Jamiyat | 19:28 / 10.05.2024
46570
3 daqiqa o‘qiladi

72 yoshli shifokorning o‘z ayoliga “minnatdorchiligi” - Shovotdagi mudhish qotillik tafsiloti

Jinoyatlar turlicha bo‘ladi, turlicha sodir etiladi. Qasddan qilingan qotilliklarning deyarli barchasida jinoyatchining ko‘zlagan maqsadi bo‘ladi: bosqinchilik, qasd olish, mulkka egalik qilish va hokazo. Ammo Xorazm viloyatining Shovot tumanida sodir etilgan qotillik jinoyatida ana shu nuqta – maqsad yo‘q edi. Shu sababli, ushbu jinoyat tafsilotini eshitganlar hayratdan yoqa ushlab qolishdi. Ularning tilida faqatgina bir so‘z aylanardi: “Nahotki?!”

Xorazm viloyatining Shovot tumanida pensiyadagi shifokor tomonidan mudhish qotillik jinoyati sodir etildi. U 49 yil birga umr kechirgan turmush o‘rtog‘ini o‘zini sehr-jodu qilganlikda ayblab, bolta bilan chopib o‘ldirgan. Shifokor sudda turmush o‘rtog‘ini o‘ldirish uchun hech qanday sabab bo‘lmaganini, shunchaki o‘rtalarida kelib chiqqan janjaldan jahli chiqqanini hamda o‘zini boshqara olmaganini bildirgan.

Sud hujjatlarida keltirilishicha, 1952 yilda tug‘ilgan A.X. uzoq yillar shifokor bo‘lib ishlab, 2011 yilda pensiyaga chiqqan. Uning turmush o‘rtog‘i ham tibbiyot sohasida faoliyat yuritgan. Ular 1974 yilda turmush qurib, 6 nafar farzandni tarbiya qilishgan. 

Keyingi paytlarda A.X. o‘zining sehr-jodu qilinganini aytib, tez-tez janjal ko‘taradigan odat chiqargan.

2023 yilning 16 dekabr kuni A.X. yarim tunda uyg‘onib ketgan va avvaliga turmush o‘rtog‘idan qon bosimini tushiruvchi dori berishni so‘ragan. Turmush o‘rtog‘i u so‘ragan dorilarni topib bergan. Shunda A.X. sehr-jodu qilingani sabab kechalari uxlay olmayotganini aytib, janjal chiqargan. So‘ngra jahl ustida isitish pechi yonida turgan boltani olib, 49 yil davomida birga umr kechirgan turmush o‘rtog‘ining bosh qismiga 17 bor zarba bergan. Buning oqibatida ayol og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan.

Shifokor boltani joyiga qo‘yib, qo‘shni xonaga o‘tib o‘tirgan. Ertalab boshqa farzandlari va IIB xodimlari yetib kelgan. Bundan xabar topgan shifokor xona eshigini ichkaridan qulflab, tashqariga chiqmagan. IIB xodimlari eshikni ochishni so‘raganida esa lezviya bilan tomirlarini kesib, o‘z joniga suiqasd qilishga uringan.

A.X. dastlabki tergovda kichik o‘g‘li uy-joy hamda mashina masalasida u bilan jandallashib kelishini, hatto bir necha bor o‘ldirish bilan tahdid qilganini, sehr-jodu qilinganini aytib, yolg‘on ko‘rsatma bergan. Ammo aslida holat unaqa bo‘lmagan. Keyinchalik sudda vaziyatdan chiqib ketish uchun yolg‘on ko‘rsatma berganini o‘zi ham tan olgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shovot tuman sudining 2024 yil 2 apreldagi hukmi bilan A.X. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid