisoblaydi professor Bolta.

Istanbulda Imomo‘g‘lining g‘alabasiga yordam bergan asosiy omillardan biri kurdlar jamoasi qo‘llab-quvvatlovi bo‘ldi. Uning a’zolari amaldagi merga ovoz berishdi, holbuki byulletenda kurdparast Yashil so‘llar partiyasi vakili ham bor edi.

Bolta kurd jamoasi a’zolari bu orqali strategik ovoz berishni amalga oshirdi, deb hisoblaydi.

«Bir tomonda, g‘alaba qozonishga jiddiy da’vogar bo‘lgan va ularni „terrorchilar guruhi“ deb hisoblaydigan Adolat va taraqqiyot partiyasi. Boshqa tomonda kurdlarga teng huquqli fuqarolar sifatida qarovchi Imomo‘g‘lining Jumhuriyat xalq partiyasi. Shunday ekan, ular aqlli tanlov qildi va Imomo‘g‘liga ovoz berishdi», — deya izohlaydi Bolta.

Muxolifatchilarga bu saylovda yordam bergan yana bir omil, — uning o‘z messejini saylovchilarga yetkaza olish qobiliyati bo‘ldi. Turkiyadagi ko‘plab nashrlar hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan agentliklar tomonidan nazorat qilinsa-da, bu nazoratni mutlaq nazorat deb bo‘lmaydi.

Prezident Erdo‘g‘an ko‘pincha ommaviy axborot vositalarini monopollashtirishda va avtoritar rejim joriy etishda ayblanadi. Ammo Bolta avtoritarizm turli darajada namoyon bo‘lishi mumkinligiga e’tibor qaratgan.

«Turkiyada mass-media yoki siyosiy partiyalar ustidan nazorat hech qachon Rossiyadagi kabi bo‘lmagan — va hech qachon bo‘lmaydi ham, — deya ishonch bilan gapiradi u. — Bu yerda hali ham jiddiy siyosiy raqobat mavjud va bu yerda odamlar bilan gaplashish uchun vositalar va imkoniyatlarga ega muxolifat mavjud».

Bu prezident Erdo‘g‘an boshqaruvi tugab borayotganini anglatadimi?

Erdo‘g‘anning partiyasi jiddiy mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, ekspertlar uning siyosiy yetakchiligi tugashi haqida gapirishga hali juda erta deb hisoblashadi.

Erdo‘g‘anning prezidentlik vakolatlari 2028 yilda yakunlanishi kerak. 31 mart kuni o‘tkazilgan saylovlardan bir necha kun oldin prezident hozirgi muddati o‘zi uchun so‘nggisi bo‘lib qolishini aytgandi.

«Erdo‘g‘an bu muxolifat uchun ajoyib saylov bo‘lganini tan olgan bo‘lsa-da, u baribir Turkiya siyosatida asosiy kuch va katta ta’sirga ega bo‘lib qolaveradi, — deydi professor Turk. — Saylovchilarning ko‘pchiligi uchun u hamon juda hurmatli va sevimli shaxs ekanini unutmaslik kerak».

Turkning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yillarda «Erdo‘g‘anning xarizmatik hokimiyati va partiya byurokratiyasi faoliyati» uyg‘unligi ATPning muvaffaqiyatini ta’minlagan . «Ammo menimcha, bunday uyg‘unlik asta-sekin yemirilib bormoqda va buni mahalliy saylovlar natijalari ham ko‘rsatmoqda», — deb hisoblaydi ekspert.

Istanbulning qayta saylangan meri Akrom Imomo‘g‘li hali bunday niyatini oshkor etmagan bo‘lsa-da, endilikda prezidentlik lavozimi uchun asosiy da’vogarlardan biriga aylandi. Professor Boltaning fikricha, merlikni saqlab qolish orqali Imomo‘g‘li prezidentlikka ehtimoliy nomzod sifatidagi salohiyatini mustahkamladi.

Erdo‘g‘anning tarafdorlari natijalardan qayg‘uda
Foto: NECATI SAVAS/ EPA-EFE

Erdo‘g‘an yigirma yildan ortiq hukmronligi davomida o‘z siyosiy ta’sirini Turkiyadan tashqaridagi hududlarga ham yoydi. U Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi vositachi sifatida namoyon etdi — va 2022 yilda Ukraina oziq-ovqat mahsulotlari eksportini tiklash bo‘yicha kelishuv tuzilishida yordam berdi; prezident shuningdek Turkiyaning Afrika va Osiyo mamlakatlari bilan savdo aloqalarini ham kengaytirdi; Yaqin Sharqdagi muhim figuraga aylandi.

Tahlilchilar fikricha, mahalliy saylovlardagi bu qadar og‘ir mag‘lubiyat «uning xalqaro legitimligiga ham putur yetkazishi mumkin».

«Imomo‘g‘li ishlaydigan demokratik tizim yaratishga va’da bermoqda. Biz muxolifat va jahondagi katta davlatlar o‘rtasida moliyaviy, madaniya va siyosiy aloqalar mustahkamlanib borishiga guvoh bo‘lishimiz mumkin», — deya taxmin qiladi Bolta.

Bu saylovlarni Erdo‘g‘anning siyosiy yetakchiligi tugashi deb bo‘lmasa ham, natijalar uning hokimiyati uchun jiddiy chaqiriq tashlaydi. Turkiya prezidentining o‘zi ham aytganidek, «31 mart biz uchun yakun emas, ammo burilish pallasi».

Erdo‘g‘an o‘z tarafdorlarining qo‘llab-quvvatlovini qaytarish uchun qo‘lidan keladigan barcha ishni qilishga va’da bermoqda. Ammo ovoz berish natijalaridan ruhlangan muxolifat ham bu muvaffaqiyatdan o‘z ta’sirini zabt etilgan munitsipalitetlardan tashqariga yoyishda foydalanadi hamda hokimiyatga real siyosiy muqobil sifatida gavdalanishga harakat qiladi.

Top