Jahon | 19:16 / 08.05.2024
21465
6 daqiqa o‘qiladi

«Bizni hurmat qilmaydiganlar bilan yaxshi munosabatda bo‘lolmaymiz» - Moldova prezidentining intervyusidan asosiy gaplar

Foto: Videodan kadr

Moldova prezidenti Mayya Sandu rossiyalik jurnalist Yuriy Dudga ikki soatlik intervyu berdi. Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, u «vDud» yutub-shousi tarixida ilk bor davlat rahbari bilan muloqot qildi. Bu son Kishinyovda yozib olingan. Sandu Dud bilan rus tilida muloqot qilgan. Prezident Moldova qanday qilib korrupsiyaning oldini olish va Yevroittifoqqa kirishga urinayotgani, mamlakat nima uchun qashshoqligicha qolayotgani va nima uchun bu yerda o‘nlab nashrlar bloklangani haqida gapirdi. Shuningdek, Sandu Vladimir Putin va u Ukrainada boshlagan urush to‘g‘risidagi fikrlari bilan bo‘lishib, Rossiya hujum qilgan taqdirda Moldova o‘zini qanchalik himoya qila olishi to‘g‘risidagi savolga ham javob qaytargan. Quyida intervyuning asosiy joylari keltiriladi.

Moldovaliklar Rossiya va Ukraina urushida kimni qo‘llaydi?

Butun jamiyatimiz ukrain qochqinlariga yordam ko‘rsatdi. Men sizlarga eslatishni istardimki, bir million ukrainalik qochqinlar Moldova orqali o‘tishdi. Bu 2,6 millionlik [aholiga ega] mamlakat uchun juda ko‘p. Ayrimlar bir necha kun qolishdi, ayrimlar bir necha hafta yoki bir necha oy. Hozirda bizda 100 ming atrofida ukrain qochqinlari bor. Men aytishmni istardimki, hech qanday savol bo‘lmadi, aksincha, odamlar o‘z qalbi va uylarini ochib berdi, chunki davlat buncha ko‘p odamga yordam bera olmasdi. Shunchaki bizda bunday imkoniyat yo‘q edi, garchi urushning ilk oylarida hukumatning bir qismi faqat ukrain qochqinlariga yordam ko‘rsatish ustida ishlagan bo‘lsa ham.

Ammo bizga kirib kelgan qochqinlarni tanimagan oddiy odamlar ularni o‘z uylarida yashashga taklif etishdi. Va sizga aytishni istardimki, mutlaqo butun jamiyat ukrain qochqinlariga yordam ko‘rsatishda ishtirok etdi. Shunday ekan, bu savolga hojat yo‘q. Bu borada mamlakatimiz yakdil.

Moldovaliklar — tinch odamlar va odamlarning mutlaq ko‘pchiligi urushga qarshi. Ha, siz Kreml propagandasiga ishonadigan odamlar ham topilishini aytishingiz mumkin, ammo Moldova — tinch mamlakat, moldavanlar tinchlik istashadi, ular urush istamaydi va bu bizga mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni saqlashga yordam beradi.

Agar Rossiya bostirib kirsa, Moldova himoyalanadimi?

Bu ro‘y bermasligi uchun barcha ishni qilamiz, jumladan yevrointegratsiya bo‘yicha rejamiz bor. Bu, birinchidan, xavfsizlikni ta’minlash rejasi, chunki Yevropa ittifoqi — tinchlik loyihasi. Ammo Konstitutsiya bo‘yicha tinchlikni saqlash va fuqarolarimiz xavfsizligini ta’minlash uchun biz barcha ishni amalga oshirishimiz kerak, chunki bizda armiya bor, mudofaa sektori bor, shuning uchun bu sohalarga investitsiyalar kiritamiz. Ammo biz juda umid qilamizki, bu urush tezda tugaydi va biz o‘z investitsiyalarimizni iqtisodiyotga va boshqa sohalarga yo‘naltira olamiz, mudofaaga yanada ko‘proq investitsiya kiritish zarur bo‘lgan vaziyatga tushib qolmaymiz. Biz albatta o‘z mamlakatimizni himoya qilamiz.

Sandu nima uchun hech qachon Putin bilan uchrashmagan?

Chunki muhokama qiladigan narsaning o‘zi yo‘q edi. Urushdan oldin ham. Ya’ni biz o‘z masalalarimiz bo‘yicha turli narsalarni muhokama qilganmiz, ammo hech qachon uchrashuv haqida gaplashishga yetib bormaganmiz. Men shaxsan u bilan hech narsani muhokama qilmaganman. Hukumatlar darajasida muhokama qilingan masalalar bo‘lgan. Umuman bu savol kun tartibiga chiqmagan.

Biz barchamiz bilamizki, Putin Ukrainada urush boshladi. Va u buni yakunlashi mumkin, ammo, afsuski, u buni istamayapti. Men [Putinda Moldovaga hududiy da’vo borligini] aniq ayta olmayman. Biz Kreml mulozimlari orasida har xillarini uchratamiz, ulardan ayrimlari hattoki Moldova mavjud emasligini aytishadi. Biz bunday narsalarni eshitganmiz. U yerda xalqimiz haqida hurmatsizlik qilgan va kamsitganib gapiradilar bor.

Biz fuqarolarimiz manfaatlarini himoya qilish uchun bu yerdamiz va biz hamisha fuqarolarimiz manfaatlaridan kelib chiqqan holda ish tutamiz, biz barcha bilan yaxshi munosabatlarda bo‘lishni istaymiz. Ammo bizni hurmat qilmaydigan, urush qiladigan, boshqa mamlakatlarning hududiy yaxlitligini hurmat qilmaydiganlar bilan yaxshi munosabat o‘rnatib bo‘lmaydi.

«Bi-2» musiqachilari Moldova fuqaroligini so‘rashgan. Ularga beriladimi?

Biz ushbu mamlakat uchun ishlashni istaydigan yaxshi mutaxassislar uchun ochiqmiz. Hali ularning hujjatlari mengacha yetib kelmagan, agar barchasi joyida bo‘lsa, ular [fuqarolik] olishadi. Qonun bizga alohida holatlarda moldovan qoni bo‘lmaganlarga ham fuqarolik berishga imkon beradi… Agar ular qadrli, iste’dodli odamlar bo‘lishsa. Bu holatda, ular biz hurmat qiladigan odamlar. Umid qilamanki, barcha hujjatlar joyida bo‘ladi va men ularni imzolayman. Buning evaziga ular nima qilishi kerakmi? Hech narsa. Bu mamlakat manfaatlarini hurmat qilishsa bas. Agar ular shu yerda yashab, biznes yuritishsa, soliq ham to‘lashadi.

Mavzuga oid