O‘zbekiston | 20:00 / 06.04.2024
27276
17 daqiqa o‘qiladi

Bozorlar o‘rniga univermaglar, “Open budjet” yakunlari va Rivaldo bilan kelishuv - hafta dayjesti

Moskvadagi teraktdan keyin O‘zbekiston rasmiylari aholiga yana murojaat bilan chiqdi. Migrantlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi choralar e’lon qilindi. Toshkentdagi katta bozorlar ko‘p qavatli savdo markazlariga aylantiriladi. “Bunyodkor”ning Rivaldo va Denilson oldidagi qarzlarini kim to‘lashi ma’lum bo‘ldi. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa muhim xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Haftaning eng muhim voqeasi – “Tashabbusli budjet” g‘oliblarining e’lon qilinishi bo‘ldi. Bu loyiha millionlab o‘zbekistonliklarga mahalliy amaldorlar bergan va’dalar bajarilishini kutib o‘tirmay, o‘z yashash joyidagi muammolarni o‘zlari mustaqil hal etish imkonini bergani bilan ahamiyatli. Juma kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi bu yilgi birinchi mavsum g‘oliblarini e’lon qilishi bilan respublika bo‘ylab eng faol mahallalar o‘z g‘alabasini nishonlashni boshlab yubordi.

Bu safar fuqarolarning tashabbuslarini amalga oshirish uchun avvalgi mavsumga qaraganda 2 barobardan ko‘proq – 3,4 trln so‘mga yaqin mablag‘ ajratilgan va shu sabab g‘oliblar soni ham shunga yarasha ko‘proq bo‘ldi. “Bir fuqaro – bir ovoz” tamoyili joriy etilgani hisobiga bu galgi ovoz berish nisbatan adolatliroq o‘tganini ham ta’kidlash kerak. Shuning hisobiga berilgan ovozlar soni o‘tgan mavsumdagi 18 milliontadan bu mavsumda qariyb 12 milliontaga tushdi. 36 millionlik aholimizning katta qismi hali pasport olmagani, kattalarning ham bir necha million nafari xorijda ekanini inobatga olsak, 12 million fuqaroni qamrab olgan “Open budjet”ni O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining eng katta loyihasi deb atasak bo‘ladi.

Bizning bu ijobiy bahomizga loyiha tanqidchilari qo‘shilmasligi tayin. Ayniqsa, budjet tashkilotlari xodimlarini majburiy ovoz yig‘ishga safarbar qilish va ochiqchasiga ovoz sotib olish holatlari eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lyapti. Audiosi chiqib ketgan Navoiy viloyati Qiziltepa tumani hokimi o‘rinbosari O‘lmas Istamov bilan bog‘liq holat dengizdan tomchi ekani aniq. U tumandagi tashkilotlar rahbarlarini “Open budjet”da ovoz to‘plashga majburlab, aks holda ishdan bo‘shatish bilan tahdid qildi va onlayn majlisdagi bu gaplari internetda chiqib ketgach, majburiy mehnatga jalb qilish moddasi bilan ma’muriy jarimaga tortildi. U topshiriqni hokim berganini aytgan bo‘lsa-da, hokimning harakatlariga huquqiy baho berilgani yoki yo‘qligi ma’lum emas.

Nima bo‘lganda ham, 30 yil ichida birinchi marta o‘zbekistonliklar o‘zlari to‘layotgan soliqlarning kichikkina bo‘lsa-da bir qismini, ya’ni mahalliy budjetlarning qo‘shimcha daromadlaridan 30 foizini qayerga ishlatishni o‘zlari hal qilyapti. Istagan odam taklif kiritishi, istagan fuqaro o‘zi xohlagan taklifga ovoz berishi mumkin, eng ko‘p ovoz olgan takliflarga pul ajratilishi esa kafolatlangan. Aksincha bo‘lganida, bu 3,4 trillion so‘mni qayerga sarflashni ham kabinetlardagi chinovniklar belgilab bergan bo‘lardi.

Kuzatilayotgan muammolar esa – u majburiy mehnat bo‘ladimi, ma’muriy buyruqbozlik yoki fuqarolaring shaxsiy ma’lumotlari bilan bog‘liq masalami, bular – “Open budjet”siz ham mavjud bo‘lib kelayotgan muammolar. Loyiha ularni faqat yuzaga chiqaryapti. Shunday ekan, ayniqsa ma’muriy bosim ostida ovoz yig‘ilishi bo‘yicha mas’ullardan murosasiz bo‘lishni talab qilish maqsadga muvofiq, bizningcha.

Toshkent bozorlari ko‘p qavatli savdo markazlariga aylanadi

Toshkent shahrini bir yildan beri boshqarib kelayotgan Shavkat Umrzoqov “vazifasini bajaruvchi” qo‘shimchasidan xalos bo‘lib, hokim lavozimiga tasdiqlandi. 3 aprel kuni davlat rahbari ishtirokida o‘tgan sessiyada shahar deputatlari “O‘zavtosanoat”ning sobiq rahbari nomzodini bir ovozdan yoqlab ovoz berdi. Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, deputatlar bildirgan bu yuksak ishonch yangi hokimdan katta mas’uliyat, tinimsiz mehnat va fidoyilikni talab qiladi.

Prezident sessiyada so‘zlagan nutqida Umrzoqovga qator topshiriqlar berdi. Unga ko‘ra, investitsiya loyihalari orqali ish o‘rinlarini ko‘paytirish maqsadida, shahar hokimi yirik developerlar bilan muzokaralar o‘tkazib, Yunusobod tumanida 24,5 gektar joyni egallab turgan 14 ta davlat tashkiloti o‘rnida tijorat obektlari qurishni taklif qiladi. Bu obektlardan 8 tasi Amir Temur shoxko‘chasida joylashgan 3-4 qavatli eski binolar ekani aytilyapti. Bu binolarni olgan tadbirkorlar ularni yerosti avtoturargohiga ega ko‘p qavatli savdo va xizmat obektlari, ofis va mehmonxona shaklida qayta qurishi kerak bo‘ladi. Bunda Yunusobod tumani hokimligi, tuman soliq bo‘limi, moliya instituti, FHDYo arxiv binosi, Majburiy ijro byurosi binolari nazarda tutilayotgan bo‘lishi mumkin.

Shavkat Mirziyoyev bunday loyihalarni bank filiallari o‘rnida va davlat tashkilotlari egallab turgan 24,5 gektar negizida ham amalga oshirish mumkinligini aytdi. Masalan, “Tashselmash”da joylashgan Sanoatqurilishbankning Yashnobod filiali o‘rnida 21 qavatli bino qurilishi kutilyapti. 40 mln dollarga baholangan loyihani bankning o‘zi amalga oshirmoqchi. Bundan tashqari, shahardagi yirik bozorlarni ko‘p qavatli qilib qayta qurish ham taklif etilyapti. Xususan, Yunusobod dehqon bozori o‘rnida 6 qavatli majmua qurilishi mumkin.

“4,8 gektarlik Yunusobod dehqon bozori 1 qavatli bo‘lgani uchun dimiqib ketgan. Aloqabank (Irisbekov) va xorijiy investorlar yer ostiga 2 qavat, yer ustiga 6 qavat qilib qurishga 40 mln dollar sarmoya kiritib, 2500 ish o‘rni yaratish taklifini bergan”, – dedi davlat rahbari.

Shu kuni Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahrida ilk inshootlar qurilishini ham boshlab berdi. Marosimda “Yangi O‘zbekiston” universiteti va Toshkent davlat pedagogika universitetining kampuslari, Milliy kutubxona, Milliy teatr, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi, ijod maktabi hamda Milliy maqom markaziga tamal toshi qo‘yildi. “Yangi shahar qurilishi ilm-fan, ma’naviyat maskanlaridan boshlanayotgani bejiz emas. Bular ma’rifatli jamiyat barpo etish g‘oyamizning asosi va namunasi bo‘ladi”, – dedi prezident.

Bolalar kambag‘alligi 13,7 foizgacha kamaygan

O‘zbekistonda har 7 ta boladan biri kambag‘allikda kun kechiryapti. Bu haqda UNICEF bilan birga tahlil olib borgan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lum qildi. Aniqlanishicha, mamlakatda bolalar kambag‘alligi darajasi 2021 yildagi 21,5 foizdan 2023 yilda 13,7 foizgacha kamaygan. “Qishloq joylarda bolalarning kambag‘allik darajasi 24,6 foizdan 14,5 foizgacha, shaharlarda esa 18 foizdan 13 foizgacha kamaydi”, deyiladi hisobotda. Bundan ma’lum bo‘ladiki, 2021 yilda O‘zbekiston qishloqlarida yashagan har to‘rtta boladan biri kambag‘allikda kun kechirgan.

Tadqiqotga ko‘ra, bolalar kambag‘alligi darajasi eng past hududlar – Navoiy viloyati va Toshkent shahri ekan. Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida esa bolalar kambag‘alligi nisbatan yuqori ekani aniqlangan. Mualliflarning qayd etishicha, ijtimoiy nafaqalar bo‘lmasa, mamlakatda bolalar kambag‘alligi darajasi 1,6 baravar oshadi. Eslatib o‘tamiz, avvalroq farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa oluvchilar soni qisqartirilgan edi.

Hafta davomida, misol uchun, O‘zbekistonda bolalar kambag‘alligini qisqartirish dasturlariga sarflanishi mumkin bo‘lgan millionlab dollar mablag‘ braziliyalik futbolchilarga berilishi ma’lum bo‘ldi. Seshanba kuni “Bunyodkor” klubi Rivaldo va Denilson ishida bir necha yillik kelishuvga erishilganini e’lon qildi. Avvalroq FIFA qabul qilgan qarorga ko‘ra, “Bunyodkor” Rivaldoga 8,1 mln yevro, Denilsonga esa 1,1 mln dollar to‘lashi kerak edi. Klub axborotiga ko‘ra, muzokaralar natijasida to‘lanishi lozim bo‘lgan summa sezilarli kamaytirilgan va mablag‘larni bir necha yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashga kelishilgan. Tribuna.uz manbasiga ko‘ra, bu qarzdorliklarni “Bunyodkor”ning homiysi – “O‘zbekneftgaz” to‘lab beradi. Biz avvalgi dayjestda “O‘zbekneftgaz”ning sof foydasi o‘tgan yili 2 barobarga, oxirgi 3 yilda esa 5 barobarga kamayganini aytgandik. Sof foydasi kamaygani hisobiga budjetga dividend to‘lashi ham karrasiga kamaygan kompaniya endi dividend shaklida davlat budjetiga to‘lashi mumkin bo‘lgan yana bir necha million dollarni ham futbolga yo‘naltiradigan bo‘lyapti.

Bu holat rekord darajadagi budjet defitsiti sharoitida ro‘y berayotgani ham e’tiborli. Iqtisodiyot va moliya vazirligining ma’lum qilishicha, 2023 yilda konsolidatsiyalashgan budjet xarajatlari daromadlardan 59 trln so‘m yoki 5 mlrd dollarga oshib ketgan. Bu esa yalpi ichki mahsulotning 5,5 foizi degani. Vaholanki, qonun bo‘yicha bu ko‘rsatkich 3 foizdan oshmasligi kerak edi. Yil davomida xarajatlar haddan tashqari oshib ketgach, budjet qonuniga yana o‘zgartirish kiritishga to‘g‘ri kelgandi.

Ta’kidlash kerak, bunday holat 2019 yildan beri surunkali ravishda davom etyapti. Ya’ni hukumat ketma-ket to‘rt yildan beri ruxsat berilganidan ancha ko‘proq xarajat qilib qo‘yayapti. Ortiqcha xarajatlar esa, tabiiyki, tashqi qarzlarning oshishi va boshqa salbiy oqibatlarga olib keladi. Iqtisodiyot va moliya vazirligining oxirgi ma’lumotlaridan kelib chiqilsa, fiskal intizom 2024 yilda ham o‘sha-o‘sha darajada qolyapti: yilning birinchi choragida davlat budjeti defitsiti salkam 20 trln so‘mga yetib qolgan.

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, jahonda oltin narxining qimmatlashishi ortidan 1 aprel holatiga O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari bir oy oldingiga nisbatan 2 mlrd dollarga ko‘payib, 25,37 mlrd dollarga yetgan. Lekin bu miqdor yil boshi bilan solishtirganda 374 mln dollarga kam. Jahon oltin kengashining ma’lum qilishicha, narxlar hozirgichalik baland bo‘lmagan fevral oyida O‘zbekiston 12 tonnalik eksport bilan dunyoda eng ko‘p oltin sotgan davlat bo‘lgan. 2023 yil davomida esa mamlakatimiz oltin eksporti bo‘yicha umumiy ikkinchi o‘rinni egallagan. Nazariy jihatdan, oxirgi haftalarda jahon bozorida oltin narxining keskin oshgani budjet muvozanatini tiklashda qo‘l kelishi mumkin, lekin iqtisodchilarning so‘zlariga ko‘ra, ortiqcha va samarasiz xarajatlarga chek qo‘yilmasa, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga bosim kuchayib boraveradi.

Krokus teraktidan so‘ng

Moskvadagi teraktdan keyin O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlar orqali odamlarga terrorchilik qilish takliflari kelib tusha boshlagan. Bu haqda 3 aprel kuni Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi. Vazirlikka ko‘ra, Telegram orqali yuboriladigan bu xabarlarda jamoat joylarini pul evaziga minalashtirish taklifi haqida so‘z boradi. Ichki ishlar vazirligining bildirishicha, bunday xabarlarni aholi orasida vahima uyg‘otish maqsadida, firibgarlar tarqatyapti. Bunday xabarlarni olgan fuqarolar vahimaga tushmasligi, bu xabarlarni boshqalarga ulashmasligi, anonim shaxs bilan suhbatga kirishmasligi va darhol “102” raqamiga murojaat qilishi kerak.

Shu kunlarda O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi ham vatandoshlarga murojaat bilan chiqdi. Unda aytilishicha, Turkiya huquq-tartibot idoralari tomonidan IShIDga aloqadorlikda gumonlanib yaqinda hibsga olingan 70 kishining orasida O‘zbekistonning bir fuqarosi ham borligi aniqlangan. Advokatlar aralashuvi natijasida 39 yoshli andijonlik shaxsga nisbatan gumonlar o‘z isbotini topmagan va u qo‘yib yuborilgan. Diplomatik vakolatxona, hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, ijtimoiy tarmoqlarda ekstremistik ruhdagi kanallar va saytlarga a’zo bo‘lmaslik, mobil telefonlarda mutassiblik ruhidagi diniy kontentni saqlamaslik va tarqatmaslik, noma’lum shaxslardan kelgan da’vat va tanishuv haqidagi takliflarga javob bermaslikni tavsiya etdi. Xuddi shu tavsiyalar ayni kunlarda Rossiyada bo‘lib turgan vatandoshlar uchun ham aktual bo‘lib turibdi.

Vaziyatga prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri hokimligida o‘tgan yig‘ilishda munosabat bildirdi. Davlat rahbari “murakkab va tahlikali zamonda yashayotganimiz, Yaqin Sharqdagi va asosiy hamkorlarimiz o‘rtasidagi mojarolar yechim topmayotgani, shu jumladan Moskva viloyatidagi mudhish terakt oqibatida xalqaro vaziyat yanada jiddiy tus olayotgani”ni ta’kidladi. Prezident global vaziyatning aholi daromadlariga salbiy ta’sirini kamaytirish eng muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidlab, bunda asosiy urg‘u mahallalarga qaratilishini qayd etdi.

2 aprel kuni hukumat mas’ullari mehnat migratsiyasini tartibga solish va mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlashning yangi choralari bo‘yicha Shavkat Mirziyoyevga taqdimot qildi. Ma’lum qilinishicha, bu yo‘nalishda ham mahallalar orqali ish tashkil etilib, “xorijga ish – mahalladan” tamoyili yo‘lga qo‘yiladi. O‘zbekistonning bir nechta davlatlardagi elchixonalarida mehnat migratsiyasi bo‘yicha attashe lavozimi kiritilishi, xorijdagi vatandoshlar uchun 24 soat ishlaydigan “koll-markazlar” tashkil etilishi, Migratsiya agentligi huzurida fuqarolarni xorijiy tillarga o‘rgatish va ishlashga maqsadli tayyorlash markazi ochilishi kutilyapti. Yana bir chora – migrantlarning ishchi viza, yo‘l chiptasi, xorijiy til va kasb bo‘yicha malakani baholatish xarajatlari qisman qoplab beriladi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Nodirbek Abdusattorov FIDe reytingida yanada ko‘tarilib, to‘rtinchi o‘ringa chiqdi. Mart oyi yakunlari bo‘yicha 19 yoshli shaxmatchimiz 2765 ochko to‘plab, amaldagi jahon chempioni, xitoylik Din Lijyen va boshqa mashhur shaxmatchilardan o‘zib ketdi va O‘zbekiston rekordini yangiladi. Bungacha Rustam Qosimjonov o‘z vaqtida dunyo reytingida 11-o‘ringacha ko‘tarilgandi. Hozir reytingdagi yuqori uchlikni Magnus Karlsen, Hikaru Nakamura va Fabiano Karuana band etib turibdi.

Metan-shoxobchalarda belgilangan eng baland chakana narxning amal qilish muddati uzaytirildi. 6 oydan buyon 3250 so‘m tarzida ushlab turilgan narx 1 apreldan boshlab 100 so‘mga oshdi. Bu haqda 1 aprelga o‘tar kechasi e’lon qilingani oqibatida qator shoxobchalar avvaliga 3800 so‘mlik narx belgilab, keyin mas’ullarning talabi bilan narxni tushirdi. Energetika vazirligiga ko‘ra, avtomobiliga 3350 so‘mdan ortiq narxda gaz to‘ldirgan haydovchilar shoxobchaga chek bilan borib, ortiqcha undirilgan pulni qaytarishlarini talab qilishga haqli.

Qozog‘istonda 8 nafar o‘zbekistonlik YTHga uchrab, halok bo‘ldi. 3 aprel kuni Aqto‘be viloyatida ro‘y bergan fojiada Volvo yuk mashinasi O‘zbekiston fuqarosi boshqaruvidagi Toyota-Alhpard miniveni bilan to‘qnashib ketgan. Oqibatda minivendagi o‘zbekistonliklar – haydovchi va yetti nafar yo‘lovchi voqea joyida halok bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yuk avtomobilining shinasi yorilib ketib, haydovchi boshqaruvni yo‘qotgan va qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan. Prezident topshirig‘i bilan holat bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzilib, qurbonlarning jasadlari 5 aprel kuni tongda Mudofaa vazirligining maxsus bortida Termizga olib kelindi va yashagan manzillariga yuborildi.

Sudyalarning jinoiy javobgarlikka tortilishi bilan bog‘liq navbatdagi holat Toshkentda kuzatildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudi sudyasi Sh.A. firibgarlik va pora berishda gumonlanyapti. Boshqa bir holatda Raqobat qo‘mitasining Andijon viloyati boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari 22,5 ming dollar bilan ushlandi. Tergov versiyasiga ko‘ra, u dorixonada dorilarni belgilangan referent narxlardan qimmat sotish bilan bog‘liq 2 mlrd so‘mlik ishni yopdi-yopdi qilish uchun 30 ming dollar so‘ragan, avalroq shundan 7,5 mingini olib, qolgan 22,5 mingini olayotganda qo‘lga tushgan.

Mavzuga oid