AQSh Ukrainaga ATACMS raketalarini yashirincha yetkazib bergan. Ular allaqachon Qrimda qo‘llangan
Qo‘shma Shtatlar so‘nggi haftalarda Ukrainaga 300 kilometr radiusda harakatlanuvchi ATACMS raketalarini yetkazib bergan va o‘tgan haftada Ukraina ularni ilk bor Qrimda qo‘llagan, deb xabar bermoqda amerikalik mulozimlar va nashrlar.
Bu qurol prezident Jo Bayden mart oyida ma’qullagan 300 mln dollar miqdoridagi yordam paketi doirasida yetkazib berilgan.
Chorshanba kuni kechqurun AQSh Davlat departamenti rasmiy vakili raketalar yetkazib berilganini rasman tasdiqladi.
«Men tasdiqlashim mumkinki, Qo‘shma Shtatlar prezidentning bevosita ko‘rsatmasi bilan Ukrainaga ATACMS uzoq masofali raketalarni yetkazib bergan», — degan jurnalistlarga Vedant Patel va raketalar Ukrainaga aprel oyida yetib borganini qo‘shimcha qilgan.
Reuters agentligi bilan anonimlik shartida gaplashgan suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, raketalar ilk bor 17 aprel kuni tongida qo‘llangan — ular anneksiya qilingan Qrim hududida, Ukrainadagi front chizig‘idan 165 km masofadagi Jankoy shahri aerodromiga qarata uchirilgan.
AP manbasi xabar qilishicha, bu raketalar bilan Ukraina hududidagi rus qo‘shinlariga zarba yo‘llangan. New York Times gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, gap okkupatsiya qilingan Zaporijjya oblastidagi Berdyansk shahrida turgan rus qo‘shini ustiga berilgan.
2022-23 yillarda Kiyev bir necha bor AQShdan ATACMS raketalarining maksimal masofada harakatlanuvchi variantlarini yetkazib berishni so‘ragan, ammo o‘tgan yil kuzida faqat 165 km masofaga yetib boruvchi, eski MGM-140A modifikatsiyasidagi raketalar partiyasini ola olgandi. Ammo endi Bayden maxfiy ravishda 300 km masofaga harakatlana oluvchi MGM-164/168 raketalarini yetkazib berishni tasdiqlagani ma’lum bo‘lmoqda.
Patelning so‘zlariga ko‘ra, AQSh «avvaliga Ukrainaning o‘z iltimosiga ko‘ra operativ xavfsizlikni ta’minlash maqsadida bu haqda e’lon qilmagan».
Aynan qancha raketa yetkazib berilgani xabar qilinmagan, ammo AQSh ma’muriyatining xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan Vashington «sezilarli miqdorda» yetkazib bergani va yanada ko‘proq yetkazib berishni rejalashtirayotgani haqida aytgan. «Ular vaziyatni o‘zgartiradi. Ammo, men oldin ham aytganimdek, „sehrli tayoqcha“ mavjud emas», — deya qayd etgan Sallivan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina raketalardan Rossiya bo‘ylab emas, faqat Ukrainaning okkupatsiya qilingan hududlariga qo‘llashni va’da bergan.
Xuddi shu vaqtda britan admirali, ser Toni Radakin Financial Times gazetasiga bergan intervyusida g‘arbdan yangi yordam kelishi fonida Ukraina uzoq masofalarga — Rossiyaning ichkari hududlariga hujumlarni ko‘paytirishi mumkinligini aytib o‘tgan. Va u bu borada hech qanday e’tiroz bildirmagan.
«Ukraina uzoq masofadan jang olib borish uchun katta imkoniyatlarni qo‘lga kiritdi… uning chuqur pozitsiyalarga amaliyotlarni davom ettirish qobiliyati tobora urush xususiyatiga aylanadi», degan Radakin va bu amaliyotlar natija keltirishi shubhasiz ekanini qo‘shimcha qilgan.
AQSh Ukrainaga uzoq masofaga harakatlanuvchi ATACMS raketalarini yetkazib berish qarori dekabr va yanvar oylarida Rossiya Shimoliy Koreya tomonidan yetkazib berilgan ballistik raketalarni qo‘llagani bilan bog‘liq, holbuki AQSh bir necha marta ochiqchasiga Kremlni bunday harakatlardan qaytargandi, deya yozadi Reuters amerikalik mulozimga tayanib. Rossiya tomonidan Ukrainaning o‘ta muhim infratuzilmalariga berilayotgan zarbalar ham yana bir omil bo‘lgan.
«Biz bu narsalar haqida Rossiyani ogohlantirgandik, — deydi mulozim. — Ammo ular hujumlarni qaytadan boshladi».
Chorshanba kuni Bayden Ukraina, Isroil va Tayvanga 95 mlrd dollar miqdoridagi harbiy yordam ajratish to‘g‘risidagi qonun loyihasini imzoladi, undan oldinroq loyiha Kongress Vakillar palatasi va Senati tomonidan ma’qullangandi. Qariyb 61 mlrd dollarlik yordam Ukraina uchun atalgan. Baydenning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevga yordam yetkazib berilishi yaqin soatlarda boshlanadi.
Jankoyga zarba
Ukrain harbiylari Jankoydagi harbiy aerodrom hududiga zarba yo‘llagani haqida 17 aprel kuni ma’lum bo‘lgandi. Mahalliy telegram-kanallarga ko‘ra, u yerda portlashlar ovozlari eshitilgan, aerodrom hududida katta yong‘in chiqqan.
Qrimdagi pabliklar bir necha joyda kuchli yong‘inlar ro‘y bergani, shuningdek ushbu aerodromda zarbdor vertolyotlar hamda S-300/S-400 uchirish qurilmalari joylashtirilgan bo‘lgani haqida yozishgan.
Keyinroq «Janub» mudofaa kuchlari Birlashgan matbuot markazining o‘sha vaqtdagi rahbari Natalya Gumenyuk Jankoydagi harbiy aerodrom Ukraina uchun «qonuniy nishon hisoblanishi»ni aytib chiqdi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘sha kungi kechki videomurojaatida ukrain harbiylariga anneksiya qilingan Qrimning Jankoy shahridagi Rossiya aerodromiga zarba berish amaliyotidagi aniqlik uchun minnatdorchilik bildirdi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari «Jankoyda, aerodromda okkupantga to‘g‘ri z arba bergan».
Rossiya hukumati Jankoydagi portlashlar to‘g‘risidagi xabarlarni izohsiz qoldirgan.
So‘nggi oylarda ukrain armiyasi o‘q-dori va havo hujumidan mudofaa tizimlari yetishmovchiligini boshdan kechirmoqda. Rasmiy shaxslar AQSh va g‘arbdagi boshqa ittifoqchilardan harbiy yordam kechikishi tufayli mamlakat odamlari va hududlarini boy berayotganini bot-bot takrorlashgan.
Chorshanba kuni Sallivan «Rossiya yaqin haftalarda yangi taktik yutuqlar»ga erishishi mumkinligini aytdi.
ATACMS o‘zi qanday qurol?
ATACMS raketalari HIMARS va M270 MLRS tizimlaridan otiladi.
Bu rasman operativ-taktik sinfga mansub ballistik raketadir — xuddi Amerikaning GMLRS, sovetlarning «Tochka-U», Rossiyaning «Iskander» yoki Ukrainaning «Olxa» tizimi kabi.
Shu bilan birga, ular HIMARS komplekslaridan uchiriladigan yuqori aniqlikdagi GMLRS raketalari bilan solishtirganda ancha uzoq masofaga — 90 kilometrdan ancha uzoqdagi nishonga zarba bera oladi.
AQSh Ukrainaga yetkazib bergan so‘nggi raketalar 300 kilometrgacha bo‘lgan radius bo‘ylab harakatlana oladi.
Operativ-taktik raketalardan keyingi sinfdagi qisqa masofali ballistik raketalarning harakatlanish radiusi 500 kilometrdan boshlanadi.
ATACMS raketalarini GMLRS bilan taqqoslash o‘rinli — ularning ikkisi ham HIMARS va M270 MLRS kabi bir xil qurilmalardan uchiriladi, faqat birinchisida oltita kichik uchirish konteyneri o‘rniga bitta katta konteynerdan foydalaniladi.
Operativ-taktik raketalar avvalboshdan front amaliyotlari doirasidagi nishonlarga zarba berish uchun yaratilgan, masalan, shtablar, aloqa tugunlari, artilleriya va havo hujumidan mudofaa tizimlari pozitsiyalari, aerodromlar, ko‘priklar.
Ammo ATACMS 300 kilometr masofaga yetib borishi Ukraina qurolli kuchlariga nisbatan muhim nishonlarni nishonga olib, bunday amaliyotlar orqali butun urushning borishiga ta’sir ko‘rsatishiga imkon beradi.
ATACMS 1970-yillar oxirida ishlab chiqilgan, Amerika armiyasiga 1980-yillar oxirida topshirilgan. Ularning janglardagi debyuti 1991 yilda «Sahrodagi bo‘ron» amaliyotiga to‘g‘ri keladi, Iroqdagi urushda ular o‘zini o‘ta samarali qurol sifatida namoyon etgan.
Bunday raketalarning ikki turini ajratib ko‘rsatish mumkin: fugasli jangovar qismga ega (ular ko‘prik va bunker kabi mustahkam nishonlarga zarba berishga mo‘ljallangan), shuningdek keng maydon bo‘ylab zirhlanmagan nishonlarga zarba berish uchun kassetali o‘q-dorilarga ega raketalar (u aerodromlar, himoyalanmagan omborxonalar, havo hujumidan mudofaa tizimlari pozitsiyalari, artilleriya va ochiqlikdagi boshqa obektlarga hujum qilishga ko‘proq mos keladi).
Mavzuga oid
22:23 / 21.11.2024
Rossiya «Rubej»ni ishga soldi. Bu raketa yadroviy kallakni ham olib ucha oladi
21:52 / 21.11.2024
Zalujniy: «Xush kelibsan, uchinchi jahon urushi»
16:43 / 21.11.2024
Rossiya Ukrainaga qit’alararo ballistik raketa bilan hujum qildi - UHK
15:39 / 21.11.2024