Qatar universitetlari o‘zbekistonlik talabalar uchun kvota ajratishi mumkin
O‘zbekiston va Qatar ta’lim sohasidagi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda.
O‘zbekiston elchisi Ashraf Xodjayev Qatar ta’lim va oliy ta’lim vaziri Busaina bint Ali An-Nuaymiy bilan uchrashdi.
Suhbat davomida Qatar universitetlarida o‘zbekistonlik talabalar uchun kvotalar ajratish va ularning sonini ko‘paytirish, Qatar va O‘zbekiston maktab va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida almashinuv, dolzarb yo‘nalishlarda qo‘shma o‘quv dasturlari va ilmiy loyihalar, tadqiqotlar tashkil etish kabi masalalar muhokama qilindi.
Qatar vaziri, shuningdek, o‘rta maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘zaro almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish hamkorlik yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi mumkinligini bildirdi. Qayd etilishicha, Qatar Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda aprel oyida qatarlik maktab yoshidagi bolalar jamoasining Toshkent va Samarqandga sayohati uyushtirilgan. Qatar tomoni ushbu loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilganini qayd etish barobarida, uni doimiy va o‘zaro tarzda yo‘lga qo‘yish mumkinligini ma’lum qildi.
Muloqot chog‘ida hozirgi kunda dolzarb hisoblanadigan sohalarda qo‘shma ilmiy izlanishlar va tadqiqotlar o‘tkazish taklifi ham Qatar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Muzokaralar natijasida O‘zbekiston va Ko‘rfaz arab mamlakatlari rektorlari forumini o‘tkazish tashabbusini o‘rganish va ushbu sohaga oid boshqa bir qator loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muloqotni davom ettirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Mavzuga oid
21:05 / 22.12.2024
Qatar Yevropaga gaz yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qildi
18:02 / 19.12.2024
Qatarda yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol tarzda buzgan haydovchining avtomobili yo‘q qilindi
16:14 / 17.12.2024
Mirziyoyev Qatar amiri bilan strategik sheriklikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi
19:01 / 19.11.2024