Falastinni tan olishga hozirlanayotgan Yevropa, Xarkiv ostonasidagi janglar, parlamentni bir oyda tarqatgan Kuvayt amiri - kun dayjesti
Jahonda ro‘y bergan voqealar, hodisalar va yangiliklar tafsiloti bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
Falastinni davlat sifatida tan olishi mumkin bo‘lgan davlatlar soni ortib bormoqda. Ayni paytda Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 ta davlatdan 9 tasi Falastinni rasman tan olgan.
Endi Ispaniya va Irlandiya 21 may kuni Falastinni rasman tan olishini rejalashtirishmoqda. Bu haqda Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel ta’kidlab o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa ittifoqining boshqa davlatlari, jumladan Sloveniya va Belgiya ham Yaqin Sharqdagi tinchlik yo‘lidagi bu ramziy qadamga qo‘shilishlari mumkin.
«Bu davlatdan ham kattaroq narsa. Bu ushbu davlatning mavjud bo‘lish uchun irodasini tan olishdir», — degan Borrel.
Bu orada BMT Bosh assambleyasi ham Falastinning tashkilotga to‘laqonli a’zolini yoqlab ovoz berdi. Falastin 2012 yildan buyon kuzatuvchi davlat sifatida BMTda statusga ega.
To‘laqonli a’zolik to‘g‘risidagi qaror faqat BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan qabul qilinishi mumkin.
AQSh yaqinda Falastinning to‘laqonli a’zo bo‘lishi to‘g‘risidagi taklifga veto qo‘ygan, biroq juma kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berish jarayonini falastinliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun bir harakat o‘laroq baholash mumkin.
Ayni paytda jahonda 135 dan ziyod davlat, jumladan sobiq sovet respublikalarining barchasi Falastinni davlat sifatida tan olgan.
Ukrainadagi urush
Rossiya armiyasi Ukrainaning Xarkiv oblastiga hujum qilgan, lekin front liniyasining yorib o‘tilishi ro‘y bermagan. Ekspertlar Ukrainaning ikkinchi shahari hisoblanadigan Xarkivni shturm qilish xavfi yo‘q, deyishmoqda.
Rossiya qo‘shinlari chegaradan 5 km ichkarida joylashgan Vovchansk aholi punkti hududiga artilleriya va bomba zarbalari bergan, ertalab esa Ukraina qurolli kuchlari mudofaa chizig‘ini zirhli texnika bilan yorib o‘tishga harakat qilgan. Hujum qaytarilgan, Vovchanskka zaxira qo‘shinlari yetkazilmoqda.
Ukraina kanallari dushman chagaraoldi qishloqlarga o‘rnashib olishga intilayotganini yozishmoqda. Vovchansk hokimiyati shahardan va yaqin posyolkalardan tinch aholini evakuatsiya qilishni boshlagan.
Rossiya mudofaa vazirligi hujum haqida biror xabar tarqatmagan. Z kanallar esa bu faollashuvni tasdiqlab, «jang bilan razvedka» uyushtirilayotgani hali «shapkani osmonga otish»ga erta ekanini yozishmoqda.
Isroilda yashovchi harbiy ekspert David Sharp bu hujum Xarkivga keng ko‘lamli bostirib kirishdan dalolat bermasligini ta’kidlagan
«Hozircha biz lokal janglarni ko‘ryapmiz, ichkariga kuchli zarba emas. Bunday keng ko‘lamli zarbani uyushtirish uchun Rossiyaning Belgorod oblastidagi kuchlari yetarli emas. Shunday kuch to‘plana boshlansa, uni sun’iy yo‘ldoshlar va razvedka dronlari nigohidan yashirib bo‘lmasdi», — degan ekspert.
Unga ko‘ra, bunday hujumlardan ko‘zlangan maqsad bir nechta bo‘lishi mumkin: Ukraina qurolli kuchlari zaxiralarini boshqa yo‘nalishlardagi janglardan chalg‘itish, Ukrainaning raketalaridan Belgorodni asrash uchun Putin aytgan «sanitar zona»ni yaratish, shuningdek, artilleriya qo‘shinlarini Xarkivga yaqinroq tortib kelish.
Agar Rossiya Xarkivga baribir hujum qiladigan bo‘lsa, ekspertlarga ko‘ra milliondan ortiq aholi istiqomat qiladigan yirik shahar uchun janglar kamida bir yil davom etadi.
Ukrainaga yordam
AQSh Ukrainaga favqulodda harbiy yordam sifatida 400 million dollar ajratdi.
10 may kuni AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga mudofaa buyumlari, Mudofaa vazirligi xizmatlari va harbiy tayyorgarlik uchun 400 million dollargacha harbiy yordam ajratish haqidagi farmonni imzolagan edi.
Politico nashrining yozishicha, harbiy yordam paketiga Amerika harbiy omborlaridagi qurollar kiradi. Jumladan, Patriot havo hujumidan mudofaa raketalari, Stinger zenit raketalari, Bradley piyodalar jangovar mashinalari, MRAP zirhli mashinalari, tankka qarshi Javelin tizimlari va boshqa o‘q-dorilar yetkaziladi.
Reuters xabariga ko‘ra, bundan tashqari Kiyevga artilleriya, NASAMS zenit-raketa komplekslari uchun o‘q-dorilar, tankka qarshi o‘q-dorilar, zirhli mashinalar va jang maydonida darhol foydalanish mumkin bo‘lgan o‘q-dorilar berilishi kerak.
Kuvaytda parlament tarqatildi
Kuvayt amiri Mash’al al-Ahmad al-Jobir as-Saboh juma kuni Milliy yig‘in tarqatilishi va konstitutsiyaning ayrim moddalari harakatdan to‘xtatilishini e’lon qildi.
«Kuvayt siyosiy sahnasidagi ziddiyatlar bizni ortiq jim qarab tura olmaydigan darajaga yetkazdi. Biz mamlakatning eng maqbul manfaatlarini ta’minlash uchun chora ko‘rishimiz kerak. Shu sababli Milliy yig‘inni tarqatib yuborish va konstitutsiyaning ayrim moddalarini to‘rt yildan oshmaydigan davr uchun to‘xtatishga majburmiz», — degan amir millatga murojaatida.
KUNA axborot agentligi xabariga ko‘ra, parlament vakolatlari amir va vazirlar mahkamasiga o‘tadi.
Amirning nutqidan ma’lum bo‘lishicha, parlamentni tarqatish to‘g‘risida qarorga deputatlar va hukumat a’zolari o‘rtasida davom etib kelayotgan ziddiyat tufayli kelingan.
Kuvayt parlamentiga navbatdan tashqari saylovlar hozirgi amir 2023 yilning dekabrida o‘z akasi Navof al-Ahmad al-Jobir as-Sabohning vafotidan so‘ng taxtga o‘tirgach, shu yil aprel oyining boshlarida o‘tkazilgan edi. Avvalgi parlament tarkibini shayx Mash’al 15 fevral kuni «konstitutsiyaviy prinsiplar buzilgani» va «haqoratomuz va o‘rinsiz so‘zlar ishlatilayotgani»ni sabab qilib tarqatgan edi. Parlament a’zolari qanday qilib bu prinsiplarni buzgani va kimning manziliga haqoratomuz iboralar ishlatgani amir farmonida ko‘rsatib o‘tilmagan.
Peterburgdagi avtohalokat
Sankt-Peterburg shahrida Moyka daryosiga qulagan avtobus qurbonlari soni yetti nafarga yetgan, deb xabar beradi Rossiya tergov qo‘mitasi.
Avvalroq Favqulodda vaziyatlar vazirligi uch kishi o‘lgani, to‘rt kishi klinik o‘lim holatida ekani va to‘qqiz kishi qutqarilganini e’lon qilgan edi.
Avtobus haydovchisi — kelib chiqishi Tojikistondan bo‘lgan 44 yoshli Rossiya fuqarosi ushlangan. Uning o‘zi avtobus tormozlari ishlamay qolganini aytgan. Tergov versiyasiga ko‘ra, u boshqaruvni yo‘qotgan.
Ommaviy axborot vositalarining surishtiruviga ko‘ra, u reysga chiqishidan avval zarur tekshiruvlardan o‘tgan. Lekin u nihoyatda charchagan bo‘lishi ham inkor etilmayapti. Chunki rafiqasining so‘zlariga ko‘ra, shu kuni u tungi soat 2 da ishdan kelib, ertalab 7:30 da yana ishga chiqib ketgan.
Mavzuga oid
14:38
AQSh vetosidan norozi Hamas, Isroilda konstitutsiyaviy inqiroz xavfi va Rossiya banklariga qarshi sanksiyalar - kun dayjesti
13:50 / 22.11.2024
G‘azodagi misli yo‘q zulm, Netanyahu hibsi uchun order va Putinning tahdidli chiqishi - kun dayjesti
13:54 / 21.11.2024
G‘azo masalasiga veto qo‘ygan AQSh, Baydenning ruxsatini ma’qullamagan Erdo‘g‘an va Storm Shadowʼlar bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
13:54 / 20.11.2024