Qozog‘istonlik milliarderlar suv toshqinidan zarar ko‘rgan hududlarga mablag‘ ajratdi
Forbes ro‘yxatidagi oligarxlar va yirik kompaniyalar Qozog‘istonning jabrlangan hududlariga yordam berish uchun 100 milliard tenge yo‘naltirdi. Qozog‘iston prezidenti ularni shunga chaqirgan edi.
Qozog‘istonlik milliarderlar mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning chaqirig‘iga javob berib, suv toshqinidan jabr ko‘rgan hududlarga qo‘shimcha mablag‘ ajratdi. Bu haqda Kazinform xabar berdi.
Jumladan, Bulat Utemuratov Aqto‘be viloyati aholisi uchun 10 milliard tenge (≈283 mlrd so‘m) ajratish orqali ularni qo‘llab-quvvatlashga qaror qildi. Mablag‘ uysiz qolgan qozog‘istonliklar uchun uy-joy qurishga sarflanadi.
Timur Kulibayev Atirau viloyatiga yordam berish uchun 30 milliard tenge (≈851 mlrd so‘m) ajratdi. Mablag‘lar uy-joy qurish va rekonstruksiya qilish, infratuzilma obektlarini tiklash, shuningdek, suv toshqinlaridan jabr ko‘rgan aholini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
Kazakhmys kompaniyalar guruhi, KAZ Minerals, Altynalmas, Karazhyra va RBK Bank toshqinlardan jabr ko‘rgan qozog‘istonliklarga yordam berish uchun qo‘shimcha ravishda 40 milliard tenge (≈1,1 trln so‘m) ajratdi. Mablag‘lar infratuzilmani tiklash va ijtimoiy obektlar: bolalar bog‘chalari, maktablar, shifoxonalar, shuningdek, turar-joy binolarini qurishga yo‘naltiriladi.
O‘z navbatida Kaspi kompaniyasi hammuassislari Vyacheslav Kim va Mixail Lomtadze Shimoliy Qozog‘iston va Aqmo‘la viloyatlariga 20 milliard tenge (≈566 mlrd so‘m) o‘tkazish orqali yordam berishini ma’lum qilishdi. Pul yangi uy-joy qurish uchun emas, balki hududlarni tiklash uchun sarflanadi.
Avvalroq, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev toshqindan jabr ko‘rgan har bir viloyat, tuman va qishloqlarga mahalliy milliarderlar biriktirilishini ma’lum qilib, «Bizda Forbes ro‘yxatiga kiritilgan juda boy tadbirkorlar bor. Biz ular bilan gaplashib, har bir viloyat, tuman, qishloqqa nomma-nom biriktiramiz», degan edi.
Qozog‘istondagi hozirgi suv toshqinlari so‘nggi 80 yildan ortiq vaqt ichida sodir bo‘lgan eng yirik tabiiy ofatdir. Respublikaning bir qator viloyatlarida favqulodda holat e’lon qilingan. Favqulodda vaziyatlar vazirligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyi boshidan buyon xavfli hududlardan evakuatsiya qilinganlar soni 117 ming kishiga yetgan.
Misli ko‘rilmagan suv toshqinlari sababli Qozog‘istonda davlat darajasidagi yirik tadbirlar, xalqaro konferensiya va forumlar bekor qilindi. Bu budjet mablag‘larini tejash va toshqindan zarar ko‘rgan hududlarga yo‘naltirish bilan izohlandi.
Mavzuga oid
12:47 / 22.11.2024
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obektlari xavfsizligini kuchaytirdi
12:33 / 21.11.2024
Qozog‘iston holdingi O‘zbekistondan 169 nafar mutaxassisni ish bilan ta’minlaydi
16:29 / 19.11.2024
Qozog‘istonda magistral yo‘lda o‘rtacha tezlikni oshirganlar jarimaga tortiladi
20:59 / 18.11.2024