O‘zbekiston | 18:57 / 06.05.2024
15108
2 daqiqa o‘qiladi

Xorijiy avtomobillarni vaqtincha olib kirish uchun yig‘im miqdori barcha avtomobillar uchun tenglashtirildi

Xorijiy avtomashinalarni O‘zbekistonga vaqtincha olib kirish uchun yig‘imni hisoblash tartibi o‘zgardi. Oldin transport vositasining har bir ot kuchidan bazaviy hisoblash miqdorining 0,7 foizi miqdorida yig‘im undirilgan bo‘lsa, endilikda bu miqdor kuniga BHMning 1 barobari etib belgilandi. 

«Bojxona chegarasidan olib o‘tilayotgan avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi nizomga o‘zgartirish kiritildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligi tomonidan qabul qilingan qo‘shma qarorda ko‘zda tutilgan

Xorij fuqarolari bir kalendar yili ichida 90 kungacha bo‘lgan muddatda boj va soliqlarni to‘lamasdan O‘zbekistonda o‘z avtomobillari bilan harakatlanishi mumkin. Eski tartib bo‘yicha, ushbu muddat tugaganidan keyin, uni uzaytirish uchun kuniga avtomobilning har bir ot kuchi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 0,7 foizi miqdorida yig‘im to‘lash shart bo‘lgan. Yangi tartib bo‘yicha, 90 kunlik muddat tugaganidan keyin dvigatel quvvatidan qat’i nazar, barcha avtomobillar uchun bir xil – kuniga bazaviy hisoblash miqdorining 1 barobari miqdorida (ayni paytda 340 ming so‘m) pul undiriladi. 

Masalan, 106 ot kuchiga ega Cobalt uchun 252 ming 280 so‘m to‘lov qilib kelingan bo‘lsa, endilikda bu yig‘im 340 ming so‘mni tashkil etadi. 235 ot kuchiga ega Mercedes-Benz ML 350 avtomobili uchun esa kunlik yig‘im miqdori 559 ming 300 so‘mdan 340 ming so‘mga o‘zgardi. Yangi tartib bo‘yicha avtomobil quvvati 143 ot kuchidan oshsa, kunlik to‘lov oldingiga qaraganda arzonroq bo‘ladi.

Hujjat 2024 yil 2 maydan boshlab kuchga kirgan.

Mavzuga oid