Erdo‘g‘an – Iroqda. Kurd separatizmiga zarba berildimi?
Turkiya prezidenti Arab bahoridan beri ilk marta Iroqqa tashrif buyurdi. O‘tgan oyda rasmiy Bag‘dod Kurd ishchilar partiyasini taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgan edi. Buning evaziga Istanbul bu qo‘shnisi bilan iqtisodiy aloqalarni kuchaytiradi. Ayni paytda, Turkiyaning Iroq hududi orqali Fors ko‘rfaziga chiqish rejalarini Eron va Rossiya xushlamayapti.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 2011 yildan beri ilk marta Iroqqa tashrif buyurdi. Ikki qo‘shni davlat iqtisodiyot va xavfsizlik borasida qator kelishuvlarga erishdi. “Geosiyosat” bu strategik tashrif atrofidagi savollar bilan siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov, Habibullo Azimov va Ravshan G‘oziyevga yuzlandi.
— Erdo‘g‘anning Iroqqa tashrifiga asosiy sabablar nima edi?
Ravshan G‘oziyev: — Turkiya va Iroq qo‘shni davlat, tarixiy, madaniy, iqtisodiy bog‘liq. Ikki davlat munosabatlari doim yaxshi bo‘lgan, sovuq urush davrida ham. Erdo‘g‘anning 12 yil bormaganiga bir nechta omillar bor. Arab bahoridan keyingi Iroqdagi tartibsizlik, xavfsizlik izdan chiqishi kabilar bilan bog‘lash mumkin. Lekin strategik jihatdan Iroq bilan munosabatlar muhim bo‘lgan doim.
Tashrifning eng asosiy sabablari – iqtisodiy va xavfsizlikka oid masalalar. Turkiya va Iroq savdo aylanmasiga qarasak, 2023 yilda 20 mlrd dollarni tashkil qilgan. Bu bilan Iroq Turkiyaning eng asosiy o‘nta savdo hamkoridan biri. Bunda Turkiya 13 mlrd dollarlik eksport qiladi, 7 mlrd import qiladi. Bundan tashqari, bir qancha loyihalar haqida gapirish mumkin. Keyin xavfsizlik masalasi, bu asosan Kurd ishchilar partiyasi bilan bog‘liq masala.
Habibullo Azimov: — 1932 yilda Iroq Britaniyadan mustaqil bo‘lgach, Turkiya bilan munosabatlari 1958 yilgacha yaxshi bo‘lgan. O‘sha yili Hoshimiylar sulolasi ag‘darilib, hokimiyatga Aldulkarim Qosim keladi. Shu bilan Iroq Bog‘dod paktidan chiqib ketadi. Sotsialistlarning hokimiyatga kelishi Turkiyani xavotirga soladi. Kurd separatizmidan xavotir bo‘ladi. Iroq ma’lum davrlarda kurd separatizmidan Turkiyaga qarshi vosita sifatida ham foydalangan. Masalan, 1960-yillarda Turkiya va Iroq munosabatlari yomonlashadi, sababi Turkiya qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun Dajla va Frot daryolarini yopib, katta loyiha boshlaydi va o‘rtaga suv muammosi chiqadi. Shuningdek, 1980 yildan bugungi kungacha Turkiya Iroq hududida 15 dan ortiq harbiy operatsiyalar o‘tkazgan.
Arab bahoridan keyin Iroqdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat o‘zgardi, shialar hokimiyatga keldi. Iroq va Eron yaqinlashishi sabab Turkiyaning Iroqdagi manfaatlariga putur yetdi. Bugun Ko‘rfaz arab davlatlari bilan yaqinlashish Turkiya manfaatlariga to‘g‘ri keladi, deb ko‘rilyapti Turkiya tomonidan.
— Iroqdagi kurd etnik guruhlari o‘rtasidagi munosabat Turkiya tashqi siyosatida qanday o‘rin tutadi?
Kamoliddin Rabbimov: — Turkiya uchun birinchi o‘rinda turadigan muammo – kurd separatizmi. Bu muammo Erdo‘g‘an kelishidan oldin ancha kuchli edi. Erdo‘g‘an islomiy qarashdagi shaxs bo‘lgani sabab ichkarida kurdlar va turklarni ma’lum darajada integratsiya qila oldi. Bir vaqtlar rasmiy Anqaraning mafkurasi dunyoviy millatchilik bo‘lgan, o‘sha vaqti kurdlar tomonidan kurd millatchiligi ham oldinga surilgan. Turkiya mintaqadagi qolgan 3 ta davlat bilan kurd separatizmi borasida hamkorlikka, yagona pozitsiyada bo‘lishga intilib kelgan, bular – Suriya, Iroq, Eron.
Iroqning shimolida anchagina kurdlar yashaydi. Arab bahoridan keyin Iroqda etnik tarqoqlik bor. Shimoldagi kurdlar ma’lum darajada ichki-tashqi siyosatda siyosiy erkinliklarni qo‘lga kiritdi. Erdo‘g‘an birinchi Bag‘dodga bordi, keyin shimoldagi Irbil shahriga bordi va u yerda ham alohida muzokaralar o‘tkazdi. Erdo‘g‘an Iroq tomonidan kurd separatizmi bilan kurashilishi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Kurd ishchilar partiyasi Iroqda man qilingan, u bilan kurash olib boriladigan siyosiy kuch sifatida e’lon qilindi va Turkiya bilan birga qarshi kurash olib borishga kelishib olindi.
Ravshan G‘oziyev: — 80-yillarda Kurd ishchilar partiyasi tashkil topgach, separatistik harakatlar kuchaygan. Har yili o‘nlab turk askarlari kurd separatistlari bilan kurashda halok bo‘ladi. O‘tgan yili dekabr oyida ham 28 nafar turk askari halok bo‘ldi.
Iroqdagi Sulaymoniy degan joyda Talaboniylar oilasi bor, ularning Kurdiston vatanparvarlar birligi degan tashkiloti mavjud. Bu tashkilot bevosita Kurdiston ishchilar partiyasi bilan bog‘liq, ularga yordam berib keladi. O‘tgan yilgi voqealardan keyin Turkiya tashqi ishlar vaziri “Iroq Talaboniy oilasining Kurdiston ishchilar partiyasiga yordami masalasini ko‘rib chiqmasa, biz jiddiy harakatlar qilamiz”, dedi. Erdo‘g‘anning tashrifidan keyin esa Kurdiston ishchilar partiyasi terrorchi partiya sifatida e’lon qilindi.
Habibullo Azimov: — Kurdlar asosan ikkita siyosiy partiyaga bo‘linadi: birinchisi Barzoniy asos solgan Kurdiston demokratik partiyasi, ikkinchisi Talaboniylar tashkil qilgan Kurdiston vatanparvarlar birligi. Barzoniylarning Turkiya bilan munosabatlari yaxshi, asosiy muammo Talaboniylar bilan bo‘ladi. Yuqorida aytilgandek, ular Kurdiston ishchilar partiyasini ham qo‘llaydi. Ya’ni asosiy muammo shu Talaboniylar bilan bog‘liq, butun Iroqdagi kurdlar bilan emas.
Saddam Husayn hokimiyati ag‘darilgach, Talaboniy ma’lum muddat davlat rahbari ham bo‘lgan, ya’ni bu sulola rostdan ham katta ta’sirga ega. Yaqin Sharqdagi ba’zi arab davlatlarida qabilachilik tizimi haligacha saqlangan va ularning siyosiy ta’siri ham kuchli.
— Turkiya va Iroqning transport va energetika sektoridagi hamkorliklari qaysi muammolar bilan to‘qnash kelmoqda?
Kamoliddin Rabbimov: — Endi dunyoda kurash hududlar uchun bo‘lmaydi, balki transport logistika, geoiqtisodiy bog‘liqliklar uchun raqobat bo‘ladi. Erdo‘g‘anning Iroqqa tashrifida ham shunday raqobatni ko‘rish mumkin. Keyingi bir necha yil davomida 18-20 mlrd dollarlik Taraqqiyot yo‘li loyihasi – Turkiyaning Iroq hududi orqali Fors ko‘rfaziga chiqishi loyihasi amalga oshirilishi kerak. Turkiya so‘nggi 1 yil ichida Eronni bu loyihaga jalb qilishga urindi, ammo Eron qo‘shilmadi, uning o‘z loyihalari bor. Turkiya tomonidan bu loyiha taklif etilishi Eronning Bandar Abbos kabi loyihalari qiymatini tushiradi. Shu loyihalar doirasida Turkiya va Eron raqobatchi bo‘lib turibdi.
Eron ham kurd separatizmini xavf deb biladi. Lekin yillar davomida Eron va kurdlar munosabati me’yorlashgan. Ya’ni Eronda kurd separatizmi xavfi kuchli emas. Shu nuqtayi nazardan ham Eron va Turkiya qarashlari bu borada aynan bir xil emas.
Habibullo Azimov: — Mustafo Barzoniy Eron hududida ilk kurd davlatini tashkil qilgan. Keyinchalik Sovet armiyasi chiqib ketgach, bu davlat qulatilgan. Barzoniy Moskvaga qochib ketadi va 1958 yildagi inqilobdan so‘ng Iroqqa qaytadi.
Ravshan G‘oziyev: — Kurd separatizmi omili juda qaltis masala. Mintaqadagi har bir davlatda kurd separatizmi bor. Ayniqsa Turkiya qat’iy pozitsiyada turadi bu borada. Hamkorlaridan ham Kurdiston ishchilar partiyasini terrorchi tashkilot sifatida e’lon qilishni kutadi.
Habibullo Azimov: — Turkiya Iroq shimolidagi mustaqil kurdlar davlati tashkil topishi bo‘yicha referendumni ham keskin tanqid qilgandi. Turkiya Barzoniylar bilan yaqin, lekin ularning mustaqil davlat tuzishini o‘ziga tahdid sifatida ko‘radi.
Ravshan G‘oziyev: — Iroq energiya resurslariga boy, 145 mlrd barrel nefti bor, dunyoda 4-o‘rinda, gaz zaxiralari ham katta. Shuning uchun ham Turkiya va Iroq munosabatlarida energetika omili asosiy bo‘lib kelgan. Katta loyihalari bor bu borada. Iroq neftini Yevropaga tashish loyihalari ham bor edi. Basradan Diyorbakrgacha boruvchi 15 ta bekatli temiryo‘l loyihasi ham bor, yo‘lovchi tashish tranziti ham muhim. Yo‘lovchi tashuvchi temiryo‘l keyinchalik tovar tashish uchun ham xizmat qiladi, degan fikrlar ham aytilyapti.
Habibullo Azimov: — Iroqning energiya resurslarining katta qismi shimoliy hududlarida. Iroq hukumatida shunday hadik borki, bu yerlar Turkiya tomonidan milliy chegaralar ichidagi hududlar deb ko‘rilishi hadigi. Shu ma’noda Barzoniylar va Turkiya yaqinlashuvi ham Iroqni xavotirga solgan. 80-yillardagi Turkiyaning ikkita loyihasiga ko‘ra, u yerdan neft quvurlar orqali Turkiya, keyin Yevropaga olib o‘tiladi.
— NATO va AQShning Turkiya va Iroq munosabatlariga ta’siri qanchalik katta?
Kamoliddin Rabbimov: — Rossiya tomoni Taraqqiyot yo‘li loyihasiga jiddiy shubha bildiryapti. Rossiya bu loyihaning amalga oshmasligidan ma’lum darajada manfaatdor. NATO va kollektiv g‘arbni esa ikkiga bo‘lish mumkin. AQSh kurdlar omilidan mintaqaga ta’sir qilish vositasi sifatida foydalanib kelgan. Turkiya va AQSh o‘rtasidagi sovuqchilikning birlamchi sabablaridan biri – kurdlar borasidagi pozitsiyalarning farq qilishi. Turkiya kurd separatistlarini terrorchi sifatida tan olishni so‘ragan, AQSh esa boshqacha qarashda bo‘lgan, ochiqcha yo yashirin tarzda kurd separatizmini qo‘llagan. YeIning ham Turkiya bilan munosabatlari bir xil emas. Fransiya bilan munosabat bir ko‘rinishda, Germaniya, Portugaliya, Ispaniya bilan munosabatlar ancha ijobiyroq.
NATOning rasmiy pozitsiyasi davlatlarning hududiy yaxlitligi va NATOga a’zo davlatlar manfaati doirasida bo‘ladi. Lekin NATOning ichidagi davlatlarning Turkiyaga nisbatan pozitsiyalari farqli. Masalan, Turkiyaning YeIga kirishiga birinchi veto qo‘ygan davlat – Fransiya. Chunki Yevropa parlamentidagi o‘rinlar a’zo davlatlardagi aholi soniga ko‘ra beriladi. Hozircha Germaniyada eng katta fraksiya, ikkinchi o‘rinda Fransiya. Agar Turkiya YeIga kirsa, eng katta fraksiya Turkiyaga to‘g‘ri keladi. Turkiyalik deputatlarning salmoqli qismi esa islomiy partiyadan bo‘ladi, bu esa Fransiyaning va boshqa davlatlarning manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi.
Ravshan G‘oziyev: — Iroqda AQSh va NATOning ta’siri kuchli. Harbiy bazalari, boshqa omillar bor. Iroqdagi harbiy operatsiyalarga Turkiya qarshi bo‘lgan, o‘zining hududidan foydalanmaslikni aytgan.
Kurdlar masalasida faqat AQSh va Isroil emas, Rossiya ham asosiy o‘yinchilardan bo‘lib kelgan. Birinchi bo‘lib kurd omilini Usmonli turklarga qarshi ruslar qo‘llagan. Yuqorida aytilgan Eron hududidagi kurdlar davlatini ham SSSR qurib bergan.
Lekin hozirda Iroqda AQSh pozitsiyasi kuchli. U yerdagi energiya resurslariga egalik qilish, geosiyosiy mavqeni oshirish maqsadida Iroqqa kirgan AQSh. Agar AQSh kirmaganida, Isroil uchun eng katta muammo Saddam Husayn bo‘lib qolishi mumkin edi.
Kamoliddin Rabbimov: — Saddam Husayn tuzumi yiqitilgach, mintaqada Eron kuchayib ketdi. Mintaqa arab davlatlari bundan norozi bo‘ldi, Saudiya tomoni ham AQShga qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqardinglar degan pozitsiyani bildirgan.
Ravshan G‘oziyev: — To‘g‘ri, Iroqdagi shialar hukumatga kelib, Eron bilan yaqinlashib ketdi. Lekin Iroqdagi hukumat baribir AQShning ta’siri ostida. Mustaqil deyish qiyin.
— Turkiya Iroq chegaralarida ham xavfsiz hudud yaratish uchun harbiy operatsiyalar olib boryapti. Umuman, xavfsizlik borasida ham to‘xtalsak.
Habibullo Azimov: — 6 yildan beri operatsiyalar davom etyapti. Turkiya Iroqda kurd separatizmi rivojlanib ketishiga qarshi kurashyapti. Turkiya kurd separatizmi o‘chog‘i sifatida Suriyadan keyin ikkinchi o‘rinda Iroqni ko‘radi.
Kamoliddin Rabbimov: — Iroqdagi vaziyat chigal. Aholining 60 foizi shia musulmonlarini tashkil qiladi, shuning uchun Eronning va shia imomlarining ta’siri katta. Shu sabab u yerdagi bosh vazirlar Eron bilan hisoblashadi, lekin xavfsizlik nuqtayi nazaridan AQShga bog‘langan. Tehron AQSh harbiy bazalari chiqib ketishini talab qiladi, lekin rasmiy Bag‘dod bunday qilolmaydi, chunki manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi. Bugungi Iroq bir qancha qudratli davlatlar o‘rtasida murakkab tanlovda qolgan.
Ravshan G‘oziyev: — IShID paydo bo‘lganda Iroq aynan AQSh va Britaniyadan yordam so‘ragan, boshqadan emas. Suriyani esa ishidchilardan Rossiya tozalagan edi.
Habibullo Azimov: — Iroq va Eronni shialik birlashtiruvchi omil bo‘lsa-da, bu raqobat nuqtasi hamdir. Ular o‘rtasida shialik markazi degan maqom uchun raqobat bor. Iroqdagi hokimiyatda bo‘lgan shialar Erondagi shia oliy imomlaridan o‘zlarining diniy rahbarlarini ustunroq ko‘radi. Mana shu narsa Eron bilan munosabatlarda bir to‘siq. Mazhab bir bo‘lsa-da, qarashlarda farq bor.
— Erdo‘g‘anning tashrifi fonida Turkiya–Iroq munosabatlari xususida qanday hulosalar qilish mumkin?
Ravshan G‘oziyev: — Iroq har doim Turkiya uchun strategik ahamiyatga ega davlat bo‘lib qoladi. Iroqdagi Kirko‘k shahrida turkamonlar yashaydi, ular o‘zlarini turk deb biladi. Kirko‘kda katta neft-gaz zaxiralari bor. Turkiya mana shu etnik ozchilikni qo‘llashini ham ba’zida bayon qilib turadi.
Energiya resurslari, xavfsizlik, Barzoniylar bilan ittifoqchilik kabi masalalar ham Turkiya uchun muhim ahamiyatga ega.
Habibullo Azimov: — Turkiyada “Adolat va taraqqiyot” partiyasi hokimiyatga kelgach, Ahmad Dovudo‘g‘li qo‘shni mamlakatlar bilan muammolarni hal qilmay, taraqqiyotga erisholmaymiz, degan g‘oyani ilgari suradi. Arab bahori bilan bog‘liq holatlar bu tamoyilga to‘sqinlik qildi. Turkiyaning bugungi harakatlarini shu tamoyilga qaytish sifatida ko‘rish mumkin.
Kamoliddin Rabbimov: — Bugungi Turkiya elitasi va jamoatchiligi Erdo‘g‘anning bu safarini kurd separatizmiga qarshi kurashda katta g‘alaba sifatida e’tirof etyapti. Iqtisodiy loyihalarning ham ahamiyati yuqori, lekin Turkiya jamiyati uchun kurd separatizmi katta muammo edi.
Erdo‘g‘an hokimiyatga kelgach, separatizm harakatlari juda pasaygan edi. Lekin uzoq muddat hokimiyatda qolayotgan Erdo‘g‘an uchun yana separatizm boshqacha bir ko‘rinishda bo‘y ko‘rsata boshlagan edi, tashqi kuchlar ham kurd separatizmini qo‘llab kelayotgandi. Iroqqa safarning birlamchi maqsadi kurd separatizmiga qarshi kurashda hamkorlikka erishish edi va bu borada diplomatik yutuqlarga erishildi. Kelishuvlar amalda qanday o‘zgarishga olib keladi, buni vaqt ko‘rsatadi.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
23:12 / 19.11.2024
Isroilning keyingi nishoni Turkiyami?
11:40 / 19.11.2024
Turkiyada qarindoshi tomonidan fohishalikka majburlangan qiz O‘zbekistonga qaytarildi
17:29 / 18.11.2024