Jahon | 14:12 / 16.09.2024
5144
9 daqiqa o‘qiladi

Isroilning Xalqaro sud ortidan josusligi, Eronga nisbatan sanksiyalar va Trampga navbatdagi suiqasd - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Falastinning WAFA agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil armiyasi askarlari dron vositasida G‘azo shahrining Zaytun tumanidagi Salohiddin ko‘chasida falastinliklar guruhiga hujum qilgan.

Isroil armiyasining piloisiz boshqariladigan parvoz qurilmasi sektorning shimolidagi G‘azo shahrida tashlab chiqib ketilgan uylarini ko‘zdan kechirish uchun borgan oila ustiga borib urilgan. Natijada 5 kishi halok bo‘lgani aytilmoqda.

Mahalliy manbalardan olingan axborotga ko‘ra, halok bo‘lganlarning barchasi Al-Bornu oilasi vakillaridir.

Shanba kuni Isroil armiyasi Zaytun tumanidagi maktablardan biriga ham hujum uyushtirgan. Natijada besh kishi, jumladan, 2 yosh bola va bir ayol halok bo‘lgan. Ko‘plab falastinliklar jarohat olishgan.

2023 yilning 7 oktyabridan buyon Isroilning to‘xtash bilmayotgan hujumlari natijasida qamal qilingan G‘azoda halok bo‘lgan falastinliklar soni 41 ming 206 kishiga yetdi. Yaradorlar soni 95 ming 337 nafar.

Keyingi sutka ichida qilingan hujumlar natijasida halok bo‘lganlar soni 24 nafar, yana 57 kishi jarohatlangan.

Isroil qartalarni ochdi

Isroil Tashqi ishlar vazirligi Xalqaro jinoyat sudining mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahu va mudofaa vaziri Yoav Gallant hibsga olish uchun order berish to‘g‘risidagi hali rasman e’lon qilinmagan qarorini qoralab chiqarilgan bayonotni muddatidan avval e’lon qilib, juddiy xatoga yo‘l qo‘ydi.

«Isroil davlati Haagadagi Xalqaro jinoyat sudining Isroil davlatining bosh vaziri va mudofaa vazirini hibsga olish to‘g‘risida order berilishini ma’qullovchi sharmandali va absurd qarorini rad etadi», — deyilgan bayonotda va u tezda tashqi ishlar vazirligi saytidan o‘chirib tashlangan.

Bu voqea Isroil Xalqaro jinoyat sudi faoliyati yuzasidan razvedka ma’lumotlari olib boradi degan taxminlarda jon borligi bilan diqqat markaziga tushdi. Isroil sud a’zolari ortidan josuslik qilishi va chiqarilishi kutilayotgan qarorlar haqida dastlabki ma’lumotlar olib turishi ayon bo‘ldi.

Xalqaro jinoyat sudi to‘rt oydan buyon bosh prokuror Karim Xonning Netanyahu va Gallantni hibsga olish uchun xalqaro order berish to‘g‘risidagi talabnomasini ko‘rib chiqmoqda. Biroq, chiqarilgan qaror haqida hali rasman ma’lum qilinmagan edi.

Rossiya-Ukraina urushi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQShga qilgan tashrifi chog‘ida o‘zining tinchlik rejasi bilan prezident Joy Bayden, shuningdek, navbatdagi saylovlarda prezidentlik lavozimi uchun kurashayotgan Kamala Harris va Donald Trampni tanishtiradi, deb yozmoqda Bild nashri vaziyatdan abardor manbalariga asoslanib.

Ularning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning ichkarisidagi hududlarga g‘arb qurollari bilan zarba berishga ruxsat so‘rash, shuningdek, Ukraina frontning ayrim uchastkalarida jangovar harakalarni vaqtincha to‘xtatishga tayyor ekani to‘g‘risidagi takliflar am bor.

Zelenskiy shuningdek g‘arb davlatlarini Ukrainaga qo‘shimcha harbiy yordam berishga chaqirgan. «Biz hamkorlarimizdan minnatdormiz. Biroq bizga harbiy yordam paketlari kerak», — degan Zelenskiy.

Nashrning qayd etishicha, Kiyevning ittifoqchilari qurol-yarog‘lar va o‘q-dorilarni katta kechikish bilan yetkazib bermoqda. Masalan, Ukrainaga va’da qilingan 60 dona F-16 qiruvchi samolyotlaridan shu vaqtgacha bor-yo‘g‘i 6 donasi yetkazilgan. Germaniya Kiyevga yetkazishni va’da qilgan 400 dan ziyod zirhli mashinalardan esa yil boshidan buyon birortasi yetkazilmagan.

Myunxendagi Bundesver universiteti professori Karlo Masalaning Bild nashriga ma’lum qilishicha, Zelenskiy nihoyatda tashvishlanib qolgan va barcha narsani «qartaga tikib, jang maydonidagi vaziyatni o‘zgartirishga harakat qiladi». Professorning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun Baydenning uzoq masofadagi nishonlarlarni ura oladigan qurollardan foydalanishga ruxsati zarur bo‘ladi.

Eronga qarshi sanksiyalar

Yevropa Ittifoqi Eronning Rossiyaga raketa yetkazib berayotganini qoraladi va Tehronga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish bilan tahdid qildi.

Eron Rossiyaga raketalar yetkazib berishi Yevropa xavfsizligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdiddir, degan Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel. U Yevropa Ittifoqining javobi tez va muvofiqlashtirilgan bo‘lishiga va’da berdi.

«Yevropa Ittifoqi bir necha bor Eronni Rossiyaga ballistik raketalar yetkazib bermaslik haqida qat’iy ogohlantirdi», — degan Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel.

Borrelning so‘zlariga ko‘ra, Eronga qarshi yangi va muhim sanksiyalar joriy etilishi mumkin. Jazo ro‘yxatiga Eronning ballistik raketa va dron dasturlari bilan aloqador shaxslar va kompaniyalar kiradi.

Avvalroq shu haftada Fransiya, Germaniya va Britaniya Tehronga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qilgan edi. Rossiyaga qurol yetkazib beruvchi kompaniyalarga, jumladan, Yevropaning qator shaharlariga parvoz qilayotgan Iran Air aviakompaniyasiga nisbatan jazo choralari joriy etildi.

Fransiya Eronning Parijdagi muvaqqat ishlar vakilini Tashqi ishlar vazirligiga chaqirib, undan Ukrainaga qarshi urushda foydalanish uchun Rossiyaga raketalar yetkazib berilgani haqidagi taxminlarga izoh berishni talab qildi.

Avvalroq AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya Erondan ballistik raketalar olganini aytgan edi.

Tehron hukumati bu ayblovlarni qat’iyan rad etdi. Eron Rossiyaga pilotsiz parvoz qurilmalarini yetkazib berganini qat’iyan tan olmasdan kelmoqda, deya qayd etadi dpa agentligi.

Trampga navbatdagi suiqasd?

AQShning sobiq prezidenti va mamlakatning oliy lavozimi uchun yana kurash olib borayotgan Donald Trampga yana bir suiqasd uyushtirildi.

15 sentabr kuni Donald Tramp Florida shtatidagi Uest Palm-bichdagi o‘z golf klubini tark etayotgan chog‘da unga yaqin joyda otishma yuz bergan .

AQSh ommaviy axborot vositalarining yozishicha, rasmiy shaxslarga ko‘ra, Trampga qurollangan shaxs hujum qilmoqchi bo‘lgan. Bir kishi ushlangan.

Trampning saylovoldi shtabi vakili Stiven Chungning ma’lum qilishicha, sobiq prezident «unga juda yaqin joyda» otishma yuz berganidan xavfsiz joyga o‘tkazilgan.

Federal tergov byurosi Trampga nisbatan «suiqasd deb atalayotgan» voqeani surishtirishini e’lon qildi.

«FTB Florida shtatidagi Uest Palm-Bichga keldi va sobiq prezident Trampga nisbatan suiqasd deb atalayotgan voqea yuzasidan surishtiruv ishlarini boshladi», — deyiladi rasmiy bayonotda.

AQSh yahudiylari Harris tomonda

AQShdagi yahudiylarning faqat to‘rtdan bir qismi bo‘lajak saylovlarda respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Trampga ovoz berishni rejalashtirmoqda. Katta ko‘pchilik demokratlar vakili Kamala Harrisni qo‘llashni maqsad qilgan.

Bu Jewish Democratic Council of America tomonidan o‘tkazilgan so‘nggi so‘rovlarning natijasi.

Ushbu so‘rovnoma amerikalik yahudiylarning 87 foizi G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish g‘oyasini ham qo‘llab-quvvatlashiga ham oydinlik kiritgan.

Amerikalik yahudiylarni ko‘proq «demokratiya kelajagi» va «abort huquqi» tashvishlantirishi ma’lum bo‘ldi. Antisemitizm muammosi 5-o‘rinni egallagan.

Ko‘plab so‘rovnomalardan ma’lum bo‘lmoqdaki, respublikachilarning 7 oktyabrdan so‘ng yahudiy saylovchilarni o‘z tomoniga og‘dirish bo‘yicha sa’y-harakatlari aytarli natijaga olib kelmagan va yahudiy elektoratni joyidan qo‘zg‘ata olmagan.

Avvalroq Donald Tramp amerikalik yahudiylar elektorati respublikachilarni yetali tarzda qo‘llab-quvvatlamayotganiga urg‘u berib, avvalgi saylovlarda ularning 25 va 26 foiz ovozlarini qo‘lga kiritganini aytib o‘tgan edi.

Mavzuga oid