Jamiyat | 20:47 / 02.05.2024
19117
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda sovuq qutili aravalarda sotilayotgan muzqaymoqlar bo‘yicha reyd o‘tkazildi

Sanepidqo‘m Toshkent shahar boshqarmasi ko‘chalarda g‘ildirakli aravalarda muzqaymoqlar sotilishida sanitariya talablariga rioya etilishi holati yuzasidan reyd o‘tkazdi.

Foto: “Milliy” telekanali lavhasidan kadr

Reyd davomida muzqaymoq mahsulotlarining gigiyenik sertifikati yo‘qligi, ularni sotishda sanitariya qoidalariga rioya etilmayotgani aniqlangan, sotuvchilarga muzqaymoqni noto‘g‘ri tarzda sotish oqibatida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan xavflar to‘g‘risida tushuntirish berilgan. Bu haqda muxbiri reydga hamrohlik qilgan “Milliy” telekanali xabar berdi.

“Nega erigan muzqaymoqni sotyapsiz? Sut va sut mahsulotlari sovutkichda saqlanishi kerak. Buniz qachon ishlab chiqarilgan, qanaqa haroratda qachongacha saqlash mumkin – o‘zingiz ham javob berolmaysiz. Umuman sanitariya-gigiyena jihatdan talabga javob bermaydi”, – degan muzqaymoq sotuvchilardan biri bilan suhbatda boshqarma axborot xizmati rahbari Jonibek Odiljonov.

“Siz muzqaymoqqa javob beryapsiz, lekin idishiga, qoshiqlarining sanitariya holatiga javob berolmaysiz. Sanitariya holati – nol! Saqlash, tashish, kiyinish madaniyati yo‘q. Olib borib, brakiraj qilinadi”, – deya ta’kidlagan Sanepidqo‘m Mirobod tuman bo‘limi mudiri Dilnoza Ahmedova.

“Formangiz qani, sog‘ligingiz haqidagi tibbiy ko‘rigingiz qani?” – degan u boshqa bir sotuvchi bilan suhbatda. Mas’ulning so‘zlariga ko‘ra, muzqaymoq sotuvchi maxsus xalat kiygan holda faoliyat yuritishi kerak.

Ahmedova reyd davomida muzqaymoqlardan namuna olib, bakteriologik tahlilga yuborish bo‘yicha topshiriq bergan. Gigiyenik sertifikati yo‘qligi aytilgan sotuvchilardan birining mahsuloti esa yo‘q qilinishi aytilgan.

“Masalan, ko‘pchilik muzqaymoq yeganda tomog‘im og‘rib qoldi deydi. Analiz qilganda stafilakokk chiqadi. Stafilakokk degan bakteriya bor, tomoqni yallig‘lantiradi. Muzqaymoq sal erib, tarkibini yo‘qotdimi, mana bu haroratda bijg‘iydi, zaharlanishga olib kelishi mumkin. Ertaga kimdir zaharlanib qolsa boshingiz bilan javob berishingizni bilasizmi?” – degan Jonibek Odiljonov qutisidan erigan holdagi muzqaymoq topilgan sotuvchi bilan suhbatda.

Lavhada olib qo‘yilgan muzqaymoqlar kanalizatsiyaga oqizib yuborilganini ko‘rish mumkin.

Mavzuga oid