Qiziltepa «zamhokimi»ning bosimi bilan ovoz to‘plangan loyihalar bekor qilinishi kerak
Qiziltepadagi hokimiyat majburlovi bilan ovoz to‘plangan loyihalar bekor qilinib, pul mablag‘lari keyingi o‘rinlardagi, odamlar uchun chindan ham muhimroq bo‘lgan loyihalarga sarflanishi lozim.

Navoiy viloyati Qiziltepa tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari O‘lmas Istamov Zoom orqali o‘tkazilgan onlayn majlisda tashkilot rahbarlariga kechgacha 50 tadan ovoz yig‘ishni buyurgan, aks holda kim bo‘lishidan qat’i nazar ishdan bo‘shatib yuborish bilan tahdid qilgandi. Uning bu xatti-harakati keng jamoatchilikning keskin e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya holat yuzasidan o‘rganish ishlari boshlanganini ma’lum qildi. Prokuratura va mehnat inspeksiyasi o‘tkazgan o‘rganishda hokim o‘rinbosarining harakatlarida huquqbuzarlik aniqlanib, unga nisbatan MJtKning 51-moddasi 1-qismi bilan jarima jazosi tayinlangan.
51-moddaning 1-qismiga ko‘ra, mehnatga biron bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash 50–100 BHM (17 mln so‘mdan 34 mln so‘mgacha) jarima solishga sabab bo‘ladi. Hokim o‘rinbosari aynan qancha jarimaga tortilgani ma’lum qilinmadi.
Hokimiyatning aralashuvi sezilib turgan loyihalar
Qiziltepa tumaniga «Tashabbusli budjet»ning 2024 yildagi 1-mavsumi uchun jami 16 mlrd 407 million 800 ming so‘m pul ajratilgan. Bu maksimum belgilangan mablag‘ – 1 mlrd 360 mlnlik 12 ta tashabbusni amalga oshirish uchun yetadigan mablag‘. Ya’ni tumanda loyihaning bir mavsumi davomida 12 ta ko‘cha obod bo‘lib qolishi yoki 12 ta maktab kapital ta’mirlanishi, jihozlanishi mumkin. Ammo e’tibor berib qaraydigan bo‘lsak, ovoz berish natijalari bo‘yicha «kuchli uchlik» hokimiyatga aloqador bo‘lgan tashabbuslardan tarkib topgan.

Hokimiyat tomonidan ilgari surilgan ehtimoli yuqori bo‘lgan loyihalar:
- M-37 magistral yo‘lining Qiziltepa tumanidan Karmana tumaniga borish qismi chap tarafiga yashil makon bog‘i sug‘orish tizimini tashkil etish;
- M-37 magistral yo‘lining Qiziltepa tumanidan Karmana tumaniga borish qismi o‘ng tarafiga yashil makon bog‘ini sug‘orish tizimini tashkil etish;
- Qiziltepa-Toshrabot yo‘lining chap tomonida barpo etilayotgan yashil makon bog‘ini sug‘orish tizimini tashkil etish;
- Tuman markazida joylashgan istirohat bog‘ida zamonaviy favvora o‘rnatish;
- Tuman markazidagi istirohat bog‘ida Nuroniylar maskanini barpo etish.
Qayd etish lozimki, sanalgan tashabbuslarning deyarli hammasi g‘oliblar qatoridan o‘rin olgan bo‘lishi mumkin. Bu esa tuman uchun ajratilgan pulning katta qismi hokimiyat tashabbusi va majburlovlari bilan ovoz to‘planilgan loyihalarga yo‘naltirilishini anglatadi.
Umuman olganda, xalq pulini xalqqa zarur ishlarga sarflash kerak. Qiziltepadagi hokimiyat majburlovi bilan ovoz to‘plangan loyihalar esa bekor qilinib, pul mablag‘lari keyingi o‘rinlardagi, odamlarga chindan kerak bo‘lgan loyihalarga sarflanishi adolatdan bo‘ladi.
Tavsiya etamiz
Modrich «Real»ni tark etadi
Sport | 20:38 / 22.05.2025
Suriya Isroil bilan murosa qiladimi?
Jahon | 15:40 / 22.05.2025
Sun’iy intellekt dunyodagi har to‘rtinchi ish o‘rniga ta’sir ko‘rsatmoqda - BMT
Jahon | 21:49 / 21.05.2025
Hindistonda firibgar kelin yetti oyda 25 nafar kuyovni aldadi
Jahon | 21:32 / 21.05.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Yer qarida ulkan oltin zaxiralari borligi aniqlandi
Jahon | 00:12
-
Malta iyun oyida Falastin mustaqilligini tan oladi
Jahon | 23:20 / 25.05.2025
-
SpaceX kompaniyasi Starship kemasi portlashiga nima sabab bo‘lganini e’lon qildi
Jahon | 22:35 / 25.05.2025
-
AQSh Federal zaxira tizimi sobiq xodimi Xitoy foydasiga josuslik qilganlikda ayblanmoqda
Jahon | 21:46 / 25.05.2025
Mavzuga oid

20:37 / 08.04.2025
«Tashabbusli budjet»ning 2-mavsumida ba’zi mahallalarga tanaffus beriladi

08:52 / 04.04.2025
“Tashabbusli budjet”da 33 ta loyiha qo‘shimcha g‘olib deb topildi

19:04 / 25.03.2025
“Tashabbusli budjet”dan ham umidini uzayotgan mahalla: Shahrixondagi maktab qachon ta’mirlanadi?

16:22 / 25.03.2025