17:41 / 22.05.2024
3914

Birinchi chorakda davlat kafolati ostida olingan xorijiy kreditlar miqdori 2,7 barobarga oshdi

2024 yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekiston kafolati ostida olingan xorijiy kreditlar miqdori 5,2 trln so‘mni tashkil etdi. Bu – 2023 yilning mos davriga nisbatan 2,7 barobarga ko‘p. Birinchi chorakda davlat budjeti taqchilligi qariyb 20 trln so‘mga yetgandi.

Foto: AP

2024 yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekiston Respublikasining kafolati ostida olingan xorijiy kreditlar miqdori 5,2 trln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2023 yilning mos davriga nisbatan 2,7 barobarga ko‘p. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi

Agentlikka ko‘ra, davlat kafolati ostidagi xorijiy kreditlarning investitsiyalar umumiy hajmidagi ulushi 1,2 foiz punktga oshib, 4,8 foizni tashkil etgan.

Ma’lumot uchun, joriy yil yanvar oyida davlat budjeti taqchilligi 5,7 trln so‘mni, fevralda 7,2 trln so‘mni, martda 6,8 trln so‘mni tashkil etib, umumiy choraklik defitsit esa 19 trln 884,8 mlrd so‘m bo‘lgan.

Avvalroq, Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan “2024 yilning I choragi uchun pul-kredit siyosati sharhi”da asosiy kapitalga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmining yuqori o‘sish sur’atlari kuzatilib, uning YaIMdagi ulushi 44 foizni tashkil etgani (o‘tgan yillarda o‘rtacha ko‘rsatkich 30 foizga yaqin bo‘lgan) keltirib o‘tilgandi.

Shuningdek, Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov 2024 yil o‘rtalariga borib jahonda qarz olish stavkalarining pasayishi va shuning hisobiga davlat kafolatisiz tashqi qarz jalb qilish kengayishi kutilayotganini aytib o‘tgandi.

Eslatib o‘tamiz, 17 may kuni O‘zbekiston hukumati navbatdagi suveren xalqaro obligatsiyalarini chiqardi. Uchta valutadagi yangi obligatsiyalarning umumiy qiymati 1,5 mlrd dollarni tashkil etadi.

Top