Jamiyat | 11:24 / 19.05.2024
3677
1 daqiqa o‘qiladi

Telegram orqali soxta havola jo‘natib, o‘zganing 30 mln so‘m pulini o‘zlashtirgan shaxs ushlandi

Holat yuzasidan gumondorga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi "b" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

IIV Kiberxavfsizlik markazining xabar berishicha, Toshkentda yashovchi ayol N.D. IIBga murojaat qilib, bank kartasidan 30 mln so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari noma’lum shaxs tomonidan o‘zlashtirilganini ma’lum qilgan.

Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Toshkent viloyatida yashovchi T.A. sodir etgani aniqlangan.

Gumonlanuvchi T.A. internet foydalanuvchilariga Telegram orqali turli xil mazmunidagi xabarni (havola) jo‘natib, bu e’longa ishongan N.D.ning bank karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan. So‘ng unda saqlangan 30 mln so‘m pullarni o‘zlashtirib, o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan T.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi "b" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid