20:17 / 12.05.2024
26631

Donbass-2014: urush qanday boshlangandi?

Roppa-rosa 10 yil muqaddam Ukrainaning Donetsk va Luhansk oblastlarining bir qismida «DXR va LXR mustaqilligini e’lon qilish bo‘yicha referendumlar» o‘tkazilgandi. Jarayon qonuniy kechmagan, «xalq respublikalari» mustaqilligini 2022 yilga qadar BMT a’zosi bo‘lgan biror davlat tan olmagandi. Shunga qaramay, referendumlar Ukraina sharqidagi qurolli mojaro rivojida muhim bosqich bo‘ladi. Ikki oy o‘tib DXR nazoratidagi hududdan uchirilgan raketa Malayziyaning Boeing samolyotini urib tushiradi. Keyinroq Rossiyaning keng ko‘lamli bosqiniga ulanib ketgan sakkiz yillik harbiy harakatlar davomida minglab kishilar hayotdan ko‘z yumadi. BBC Donbassdagi norozilik to‘lqinlari va harbiy qarama-qarshiliklarning ilk oylarini fotosuratlar orqali hikoya qildi.

Ukraina xavfsizlik xizmatining Luhanskdagi binosi oldidagi olomon

2014 yilda Ukraina sharqidagi regionlarda vaziyat izdan chiqadi va tartibsizliklar boshlanadi. Prezident Viktor Yanukovichning tarafdorlari yig‘iladigan «antimaydanlar» Rossiyadan kelgan odamlar va pullar bilan mustahkamlana boshlaydi. Keyinroq, «xalq inqilobi» niqobi ostida Donetsk va Luhansk oblastlarining bir qismi Kiyevdagi hokimiyatga bo‘ysunishni to‘xtatadi.

Qrim «yashil odamchalar» tomonidan anneksiya qilingach — Kreml yarimorol rossiyalik harbiylar tomonidan egallanganini darhol tan olmagan — Ukraina sharqi va janubidagi yirik shaharlarda mahalliy «antimaydanlar»dagi namoyishchilar va hukumat kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlanib ketadi.

Donetsk, Luhansk, Xarkiv va Odessani norozilik namoyishlari to‘lqini qamrab oladi. Namoyishlar tezda rus simvolikalari va rossiyaparast shiorlar bilan to‘lib ketadi. Keyinroq ushbu namoyishlar ishtirokchilari va tashkilotchilari Rossiya ularni pul va odamlar bilan qo‘llab-quvvatlaganini eslashgan.

Donetskdagi oblast prokuraturasi binosidagi olomon

Tajovuzkorlik darajasi o‘sib boradi, Qrim egallab olinishi va u yerda o‘tkazilgan «referendum»dan karaxt holatga tushgan ukrain hukumati esa ko‘p holatlarda «antimaydan»larga qarshi qurollanmagan politsiyachilar otryadlarini yuborishdan boshqa chora topa olmaydi.

Bir necha holatlarda namoyishchilar militsiya boshqarmasi (Ukraina milliy politsiyasi 2015 yilda tashkil topgan) va prokuratura binolarini vayron qiladi, hududiy ma’muriyatlar binolaridagi ukrain bayroqlarini olib tashlaydi.

7 aprel kuniga kelib faollar guruhi «Donetsk xalq respublikasi» tuzilganini e’lon qiladi. Luhanskda xuddi shunday tuzilma uch hafta o‘tganidan keyin, 27 aprel kuni e’lon qilinadi.

Slovyansk ma’muriyatidagi qurolli odamlar

Ukrainadagilar Rossiyaning  Donbassdagi agressiyasi tarixidagi muhim sanalardan biri sifatida 12 aprelni bilishadi, o‘shanda yaxshi qurollangan o‘nlab kishilar Slovyanskdagi ma’muriy binoni egallab olishgandi. Ko‘pchiligi Rossiya fuqarolari hisoblangan va bungacha ham Qrimdagi hokimiyat organlarini egallab olishda ishtirok etgan bu odamlarga Rossiya FXX (FSB)ning iste’fodagi polkovnigi Igor Strelkov (Girkin) boshchilik qiladi. Keyinroq u Slovyanskni olishda ishtirok etganini ochiqchasiga tan olgan. «Agar bizning otryad chegaradan o‘tmaganida, barchasi Xarkiv va Odessadagi kabi yakunlangan bo‘lardi. O‘nlab kishilar o‘ldirilgan, yoqib yuborilgan, hibsga olingan bo‘lardi. Va shu bilan barchasi tugardi», — degan u.

Slovyanskdagi barrikadalar

Ammo, Qrim egallanganidagi kabi, Rossiya bu safar ham bo‘layotgan voqealarni Ukrainaning ichki ishi deb atab, bu holat mahalliy aholi orasida norozilik avj olgani bilan bog‘liq ekanini ta’kidlaydi. Slovyanskda shaharga kirish va shahardan chiqishda o‘rnatilgan barrikadalarni ko‘p hollarda fuqarolik kiyimidagi odamlar qo‘riqlashgan. Ular qayerdan kelgani va chindan ham mahalliy aholi vakillari bo‘lgan-bo‘lmaganini aniqlash qiyin edi.

O‘zini o‘zi e’lon qilgan DXR rahbariyatida Igor Strelkov (chapda) va Aleksandr Boroday ham bor edi

Kiyevdagilar bir necha hafta ichida Donetsk va Luhansk oblastlarida bir qancha shaharlarning ma’muriyatlari ustidan nazoratni yo‘qotadi. Oblastlar markazlarida qo‘shhokimlik yuzaga keladi. Ammo Ukraina hukumati endi Luhansk oblastining Rossiya bilan chegara hududlarini nazorat qilmayotgandi va ushbu hudud orqali rossiyaparast guruhlarga qurollar va jangchilar yetkazib turiladi.

Ukraina harbiy texnikasi yo‘lini to‘sib chiqqan tinch aholi vakillari

Kiyevning ushbu hududlarda hokimiyatni kuch bilan o‘zgartirishga bo‘lgan urinishlari muvaffaqiyatga erishmaydi — Ukraina qurolli kuchlarining yomon qurollangan hududiy qismlari aniq buyruqlar yo‘qligidan shikoyat qilardi va ko‘p hollarda mahalliy aholi vakillaridan iborat «ayirmachilar» yoki o‘zini mahalliy aholi vakillari sifatida ko‘rsatgan rossiyalik jangchilar bilan to‘qnashuvlardan qochardi.

Donetskda Birinchi may namoyishi

May oyi boshida o‘zini o‘zi e’lon qilgan tuzilmalar ommaviy namoyishlardan «xalq respublikalari»ni qo‘llab-quvvatlashda foydalanadi. Ikki hududda ham ovoz berish jarayoniga hozirlik ko‘rilayotgandi: Donetsk xalq respublikasi tuzilgani e’lon qilinganida hududning o‘z taqdirini belgilash bo‘yicha referendum o‘tkazilishi ham ma’lum qilingandi. Aprel oyi oxirida LXR rasmiylari ham xuddi shu kabi saylovlarga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma’lum qiladi.

Saylov qutisida simvolika o‘zgartirilishi

Qrimdagi ovoz berish jarayonida bo‘lgani kabi bu hududlardagi «referendumlar» ham xalqaro standartlarga mutlaqo javob bermasdi: tabiiyki, Ukraina hukumati bilan plebissit (o‘tma muhim masalani hal qilishni umumxalq ovoziga qo‘yish) bo‘yicha hech qanday kelishuv yo‘q edi, «respublikaning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi» muxoliflari tashviqot olib borishi uchun teng imkoniyatlar taqdim etilmagan, ovoz berish jarayoni xavfsizligi ta’minlanmagandi: allaqachon qonlar to‘kilgan regionni aholi tark etishni boshlagandi. «Referendum» tashkilotchilarida saylovchilar haqidagi dolzarb ma’lumotlar ham yo‘q edi.

DXRdagi qurolli tuzilmalardan birining jangchisi egallab olingan Kramatorskdagi saylov uchastkasida

Lekin bularning hech biri to‘sqinlik qila olmaydi: 11 may kuni o‘zini Donetsk xalq respublikasi va Luhansk xalq respublikasi deb e’lon qilgan hududlarda ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tadi, unda ishtirok etganlar soni ham, ovozlarni hisoblash jarayoni qanday kechgani ham mavhumligicha qoladi. Uning natijalari Qrimdagi «referendum» yakunlariga o‘xshash edi: tashkilotchilar DXRda ovoz berganlarning 89 foizi, LXRda esa 96 foizi «davlat mustaqilligi» aktini qo‘llaganini e’lon qilishadi.

Vayrona Donetsk aeroporti 2012 yilgi futbol bo‘yicha Yevropa chempionatidan oldin qayta qurilgandi

6 may kuni DXRdagi ayirmachilar Donetskdagi Prokofev nomidagi xalqaro aeroportni egallash uchun birinchi urinishini amalga oshiradi. Aeroportga hujum Ukraina sharqidagi janglarda Rossiyadan kelgan harbiylarning katta guruhi ishtirokidagi ilk oshkora holat bo‘lib, halokatli yakun topadi.

Aeroportning o‘zida va undan shaharga qaytish yo‘lida o‘nlab kishilar Rossiyaning «Vostok» batalyoni jangchilarining «do‘stona» zarbalaridan halok bo‘ladi — ular o‘z jangchilarini ukrain bo‘linmalari jangchilari bilan adashtirib yuborgandi.

Aeroport uchun janglar sakkiz oy davom etadi va 2015 yil yanvarida Ukraina hukumati endilikda aeroportga borish yo‘llarini ham nazorat qilmayotganini tan oladi. U butkul vayron bo‘lgandi.

Ukraina qurolli kuchlarining yonib ketgan zirhli transportyori

2014 yil may oyi oxirida tan olinmagan «xalq respublikalari» Azov dengizi sohilidan Slovyansk va Kramatorskka hamda Luhanks oblastida Rossiya bilan chegaradan Donetsk shahrining g‘arbiy chekkalarigacha bo‘lgan hududlarni nazorat qilardi. Bu fonda Ukrainaning qolgan qismida prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tib, unda Petro Poroshenko g‘olib chiqadi.

Slovyanskdagi barrikadalar

Iyun oyi boshlaridan Ukraina hukumati isyonkor hududlar bilan to‘qnashuv chizig‘idagi kuchlarini ko‘paytirishga kirishadi. Tan olinmagan respublikalar bilan muzokaralar natijasiz tugaydi va 1 iyulda, Kiyev tomonidan e’lon qilingan sulh muddati yakunlangach, Ukraina qurolli kuchlari Donbassning Ukraina nazorat qilmayotgan shaharlarini o‘qqa tuta boshlaydi.

Slovyanskdagi yo‘lda portlatilgan temiryo‘l ko‘prigi

Iyul oyi boshida, Rossiyadan qurol va texnikalar yuborib turilganiga qaramay, artilleriya zarbalari va havo zarbalari oqibatida «Donbass ayirmachilari» egallab olgan hududlarini boy bera boshlaydi.

Ukraina qo‘shinining Donetskka yurishini sekinlashtirishga harakat qilib ayirmachilar ko‘priklarni portlatadi hamda dalalar va yo‘llarni minalashtiradi.

6 iyul kuni rossiyaparast kuchlar Slovyanskni tashlab chiqadi, shaharga Ukraina qurolli kuchlari otryadlari kirib keladi

Bu vaqtga kelib «DXR mudofaa vaziri» bo‘lib olgan Igor Strelkov tan olinmagan respublika qurshov xavfi ostida qolganini aytib, Slovyanskdan Donetskka qaytadi.

«Malayziya aviayo‘llari»ning urib tushirilgan MN17 reysidagi samolyoti dvigatellaridan biri

2014 yil 17 iyulda Grabovo qishlog‘i yaqinida yo‘lovchi avialayner parchalari hamda 298 kishining jasadlari qulaydi — ular «Malayziya aviayo‘llari»ning Amsterdamdan Kuala-Lumpurga parvoz qilgan MN17 reysi yo‘lovchilari va ekipaj a’zolari edi.

DXR harbiylarining Strelkov hamda Rossiyadan bo‘lgan qandaydir kurator bilan tinglangan telefon muloqotlari ko‘rsatadiki, ilk daqiqalarda ayirmachilar ukrainlarning harbiy samolyotiga zarba berilganiga amin bo‘lishgan. Mustaqil tadqiqotlar «Boing»ga bir necha soat oldin Rossiyadan yetkazib berilgan «Buk» havo hujumidan mudofaa tizimi orqali zarba yo‘llanganini aniqlagan.

MN17 halokati dunyoda fuqarolik avialayneri harbiy vosita orqali yo‘q qilinishi bilan bog‘liq eng yirik hodisaga aylanadi.

Urib tushirilgan avialayner parchalari ustidagi gullar

Rossiya ushbu halokatga aloqadorligini rad etgan va hozirga qadar tan olmaydi. Bir necha yillik tekshiruvlardan keyin Niderlandiyadagi sud «Boing»ga kelib tekkan raketa DXR hududidan, bazasi Kurskda bo‘lgan 53-zenit raketa brigadasiga tegishli «Buk»dan uchirilganini, u halokat kuni raketa uchirilgan joyga olib kelingani va keyingi kun tongda u yerdan olib ketilganini tasdiqlaydi.

2022 yil noyabrda Niderlandiyadagi sud Igor Strelkov, shuningdek Sergey Dubinskiy va Leonid Xarchenkoni fuqarolik avialayneriga hujum qilish va bortda bo‘lgan barchani o‘ldirishda ayblab, sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qiladi. Rossiya bosh razvedka boshqarmasi (GRU) sobiq xodimi bo‘lgan Dubinskiy 2014 yilda DXR razvedkasi rahbari bo‘lgan, Ukraina fuqarosi Xarchenko esa uning qo‘lida ishlagan.

Ukraina zirhli texnikalari Debalsevo chekkalarida, Donetsk oblasti

Iyul oyi davomida va avgust oyi boshida ukrain armiyasi DXR va LXR kuchlarini chekintirishda davom etib, Donetsk shahriga shimol va g‘arbdan yaqinlashib keladi. Avgust oyi boshiga kelib rossiyaparast kuchlar nazorat qilayotgan hududlar qurolli qarama-qarshilik boshlangan aprel–may oylari bilan solishtirganda to‘rt barobarga qisqarib ketadi.

Rossiya harbiy texnikasi Kamensk-Shaxtinskiy shossesida, Rostov oblasti

Donbassdagi ayirmachi kuchlar batamom tor-mor etilishidan xavfsiragan Moskva muntazam armiya qismlarini yordamga yuboradi. Natijada ukrain armiyasining katta otryadi Donetskdan janubi-sharqdagi Ilovayskda qurshovga tushib qolib, yakson etiladi.

Bu mag‘lubiyat ukrain hukumatini DXR va LXR bilan muzokaralar boshlashga majbur etadi, muzokaralar Minskda tinchlik kelishuvlari tuzilishi bilan yakunlanadi. Ukrainadagi mojaro so‘na boshlaydi. Rossiya ayirmachi tuzilmalarni qurol va jangchilar bilan ta’minlab turganini rad etgan holda vositachi rolida qolishga muvaffaq bo‘ladi.

Drujkovka, Donetsk oblasti, 2014 yil avgust

O‘shanda hech kim, jumladan Donetsk oblastidagi Drujkovka posyolkasi aholisi ham bu joy sakkiz yil davomida hech kim tan olmagan «respublika» va Ukraina o‘rtasidagi to‘qnashuv chizig‘ida qolishini bilmas edi. Hozirda Drujkovka Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinning uchinchi yilida Ukraina qurolli kuchlari pozitsiyalariga hujum qilayotgan Rossiya armiyasi tomonidan tinimsiz ravishda o‘qqa tutilmoqda.

Drujkovka, 2022 yil avgust. Rossiya raketasi vayron qilgan maktab

BMT baholariga ko‘ra, 2014 yil bahoridan 2021 yil oxiriga qadar Ukraina sharqidagi urush 13 200-13 400 kishi hayotiga zomin bo‘lgan. Ular orasida — 4 200 nafari ukrain harbiylari, 5 800 nafari DXR, LXR va RF qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari, 3 390 nafari esa mojaroning ikki tomonidagi tinch aholi vakillari bo‘lishgan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top