O‘zbekiston | 16:17 / 24.05.2024
12888
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident maktablariga qabul qachonligi aniq bo‘ldi

Prezident maktablariga 4-sinfni tugatgan o‘quvchilar hujjat topshira oladi. Har bir o‘quvchi faqat o‘z hududidagi prezident maktabiga hujjat topshirish imkoniga ega. 

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligining ma’lumot berishicha, pezident maktablariga qabul 1 iyundan 20 iyunga qadar onlayn shaklda ariza.piima.uz sayti orqali amalga oshiriladi.

Prezident maktabiga hujjat topshirish uchun talabgor 4-sinfni tugatgan bo‘lishi kerak, o‘quvchilar 5-sinfga qabul qilinadi. Hujjat topshirish uchun talabgorning:

  • tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi;
  • fotosurati (oxirgi 2 oyda olingan); ota-onasi yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxsning pasport ma’lumotlari va telefon raqamlari (doimiy ishlab turgan telefon raqamlari) aniq va bexato kiritilishi lozim;
  • baholar tabeli nusxasi (direktor tomonidan tasdiqlangan) kerak bo‘ladi.

Umumta’lim muassasalarining 4-sinfini tamomlagan o‘quvchilar prezident maktablarining 5-sinfiga belgilangan yillik qabul kvotasi doirasida ikkita sinfga 12 nafardan (jami 24 nafar) qabul qilinadi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, o‘quvchilar faqat ta’lim olayotgan hududdagi Prezident maktabiga hujjat topshirishi mumkin.

Misol uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi maktab o‘quvchilari faqat Nukus shahridagi Prezident maktabiga, Andijon viloyatidagi maktab o‘quvchilari esa faqat Andijon shahridagi Prezident maktabiga hujjat topshirishlari mumkin.

“Maktabda o‘qish uchun talabgorning matematika va tabiatshunoslik fanlaridan 4-sinfdagi yillik bahosi 5 (a’lo) bo‘lishi kerak. Boshqa fanlarga nisbatan ushbu mezon tatbiq etilmaydi. Baholar tabelining nusxasi maktab direktori tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi shart”, deyiladi agentlik xabarida.

Mavzuga oid