12:02 / 21.05.2024
4503

Rossiya kompaniyasi Navoiyda kaliy nitrat va kaliy sulfat ishlab chiqarishi mumkin

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Rossiyada bo‘lib, qator yirik kompaniyalar rahbarlari bilan muzokaralar olib bordi. Uchrashuvlarda bir nechta investitsiya kelishuvlariga erishilgan.

Foto: Navoiy viloyati hokimligi

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Rossiyada yirik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xususan, delegatsiya Rossiyaning “1520”, “Profayn”, “Russkiy Lyon” hamda “Prirodnyy kamen” kompaniyalari ta’sischi va direktorlari bilan uchrashuvlar tashkil etgan. Uchrashuvlar davomida viloyatda temiryo‘l uchun zarur bo‘ladigan butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, “Navoiy” EIZ hududida qiymati 5 mln dollarlik eshik va derazalar ishlab chiqarishni tashkil etish, zig‘ir poyasi va paxta tolalari aralashmalaridan ip kalavadan boshlab tayyor mahsulotgacha ishlab chiqarish loyihalari bo‘yicha muzokaralar olib borilgan. Shuningdek, Navoiy viloyatidan Rossiyaga tabiiy pardozbop toshlarni eksport qilish muhokama qilingan.

Bundan tashqari, Normat Tursunov “Uralxim” kompaniyasi direktori o‘rinbosari Andrey Gutorov bilan uchrashgan. Unda mazkur kompaniya bilan Navoiy viloyatida kaliy nitrat va kaliy sulfat ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqilgan.

Qayd etilishicha, tashrifning ilk kunida 40 mln AQSh dollarilik investitsiya kelishuvlariga erishilgan. 

Mavzuga oid
Top