O‘zbekiston | 20:12 / 11.04.2024
6243
2 daqiqa o‘qiladi

Baxtiyor Saidov Minskda Belarus prezidenti bilan uchrashdi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri ikki davlat hamkorligi barcha jabhalarda jadal rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekistonni hamkorlikni yanada faol rivojlantirishga chaqirdi. 

Foto: TIV

11 aprel kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Minskda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan uchrashdi. 

«Do‘stlik va o‘zaro hurmatga asoslangan hamkorligimiz O‘zbekiston-Belarus kun tartibining barcha jabhalarida jadal rivojlanib bormoqda. O‘zbekiston va Belarus tashqi ishlar vazirliklari oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlarini ishga soladi», deb yozdi Baxtiyor Saidov ijtimoiy tarmoqda. 

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekistonni hamkorlikni yanada faol rivojlantirishga chaqirdi. Tomonlar o‘z oldiga tovar ayirboshlash hajmini milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. 

«Umid qilamanki, O‘zbekiston bu muammoni hal qilish uchun bor kuchini sarflaydi. Biz kelishib olgan qo‘shma korxonalar tashkil etishga alohida e’tibor qaratishingizni so‘rayman. Biz bu bilan qiziqamiz. O‘zbekistonga taklif qiladigan narsamiz bor», dedi Lukashenko. 

Shuningdek, Baxtiyor Saidov Belarus tashqi ishlar vaziri Sergey Aleynik bilan ham uchrashdi. 

«Minskda bo‘lib o‘tgan muzokaralarimiz rahbarlarimiz o‘rtasida erishilgan kelishuvlar ijrosini batafsil ko‘rib chiqish, shuningdek, ikki davlat aloqalarining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashish uchun yaxshi imkoniyat yaratdi. Munosabatlarimiz ko‘plab sohalarda ijobiy sur’at namoyon etayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladik. Ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, iqtisodiy aloqalarni sezilarli darajada kengaytirishga kelishib oldik. Vazirliklarimiz o‘rtasida 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan Maslahatlashuvlar dasturini ham imzoladik», deb yozdi Baxtiyor Saidov ijtimoiy tarmoqda.

Mavzuga oid