22:10 / 27.05.2024
5637

27 mayning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar

Vladimir Putinning O‘zbekistonga tashrifi, O‘zbekistonda atom energetikasi istiqbollari va ijtimoiy himoya uchun 100 mln dollar - O‘zbekistonda 27 may kuni yuz bergan muhim va shov-shuvli voqea-hodisalar hamda yangiliklar sharhi bilan tanishtiramiz.

Vladimir Putinning O‘zbekistonga tashrifi

Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin ikki kunlik davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi. Toshkent xalqaro aeroportida mehmonni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. O‘zbekistonga tashrif — beshinchi muddatga saylangan Vladimir Putinning Xitoy va Belarusdan keyingi uchinchi xorijiy safari bo‘lmoqda.

Vladimir Putin Toshkent shahriga kelgach, Shavkat Mirziyoyev hamrohligida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurdi.

Bugun Ko‘ksaroy qarorgohida Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Qarorgoh oldidagi maydonda ikki mamlakat davlat bayroqlari ko‘tarildi va faxriy qorovul saf tortdi.

Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putinning tor doiradagi uchrashuvi ham bo‘lib o‘tdi. Ikki davlat yetakchilari energetika, shu jumladan atom energetikasi, qishloq xo‘jaligi, innovatsiyalar, migratsiya, xavfsizlik va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Avvalroq oliy darajadagi muzokaralar davomida rahbarlar O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqilishi xabar qilingan edi.

Qayd etib o‘tish kerakki, O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarida so‘nggi 7 yilda o‘zaro savdo hajmi 2 barobarga ko‘paydi.

Ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2017 yildagi 4,73 milliard dollardan 2023 yilda 9,88 milliard dollargacha oshdi.

Rossiya O‘zbekiston uchun eng katta eksport bozori bo‘lib qolmoqda. Joriy yilning dastlabki 4 oyida bu mamlakatga eksport hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 26 foizga oshib, 1 mlrd dollarga yetdi.

Vladimir Putinning O‘zbekistonga tashrifi doirasida Checheniston rahbari Ramzon Qodirov ham O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan keldi. U ikki davlat rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan Rossiya va O‘zbekiston mintaqalararo kengashi yig‘ilishida qatnashadi.

Checheniston Respublikasi rahbarini O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov samimiy va mehmondo‘stlik bilan kutib olgani xabar qilindi.

 

O‘zbekistonda atom energetikasi istiqbollari

O‘zbekiston va Rossiya 2,4 GW quvvatli yirik atom elektr stansiyasi qurilishi bilan birga, har birining quvvati 55 MWgacha bo‘lgan 6 ta reaktordan iborat kichik AESlar qurilishi bo‘yicha ham hamkorlik qilishi mumkin.

Rossiya hukumati tomonidan 22 may kuni qabul qilingan va bugun e’lon qilingan farmoyishidaga ko‘ra, “Rosatom” korporatsiyasi O‘zbekiston tomoni bilan muzokaralar olib borishi, kelishuvga erishilgandan keyin 2018 yil 19 oktyabrdagi AES qurishda hamkorlik qilish to‘g‘risida rasmiy Toshkent va Moskva o‘rtasida imzolangan hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish haqida protokol imzolashi kerak.

Bayonnoma loyihasida keltirilishicha, tomonlar O‘zbekistonda har biri 1,2 GW quvvatli ikkita energoblokka ega yirik AESni qurish bilan birga, Rossiya loyihasi asosidagi har birining quvvati 55 MWʼgacha bo‘lgan 6 ta energetika reaktoridan iborat AES qurilishi bo‘yicha hamkorlik qilishi mo‘ljallangan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta “O‘zatom” agentligi Energetika vazirligi bo‘ysunuvidan chiqarilib, Vazirlar Mahkamasi huzuriga o‘tkazilgan edi. Agentlikka korxonalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish, tadbirkorlik sub’yektlarini tashkil etish, iqtisodiyotdagi loyihalarni moliyalashtirish huquqi berildi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzurida Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi ham tashkil etildi.

 

Ijtimoiy himoya uchun 100 mln dollar

Jahon banki O‘zbekistonda «Inson» loyihasi uchun 100 mln dollar miqdorida imtiyozli mablag‘ ajratdi. Loyiha 50 mingdan ortiq aholiga sifatli ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlaridan foydalanish imkonini beradi.

Loyihaning maqsadi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga mansub odamlar uchun ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini va ularning sifatini yaxshilashdan iborat.

Loyiha qo‘shimcha ravishda Jahon banki qoshidagi «Erta yoshdagi ta’lim uchun hamkorlik» ko‘p tomonlama donorlik trast jamg‘armasi tomonidan taqdim etilgan 2 million dollarlik grant vositasida moliyalashtiriladi.

Ushbu mablag‘lar mahallalar darajasida ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlarning O‘zbekistondagi ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar farovonligiga ta’sirini baholash va ularning sifatini oshirish uchun yo‘naltiriladi.

Mamlakat bo‘ylab mahallalar darajasida faoliyat yuritadigan 50 dan ortiq ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish markazlari tashkil etiladi. Ularning xizmatlari aholining ijtimoiy himoyaga eng muhtoj qatlamlariga qaratilgan bo‘ladi. 

Ob-havo ma’lumoti

“O‘zgidromet” O‘zbekistonda hafta davomida qanday ob-havo bo‘lishini ma’lum qildi.

O‘tgan hafta yog‘ib o‘tgan yomg‘irlar va havoning salqinlashishidan so‘ng ushbu hafta davomida quruq va asosan kam bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda.

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, faqat respublikaning ayrim tog‘li hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati +23…+28 darajadan +28…+33 darajagacha asta-sekin ko‘tariladi.

Ish haftasining oxiriga kelib shimolda, janubda va cho‘l hududlarda harorat +35…+37 darajagacha isiydi.

27−29 may kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15−20 metr/sekundgacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin. 

Top